Samarqand sayqali
Jannatmakon yurtimizda muqaddas qadamjolar, sayyohlik hududlari, yam-yashil bog‘lar, muhtasham binolar juda ko‘p. Ayniqsa, ro‘yi zamin sayqali qadim Samarqand shahrining tarix va zamonaviylik uyg‘unlashgan bugungi ko‘rki minglab vatandoshlarimizni, xorijlik sayyohlarni o‘ziga ohangrabodek tortadi.
“Boqiy shahar” degan nom bilan Sharq gavhariga, jahon ahli albatta kelib ko‘rishi shart bo‘lgan 50 ta shaharning biriga aylangan shu zaminda Samarqand City ham bunyod etildi. Bu esa qadimiy va navqiron Samarqandga zamonaviy qiyofa baxsh etdi.
Amir Temur va Firdavsiy ko‘chalari oralig‘ida bunyod qilingan Samarqand Citydagi “Ipak yo‘li” mehmonxona majmuasi juda katta maydonni egallagan. Bu yerda 450 o‘rinli mehmonxona va 220 xonadan iborat turar-joy qurilishi davom etmoqda. Majmuada savdo va ko‘ngilochar muassasalar, amfiteatr, bouling klublar, karaoke-barlar, kafe va restoranlar joy olgan. Ushbu hudud yiliga 2 million sayohatchiga xizmat ko‘rsatishga tayyor.
Markazga kiraverishda Silk Road Monument qad rostlagan. Ichkarida esa Congress Center, Boqiy shahar majmuasi, Amfiteatr hamda alloma bobolarimiz nomlari bilan atalgan 8 ta mehmonxona mavjud. Congress Centerning atrofidagi ajoyib bog‘da Xitoy, Turkiya, Tojikiston, Ozarbayjon va boshqa ko‘plab mamlakatlar prezidentlari ekkan daraxtlar qulf urib o‘smoqda. Ushbu maskanni to‘rt tomonidan kanal o‘rab olgan. Kanalda esa qayiqlar xizmatingizga shay. Shuningdek, O‘zbekistondagi eng ajoyib musiqali favvora ham shu yerda. Sayyohlar sho‘x sadolar ohangiga mos raqs tushayotgan billur tomchilardan ko‘z uzolmaydi. Yevropa va Xitoy uslubidagi ko‘chalar, turar-joy binolarida esa qurilish ishlari qizg‘in.
Obod shaharda ko‘zni quvontiradigan zamonaviy binolar, modernizatsiyalashgan zonalar ko‘payishi har birimizni quvontiradi. Ayniqsa, unda sharqona qiyofamiz, boy tariximiz, texnologik yutuqlarimiz aks etsa, O‘zbekiston atalmish afsonaviy diyor ilm-fan va rivojlanish markazi ekanligini olamga targ‘ib qilamiz!
Azim AXTAMOV