Tabiat tabib ekan…
Men tabiat qo‘ynida rasm chizishni yoqtiraman. Ayniqsa, bahorda dala-qirlarda yashnagan ko‘m-ko‘k maysalarni aytmaysizmi...
Birsam, maysalar shitir-shitir qildi. Qarab tursam, bir mushuk bazo‘r sudralganicha maysalarni saralab-saralab, hidlab yeyapti. “Axir, mushuklar go‘shtxo‘r hayvon-ku”, deb hayron bo‘ldim. “Balki, qorni ochib, majburligidan yeyayotganmikan”, deb o‘ylab, xaltamdan bir burda non olib oldiga tashladim. Mushuk nonga qayrilib ham qaramadi. Maysalar oralab, yo‘lida davom etdi. Uni veterinarga olib borishim kerakmidi”, deb xayol qildim mushukka achinib. Oradan ikki haftacha vaqt o‘tdi.
Ijod qilish uchun yana o‘sha o‘tloqqa bordim. Ne ko‘z bilan ko‘ray-ki, o‘sha mushuk maysalar ustida kapalak quvlab yuribdi. Qanday mo‘jiza! Nahotki mushuk dardiga davoni tabiatdan izlab topgan bo‘lsa?! Shu voqeadan so‘ng, tabiat haqiqiy tabib ekanligiga amin bo‘ldim.
Dilnura Quronboyeva,
Xorazm viloyati Gurlan tumani 42-AFCHO‘I maktab, 6-sinf o‘quvchisi