Samo bilan sirlashmoq uchun
Chingiz Aytmatovning otasi “Xalq dushmani” degan tuhmat bilan hibsga olingach, bo‘lajak daho yozuvchini yolg‘iz onasi voyaga yetkazgan.
Hamid Olimjon esa onasi Komila aya aytib bergan dostonlar, xalq qo‘shiqlari ta’sirida ulg‘ayib, shoir bo‘lgan.
Shubhasiz, sizning qo‘lingizga ham daftar-qalamni onangiz tutgan. Maktab uy vazifalarini bajarishingizda ham onangiz ko‘makchi bo‘lgani aniq. Ko‘ryapsizmi, onalarning zimmasida kelajak avlodni tarbiyalovchi, farzandlar bilimi, baxtli kelajagi uchun javobgar inson sifatida qanchalik katta mas’uliyat bor. Shunday ekan, bo‘lajak ona sifatida qizlar juda ham bilimli, dono bo‘lishlari kerak. Buni vaqtida anglagan tengdoshlaringiz allaqachon o‘z sohalarini, o‘z yo‘llarini tanlab, maqsadlari sari olg‘a bormoqda. Ulardan biri men juda yaxshi taniydigan Oishabonu Xudoyberdiyeva.
BIRINCHI POGʻONA
Namanganda tug‘ilganman. 8-sinfgacha Namangan shahridagi 10-maktabda o‘qidim. Keyin Toshkentda Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashgan maktab ochilganini eshitib, hujjatlarimni topshirdim. Bu yil shu maktabning 10-sinfini tamomladim.
Hech qachon Al-Xorazmiy maktabiga qabul qilinishim, tahsil olayotganim – orzularim ro‘yobi, deya maqtanmaganman. Aksincha, bu maktab men ko‘tarilmoqchi bo‘lgan pillapoyaning eng birinchi pog‘onasi desam, tog‘ri bo‘ladi. Aslida, inson nimadirga erishganida undan quvonib, maqtanishi emas, balki, o‘z oldiga yangi maqsadlar qo‘yishi kerak. Maktabimizda darslar juda yaxshi tashkil etilgan. Menimcha, avvalo, o‘quvchining o‘zida g‘ayrat, qiziqish bo‘lishi kerak. Shundagina u yaxshi natijalarga erishadi. Al-Xorazmiy maktabiga o‘qishga kelganimdan beri doim baholarim a’lo.
MENI YULDUZLAR CHORLARDI
Yozda kechasi hovlidagi so‘rida uxlardik. Qishlog‘imizning cheksiz osmoni yulduzlarga to‘la edi. Men osmondan ko‘z uzmay ularni tomosha qilardim, ular jimirlab, menga nimadir demoqchiday tuyilaverardi. Yulduzlarni tushunishga, ular bilan suhbatlashishga harakat qilib, uxlab qolardim. Bu har kecha takrorlanar, ular nima demoqchiligini bilolmaganimdan kunduz ham yulduzlar haqida xayol surardim. O‘sha paytda ularni tushunish men kabi jajji qizcha uchun ushalmas, juda ulkan orzu edi. Ammo, hamon o‘sha jimirlagan yulduzlar, o‘zidan iz qoldirib uchgan turli osmon jismlarining samodagi jozibasini unutganim yo‘q.
ULARNING TILINI TOPDIM
Bir kuni onam menga ruscha ensiklopediya sovg‘a qildilar. Bu ensiklopediyaning birinchi sahifasi astronomiya, umuman, osmon ilmi atamalari bilan boshlanar edi. O‘shanda astronom bo‘lsam, “sirli dugonalarim”ning tilini tushunishim, ular bilan suhbat qurishim mumkinligini angladim. Shundan beri astronom bo‘lgim keladi. Buning uchun tinimsiz harakat qilyapman. Astronomiyaga aloqador nimaiki topsam, o‘qib-o‘rganaman.
METAFIZIKA FIZIKA BOʻLIMI EMAS
Ota-onam bizning o‘qimishli bo‘lishimizni juda istaydilar. Boshlang‘ich sinfdaligimizda men va singlimga turli badiiy kitoblar olib berar, darslarimizni nazorat qilardilar. Biz ham onamning ko‘zlariga yaxshi ko‘rinish, sovg‘alar olish uchun kim o‘zarga kitob o‘qirdik. Shu tariqa bu shartli refleksga aylanib qolgan bo‘lsa ajabmas. Ya’ni, bir kitob o‘qib tugatilsa, albatta, boshqasi boshlanadi. Avvaliga badiiy kitoblarga qiziqishim kam bo‘lgan. Men turli ensiklopediyalar, falsafiy, ilmiy kitoblar o‘qishni yaxshi ko‘rardim. Badiiy kitoblardan esa faqat klassik asarlarni saralab o‘qiyman (Menimcha, bunga ham onam sovg‘a qilgan ilk kitob sabab bo‘lsa kerak). Eng sevgan yozuvchilarim – Alber Kamyu, Frans Kafka, Dostoyevskiylar. Ularni o‘qish, tabiiyki, falsafani o‘rganishimga turtki bo‘ldi. Falsafani o‘qirkanman, metafizika bo‘limiga qiziqib qoldim. Ko‘pchilik metafizikani fizika fanining bo‘limi deb o‘ylaydi. Aslida unday emas, metafizika – falsafaning bir bo‘limi. Bilasizmi, qadimda fizika va falsafa umumiy fan bo‘lib, keyinchalik fizika tabiiy fan sifatida falsafadan ajralib chiqqan.
CHET EL UNIVERSITETLARIDA OʻQIYMAN
Xullas, men bir sohaga qiziqsam, maktab darsligidan o‘rganish bilan cheklangim kelmaydi, o‘quv kurslarga qatnash esa biroz noqulay (bir vaqtning o‘zida bir nechta kursga qatnash juda ham qiyin-da). Shuning uchun fizika, biologiya va falsafa tog‘risidagi kitoblarni mustaqil o‘qiyman. Men kelajakda ustasi bo‘lishni istagan asosiy soha esa – astrofizika. Ayni shu yo‘nalish bo‘yicha chet elda o‘qish niyatidaman. Keyin, albatta, O‘zbekistonga qaytib, mamlakatimizda astronomiya, astrofizika sohalarini rivojlantirishga hissa qo‘shaman. Bizning yurtdan ham Ulug‘bek bobomizni ruhini shod etuvchi mashhur astronomlar, astrofiziklar chiqadi. Hali dunyo olimlari tasavvur qilmagan tajribalarni amalga oshiramiz. Men bunga ishonaman, siz ham ishonavering.
Chet elda o‘qish uchun chet tillarini a’lo darajada bilish kerak. Shu sabab men ingliz tilini o‘rganyapman. Yaqinda DET(Duolingo English Test) sertifikatini olish uchun imtihon topshiraman. DET bu – ingliz tilidan chet tili(ikkinchi til) sifatida foydalanuvchilar uchun standartlashtirilgan test tizimi. Ko‘pchilik universitetlar, jumladan men topshirmoqchi bo‘lgan Yale University (AQSH) ham ushbu test tizimini qo‘llaydi. Bu sertifikatga ega bo‘lish xalqaro universitetlarga kirishni istagan yoshlarga katta imtiyoz beradi. Hozir yuqori natijalar umidida tayyorgarlik ko‘ryapman. Ingliz tilidagi kitoblarni bemalol o‘qiy olganim uchun yuqorida aytgan fanlarim (biologiya, falsafa, fizika) bo‘yicha kitoblarni, yana A.Kamyu, F.Kafka va Dostoyevskiy asarlarini ingliz tilida o‘qib chiqqanman.
QIZLAR OʻQIMAY QOʻYSA…
Menimcha, qizlar juda bilimli bo‘lishi kerak. Har bir qiz hech bo‘lmaganda maktab fanlarini “a’lo”ga bilishi zarur. Bu uning yolg‘iz o‘zi uchun emas, balki, bo‘lg‘usi oilasi – farzandlari, nevaralari uchun ham katta ahamiyatga ega. Tasavvur qilib ko‘ring, hech narsani bilmaydigan savodsiz qiz, tabiiyki, hech qayerda ishlay olmaydi. O‘z huquqlari, shu bilan birga, majburiyatlaridan xabari bo‘lmaydi. Ba’zilar “Qiz bola uyda o‘tirib uy ishlari bilan mashg‘ul bo‘lsa bas”, deyishadi. Oilada bolalar ilk ta’limini onasidan o‘rganishi kerak. Xuddi onamiz bizga o‘rgatgani kabi biz ham kelajakda bolalarimizga o‘rnak bo‘lamiz.
Hamma dugonalarimni a’lo bahoga o‘qishga, o‘zi qiziqadigan biror sohani hozirdan chuqur o‘rganishga va hech kim bezovta qilmaydigan, chalg‘itmaydigan maktab yillari, bolalik, yoshlik chog‘larini behuda o‘tkazmaslikka chaqiraman. Bir narsani juda ko‘p o‘ylayman, agar bugun qizlar o‘qimay qo‘ysa, bizdan keyingi avlod bilimsiz, savodsiz bo‘ladi. Vatanimizda ilm-fan, san’at, madaniyat rivojlanmay qo‘yadi. Shunday ekan, biz qizlar nafaqat o‘zimiz uchun, balki kelajakdagi farzandlarimiz, oilamiz, millatimiz uchun ham yaxshi o‘qishimiz kerak!
Muhammadali PO‘LATOV tayyorladi