Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Vatan sari bir qadam

“Bolaligimda dadam yangi yil arafasi Germaniyaga xizmat safariga borar, har gal bir chemodan shokolad olib kelardi. O‘shanda Germaniyanikidek shokolad boshqa joyda bo‘lmasa kerak, deb o‘ylardim. Shu bois, bu davlat bola ko‘nglimda g‘oyat shirin shokoladlar vatani sifatida taassurot qoldirgan. O‘quvchiligimda esa uning eng rivojlangan davlatlardan biri ekanini bilgach, dadam bilan yanada g‘ururlanganman. Taqdir taqozosi bilan Germaniyada yashayotganimizga ham 8 yil bo‘ldi”.

Har qanday inson uchun tug‘ilgan zaminidan yiroqda yashash, yot elda vatanining bir parchasini yaratib olish oson emasligini xorijdagi vatandoshimiz, ayni paytda Berlindagi Soliq maslahatchisi va auditori idorasi iqtisodchi-buxgalteri Sitora Usmonova chuqur his qiladi. Zero, u yevropacha va o‘zbekona dunyoqarash o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor, deydiganlar sirasidan. Yosh bo‘lsa-da, o‘zbek oilalarining o‘ziga xosligini ko‘rsatishga intilib yashayotgan qibraylik o‘zbek qizi bilan suhbatimiz asosan milliylik, kitoblar va qadriyatlar doirasida kechdi.

BIZ UCHUN BOLANING BEGONASI BOʻLMAYDI

 Bolaligimdan kitobga mehrim bo‘lakcha. Har safar O‘zbekistonga borganimda do‘konlarni birma-bir aylanib, o‘zbek milliy bolalar adabiyotlari bilan tanishaman. Turfa kitoblar olib kelaman. Farzandim bilan, asosan, o‘zbek tilida mutolaa qilishga intilamiz.

Germaniya bog‘chalarida esa bolalarga yoshi darajasidagi kitob o‘qib beriladi, ota-onalar ham buni qo‘llab-quvvatlaydi. Yangi kitoblar sovg‘a qilib turamiz. Har bir bola o‘z kitobini yasashi ham mumkin. Bolalar kitobni sevishni ota-onadan o‘rganishsa, uni o‘qib-tushunishni bog‘cha va maktabdan boshlashadi. Ularning televizor, telefon, umuman, elektron qurilmalardan foydalanishiga maktab yoshiga yetgunicha deyarli ruxsat berilmaydi.

Xoh metroda yuring, xoh avtobusda, odamlar qo‘lida kitob ko‘rasiz. Hatto, telefonlarida ham elektron kitoblarni o‘qib ketishadi. O‘zim ham yo‘l-yo‘lakay audiokitoblar eshitib ketishni odatga aylantirdim.

Germaniyada yashayotgan o‘zbek bolalari uchun sodda matnli kitob yozishga kirishar ekanman, avvaliga kitob g‘oyasini bir qancha nemis hamda ingliz nashriyotlariga ko‘rsatdim. Ulardan “Bizda o‘zbek tiliga talab yo‘q, o‘zbekcha tahrir qiladigan muharrir ham yo‘q” yoki “Bizning kontentimizda odob-axloq, salomlashish kabi mavzular yoritilmaydi” qabilida javob olsam-da, maqsadimdan qaytmadim. Xalqimiz, bolaning begonasi bo‘lmaydi, deydi-ku... O‘zbek tilidagi sifatli kitobni bolalarimizga taqdim qilishni o‘ylasam, ich-ichimdan xursand bo‘lib ketardim. Nazarimda, shunday qilsam, Vatanimga bir qadam bo‘lsa ham yaqinlashadigandek edim.

BIR PIYOLA CHOY USTIDA

Germaniya nashriyotlaridan najot bo‘l­magach, Sitora kitob chiqarishning boshqa yo‘llarini qidira boshladi. Chop etilishini intiqib kutgani — “Quyoshli tong” nomli birinchi kitobchasini bolajonlarga o‘z hisobidan bo‘lsa-da, yevropa standartida chop etishga qaror qildi.

Qahramonimiz ikki yil davomida yozgan kitobida serquyosh O‘zbekistonimizning betakror tongidan boshlanadigan urf-odatlarimiz — salomlashish odobi, kattalarga hurmat, o‘zaro mehr-oqibat, oiladagi hamjihatlik, qo‘yingki, o‘zbekona fazilatlarni imkon qadar mujassam etdi. Kitobda choynak va piyolamiz ham alohida tasvirlandi. Zero, Sitoraning nazdida xalqimizning “bir piyola choy ustida”gi qadriyatida hikmat ko‘p. Aniqrog‘i, o‘lmas qadriyatlarimizning bir uchi bir piyola choy ustidagi do‘stlik rishtalariga borib taqaladigandek. Shu ma’noda, o‘zbek bolalari choynak va piyolaga muhabbatli bo‘lishi kerak. Chunonchi, Germaniyada mehmondo‘stlik degan tushuncha yo‘q.

Hozir ilk mualliflik asarining nemischa talqini ustida ishlayotgan Sitora shu yilning may oyida “Quyoshli tong”ni ikki tilda “Amazon” orqali dunyoviy nashrga chiqarishga musharraf bo‘lgandi. Kitob AQSh, Janubiy Koreya, Italiyadagi o‘zbek bolalariga ham ulashilmoqda.

 

Munojat MO‘MINOVA,

Jurnalist

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.