Taʼtilda kitob mutolaasi
Yozgi ta’tilni ba’zilar bog‘ va tog‘larda sayr qilish, anhor-u soylarda quloch otib cho‘milish, turli ko‘ngilochar o‘yinlarni tomosha qilish, mehmondorchilikka borish, oila-a’zolari bilan sayohatlarga chiqish deb tushunadi. Balki, bu ham to‘g‘ridir. Ammo, men ta’tilni fikrni boyitishga, o‘z ustida ishlashga berilgan imkoniyat deb tushunaman.
Shu bois, undan unumli foydalanish maqsadida reja tuzib olganman. Unda boshqa tadbirlar qatori badiiy kitob o‘qish ham o‘rin olgan. O‘quv yili davomida darsliklarda badiiy asarlardan parchalar o‘rganamiz. Hozir esa o‘zimga yoqqan ana shu asarlarni to‘liq o‘qiyapman. Yoshimga mos badiiy kitoblarni tanlashimda menga kutubxonachimiz yordam beradilar. Maktabimiz kutubxonasi badiiy adabiyotlarga boy. G‘.G‘ulom, Oybek, Rasul Hamzatov, Qaysin Quliyev, Ibroyim Yusupov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Anvar Obidjonning asarlarini takror-takror o‘qiganman. Ta’tilga chiqishdan avval ustoz kutubxonasidagi Chingiz Aytmatov, Tohir Malik, Jek London, Mark Tven, Aleksey Tolstoy, Lev Tolstoy, Paustovskiylarning kitoblarini berdilar. Ta’til bo‘yi shu kitoblarni o‘qidim. O‘zimga yoqqan qahramonlarning hayoti, umuman, kitobdan olgan taassurotlarimni yon daftarimga qayd qilib boryapman. Bu menga kelgusida “Yosh kitobxon” tanlovida ishtirok etishimda qo‘l keladi.
Dilnura Narzullayeva,
Jizzax viloyati Zomin tumani 1-maktab 11-sinf