Birgalikda men, sen, biz – tabiatni asraymiz
Qizaloq:
– Oyijon, dadajon, kasal emish tabiat.
Oyisi:
– Xavotir olma qizim, davolaymiz biz albat.
Qizaloq:
– Rostdanmi? Qanday qilib?
Oyisi:
– Hozir olasan bilib.
Oyisi:
– Zarur bo‘lmasa chiroq,
O‘chirib qo‘ying shu choq.
Bolalar:
– Mana o‘chirdik chaqqon,
Chiroqlarni, oyijon.
Dadasi:
– Suvni qilmaylik isrof,
Har yer bo‘lsin, toza, sof.
Bolalar:
– Dadajon, mana shoshib,
Jo‘mrakni qo‘ydim yopib.
Hammasi:
– Birgalikda men, sen, biz –
Tabiatni asraymiz.
Tabiat:
– Chekayotirsiz zahmat,
Sizga ko‘pdan ko‘p rahmat!
Oyisi:
– Oltin kuz kelgan zamon,
Yoqmaylik aslo xazon.
Bolalar:
– Xazonlarni yoqmaymiz,
Havoni sof saqlaymiz.
Dadasi:
– Plastik, axlat, qog‘oz
Boshqa-boshqa bo‘lsa, soz.
Bolalar:
– Chiqindini olamiz,
Alohida solamiz.
Hamma:
– Birgalikda men, sen, biz –
Tabiatni asraymiz.
Tabiat:
– Tuzalib qoldim bugun,
Rahmat, hammasi uchun.
Oyisi:
– Daraxt eksak yilma-yil,
Yashillanar har manzil.
Dadasi:
– Dunyo bo‘lsa ulkan bog‘,
Inson yashar omon, sog‘.
Hamma:
– Birgalikda men, sen, biz –
Tabiatni asraymiz.