Begali Qosimov
Adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori (1984), professor (1986), O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi (1999) Begali Qosimov 1942-yil 19-dekabrda Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida tavallud topgan.
Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU)filologiya fakultetini tugatgan (1963). Shu yerda o‘qituvchi (1966-67), katta o‘qituvchi (1968-70), dotsent (1971-85), professor (1986-dan) lavozimlarida ishlagan. “Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti” kafedrasi mudiri (1993-yildan), universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori (1993-94), filologiya fakulteti dekani (1994-95).
Begali Qosimov 30ga yaqin kitob va 300dan ortiq ilmiy maqolalar e’lon qilgan. Olimning ilmiy tadqiqotlari o‘zbek mumtoz adabiyoti va adabiy aloqalar, o‘zbek adabiyotini o‘qitish metodikasi masalalariga, matnshunoslikka, jadidchilik hamda jadid adabiyotini o‘rganishga bag‘ishlangan.
XX asr o‘zbek adabiyoti muammolari, shu davr namoyandalari haqida “Mirmuhsin Shermuhamedov” (1967), “Abdulla Avloniy” (1979), “Ma’rifat darg‘alari” (Ulug‘bek Dolimov bilan hamkorlikda, 1990). “Ismoilbek Gasprali” (1992) kabi asarlar yozgan.
Zabardast olim, shuningdek, Yassaviy, Navoiy, Bobur haqida ham ilmiy tadqiqotlar olib borgan. “O‘zbek adabiyoti” (5-, 7-, 9-, 11-sinflar uchun), “Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti” (talabalar uchun) darsliklari hammuallifi.
Olimning uch jilddan iborat “Tanlangan asarlar”i chop etilgan.
“O‘zbek adabiyoti tarixi” deb nomlangan I jildda o‘zbek adabiyotining qadimgi davridan XIX asr oxirlarigacha bo‘lgan adabiy hodisalar, ijodkorlar, ularning asarlari haqidagi tadqiqotlar jamlangan.
II jild “Milliy uyg‘onish davri adabiyoti” deb nomlanadi va unda jadidchilik va jadid adabiyoti ilmiy-nazariy asosda tahlil qilingan.
Adabiy-tarixiy jarayonga bag‘ishlangan III jildda olimning zamonaviy adabiy-tarixiy jarayon bilan bog‘liq maqolalari, adabiy suhbat hamda safarnomalari jamlangan.
Begali Qosimov 2004-yilning 25-sentyabrida Toshkent shahrida vafot etgan.