Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!
Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqidan
...Bundan roppa-rosa o‘ttiz ikki yil muqaddam O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e’lon qildi. O‘tgan davrda biz qancha sinovlarni boshimizdan o‘tkazdik, ko‘plab qiyinchilik va mashaqqatlarni birgalikda yengdik.
...Siz, azizlarning Vatanga mehr va sadoqat bilan qilayotgan har kunlik mehnatingiz O‘zbekiston mustaqilligini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shu ma’noda, Istiqlol bayrami – barchamizning bayramimiz, mustaqil O‘zbekiston – barchamizning faxrimiz, iftixorimiz, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
...2022-yili mamlakatimizda 72 ta yangi maktab qurildi, 279 tasi kapital ta’mirdan chiqarildi, 514 ta maktab esa rekonstruksiya qilindi. Maktablar uchun 30 mingdan ortiq kompyuter xarid qilindi. Yangi o‘quv yilidan respublikamiz maktablarida xorijdan maxsus taklif etilgan 500 nafar ingliz tili mutaxassislari bolalarimizga dars beradi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ilg‘or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan yangi dastur va darsliklar bo‘yicha o‘qiy boshlaydilar.
...Bugun bizning oldimizda turgan yana bir muhim masala – ekologik muammolar va suv tanqisligidir. Tarozining bir pallasida o‘sib borayotgan qurilishlar, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi turgan bo‘lsa, ikkinchi pallasida har birimiz uchun eng zarur bo‘lgan suvni tejash, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish va yer resurslaridan oqilona foydalanish masalasi turibdi.
Bizning vazifamiz – har ikki yo‘nalishda ham muvozanatni saqlashdan iborat. Hech qachon unutmasligimiz lozimki, tabiiy resurslar – bu kelajak avlodlarimizga ham tegishli bo‘lgan boylikdir. Shu bois, ulardan nafaqat bugungi, balki ertangi kunimizni ham o‘ylab, oqilona foydalanishimiz zarur.
...O‘zbekistonning har bir farzandi xalqimizning birdamligi, mamlakat yaxlitligi uchun kurashib yashashni o‘z hayotining ma’nosi deb bilmog‘i kerak!
Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!
...Siz – azizlarni, katta-yu kichik barcha vatandoshlarimni bugungi ulug‘ ayyom – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.