Kutilayotgan xushxabar
Mustaqilligimizning 32 yillik bayrami arafasida O‘zbekiston bolalari uchun ko‘pdan beri kutilayotgan xushxabarni eshitib behad quvondik. Bu – yangi ta’mirdan chiqqan Respublika bolalar kutubxonasi binosining ochilishidir.
Kutubxonaga kirib borar ekanmiz, ta’mir va dizayn ishlarida xalqaro darajadagi yondashuvni ko‘rdik. Xonalar yorug‘, kitoblar to shiftga qadar javonlarga terilgan. Bu manzara bizga “Sohibjamol va maxluq” nomli mashhur multfilmdagi kutubxonani eslatib yubordi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu maskanning kitob fondi qayta ta’mirga qadar 200 ming jildga yaqin bo‘lgan. Ta’mirdan so‘ng bu fondga yana 21 ming kitob qo‘shilgan. Bunda islomiy, Yevropa va zamonaviy san’atga oid kitob jamlanmalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Maskanda kitob fondining sifat darajasini nazorat qilish maqsadida “Irbis” elektron kutubxona boshqaruv tizimi joriy etildi. Bu yerda tizimlashtirish, toifalashtirish, o‘quvchilarni izlash, kitoblarni berish va ma’muriy boshqaruvga oid zamonaviy texnologiyalar tatbiq etilgan.
Kutubxona nafaqat oddiy o‘qish zali, balki xalqaro standartlarga javob beruvchi ko‘p funksional ahamiyatga ega bo‘lgan. Bu yerda o‘ziga xos dizayndagi qulay partalar, ma’ruzalarni tinglash, o‘qish, dam olish uchun modullar, audio kontent bilan ishlash, kompyuter sinflari, kichik bosmaxona, ovoz yozish studiyasi ham mavjud.
Shuningdek, hovlida kichik amfiteatr ham bor.
Respublika bolalar kutubxonasi tomonidan bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida muntazam ravishda audiokitoblar yaratish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, hozirgi kunga qadar kutubxona tomonidan 5 nomdagi qardosh tillardagi audiokitoblar, 13 nomdagi maktab darsliklarining audiokitoblari, 3225 ta elektron hamda o‘zbek va jahon adabiyotidan 1060 ta audiokitoblar yaratilgan.
– Shunday chiroyli, zamonaviy va qulay ziyo maskani barpo etildiki, bu yerga kelgan bolalar albatta kitob o‘qiydilar, – dedi kutubxona rahbari Doniyor O‘ralov.