Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

E’tirof

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi munosabati bilan yoshlarimizni ona yurtga muhabbat va sadoqat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ulkan xizmatlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat, san’at sohalari va ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhi davlatimizning yuksak unvon, orden va medallari bilan mukofotlandilar. Ularning orasida taniqli bolalar ijodkorlari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Zikrilla Ne’mat  hamda Muhabbat Yo‘ldoshevalar ham bor.

 

Zikrilla Ne’matov – jurnalist, shoir va tarjimon, Respublika IIV Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘limi xodimi, polkovnik. U 1961-yil Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. Respublika bolalar nashrlari – “Gulxan”, “G‘uncha” jurnallari va “Tong yulduzi” gazetasining faol muallifi va targ‘ibotchisi. Bolalar uchun yozilgan o‘nlab  kitoblar muallifi Respublika miqyosidagi bir necha ko‘rik-tanlovlar g‘olibi. Tarjimon sifatida ham samarali faoliyat ko‘rsatib, jahon adabiyotining mashhur shoir va yozuvchilarining asarlarini mahorat bilan  o‘zbek tiliga o‘girgan.

Shoirning  ko‘plab she’r-u g‘azallariga kuy bastalanib, xalqimizning taniqli san’atkorlari tomonidan ijro etib kelinmoqda.

Jurnalimizning qadrdon do‘sti va hamkori Zikrilla Ne’matni jamoamiz va barcha jurnalxonlar nomidan  yuksak mukofot – “Do‘stlik” ordeni bilan samimiy muborakbod etamiz.

 

Muhabbat Yo‘ldosheva – fantast-yozuvchi, jurnalist, ssenarist, kinotarjimon. 1964-yil  Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Yaqinda o‘zbek  va rus adabiyoti o‘rtasidagi adabiy do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirish yo‘lidagi xizmatlari uchun  “Aleksandr Sergeyevich Pushkin” medali bilan taqdirlandi. Bolalar uchun mo‘ljallangan 20 dan ortiq nasriy to‘plamlar muallifi.

Ijodkorning fantastik hikoya va ertaklari ingliz, serb, hind, bengal, koreys, qozoq, xitoy, ukrain, belorus, vetnam va rus tillariga tarjima qilingan. Asarlari Misr, AQSh, Xitoy, Janubiy Koreya, Angliya, Pokiston, Ukraina, Qozog‘iston, Vetnam va boshqa mamlakatlarda nashr qilingan.

Rossiya va Janubiy Koreyada bolalar adabiyoti bo‘yicha o‘tkazilgan bir qator xalqaro tanlovlar g‘olibi. Xalqaro “HUMO” ertaklar tanlovining asoschisi va tashkilotchisi.

Yozuvchi va tarjimon Muhabbat Yo‘ldoshevani faxriy unvon – “Shuhrat”  medali bilan tabriklaymiz.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.