Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kitobni ulug‘lagan ulug‘lar

Gulxanjonning aziz muxlislari! Sahifamizning bu galgi mehmoni – O‘zbekiston Milliy televideniyesining ustoz suhandoni, noyob ovoz sohibasi, o‘zbek radio va televideniyesi diktorlik maktabi asoschilaridan biri, 200 dan ortiq badiiy va hujjatli filmlarga ovoz bergan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, oliy toifali suxandon, “Do‘stlik” va “Mehnat shuhrati” ordenlari sohibasi Nasiba Ibrohimova. Biz ustoz bilan ularning bolalik xotiralari, maktab davri hamda kamolotga yetishda kitob mutolaasining o‘rni haqida suhbatlashdik.

 

MAKTABGA POY-U PIYODA

Toshkentdagi ziyoli oilalardan biri – Mukarramxon va Ismoilxo‘ja Ibrohimovlar xonadonida 1942-yilda dunyoga kelganman. Dadam Toshkentdagi 84-zavodda ishlagan. Bu zavod keyinchalik Chkalov nomidagi aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi, deb ataldi. Biz yetti farzand edik. Ota-onam barchamizni o‘qitib, oliy ma’lumotli qilishgan.

Bolalik deganda ko‘z oldimga chopqillab yurgan ko‘chalarim, dugonalarim, opalarim bilan birga har kuni piyoda borib keladigan qadrdon maktabim keladi. Men maktabga borgan davr 1950-yillarning oxirlariga to‘g‘ri keladi. U paytda qiz va o‘g‘il bolalar alohida-alohida maktablarda o‘qitilardi. Yuqori sinfga o‘tganimizda bu tizim bekor bo‘ldi. Uyimiz hozirgi teleminora atrofida edi. Biz o‘sha yerdan Olmazor tuma­nidagi 20-maktabga qatnardik. Maktab Sergo Ordjonikidze nomi bi­lan atalardi. Ko‘pchilik maktab nomini ay­ta olmas, mengina uni to‘g‘ri talaffuz qi­lardim. Oilada oltinchi farzand bo‘lganim uchun uy ishlari mengacha yetib kelmas, opalarimdan ortmasdi.

HAR BIRINING O‘RNI BOR

Bilasizmi, maktabda saboq bergan har bir ustozimning hayotimda o‘z o‘rni bor. Birinchi ustozim Mukarramxon Qodirova, ona tili va adabiyoti fanidan Inobat Ra­sulova, matematika fani o‘qituvchimiz Fo­tima Raupova, tarix fani ustozimiz Aso­middin Islombekov, botanika va biologiya fanidan Badriddin Tojiddinov, chet tilidan Margarita Dershevich, maktabimiz direktori Oyisha­xon Yo‘ldoshbekova kabi bor mehr va muhabbati bilan bizga saboq bergan mu­allimlarimni hanuzgacha sog‘inch va min­natdorlik bilan eslayman.

ASL KITOBXON DEYISHARDI

Maktabimizda katta kutubxona bo‘lar­di. U yer hamisha o‘quvchilar bilan gav­jum edi. Men faol kitobxonlardan bo‘l­gan­man. Kutubxonachi doim boshqa sinf o‘quv­chi­lariga meni o‘rnak qilib ko‘r­sa­tardilar. “Mana Nasibaxon, kitoblarni hech qayeriga ziyon yetkazmay, chizmay, buk­lamay, yana o‘z vaqtida qaytaradi. Asl kitobxon shunday bo‘lishi kerak”, – der edilar.

O‘quvchiligimda Nikolay Ostrovskiyning “Po‘lat qanday toblandi?”, Oybekning “Bo­lalik”, G‘afur G‘ulomning “Shum bola”, Rahmat Fayziyning “Hazrati inson”, Mayn Ridning “Boshsiz chavandoz”, Aleksandr Dyumaning “Uch mushketyor” asarlarini zavq bilan o‘qiganman.

TO‘QQIZ YOSHLI SUXANDON

Maktabimizning yuqori sinf o‘quvchisi Matluba Islomova (keyinchalik “Dugonalar” radio­jurnali asoschisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist) “O‘zbekiston” radiosida bolalar uchun eshittirishlarni olib borar edi. Bir kuni bir guruh qizlarni radioga olib bordi. Eshittirishlarda chiqib yurganimizda, radioda gapiradiganlar endi ko‘rinarkan, degan gap chiqdi. Hayron bo‘ldik: “Qanaqasiga ko‘rinarkan?” Bu O‘zbekistonda televideniyening paydo bo‘lishi edi. 1956-yil 5-noyabr kuni respublikamizda ilk ko‘rsatuv efirga chiqqan. Shu yil dekabr oyidan radiorejissyor Ne’mat Do‘stxo‘jayev meni bolalar ko‘rsatuvlariga jalb qildilar. O‘shanda 7-sinfda o‘qirdim. Ikki yil o‘tib, ustozimiz – muharrir Muqaddam Xoliqova meni telestudiya direktori Mirsolih Mira’zamov oldiga olib kirdi. U kishi o‘zim, oilamiz haqida so‘radi. Bir necha kundan so‘ng rejissyor Bobo Xo‘jayev “Ertaga maktab forma, lentada emas, odatiy kiyimda kel”, dedi. “Nimaga”, desam, “Kattalar uchun eshittirishlarda chiqasan”, dedilar. Shundan boshlab kattalar uchun eshittirishlarda chiqa boshladim. Bo‘yim pastlik qilgani uchun stul oyoqlarining tagiga g‘isht qo‘yishardi.

Balog‘at yoshiga yetmaganim uchun ishga rasman qabul qilishmagan.  Keyinchalik “Ibrohimova diktor amaliyotchi lavozimiga qabul qilinsin”, deb buyruq chiqqan bo‘lsa-da, maoshimni Rixsixon opam olib yurdi. Maktabni tugatib, O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika bo‘limiga kirmoqchi bo‘ldim. Jurnalistikaga qabul qilishda juda qat’iy talablar qo‘yilardi. Matbuotda maqolalari chiqqan, loaqal tuman gazetasida  ishlab, qalami charxlangan bo‘lishi kerak ekan. Menda esa  tajriba bor, ammo staj yo‘q edi. Omadni qarangki, universitet rektori, akademik Obid Sodiqov bu qizning hujjatlarini qabul qilinglar, depti. Gap shundaki, u kishi men olib borgan bir necha eshittirishda ishtirok etgan edi. Imtihonlardan o‘tdim. Kunduzi o‘qib, kechasi ishladim. Nazariya bilan amaliyot bir bo‘lib, o‘qishni imtiyozli tugatdim.

USTOZLARIM – TAQDIR TUHFASI

Dadam o‘qimishli edilar, diniy va dunyoviy ilmni chuqur bilardilar. Faoliyatimni shakllanishida radio, televi­deniye hamda dublyaj katta maktab bo‘lgan. Va albatta, gazeta-jurnal. Birorta manba uning o‘rnini bosa olmaydi. Ilm olishda, tahrir san’atini o‘rganishda, savodli qilib tarbiyalashda gazeta-jurnallarga teng keladigani yo‘q. Radiodagi ustozlarim – Matluba Islomova, Iffat Rahmonqulova, Ne’mat Do‘stxo‘jayev kabi mehribon, mahoratli insonlar bilan zamondosh bo‘lganim, saboq olganim, ular bilan bir davrada, jamoada ishlaganim uchun taqdirdan minnatdorman. Bundan tashqari, O‘lmas Umarbekov, Latif Mahmudov, Farhod Musajon, Qodir Mirmuhamedov kabi taniqli ijodkor va tarjimonlar qo‘lida bilim oldim. Yana bir ustozimiz – bizga radio, televideniye, dublyaj, tahrir nimaligini o‘rgatgan, saboq bergan Ubay Burhon edi. Ulardan tahrir borasida ko‘p narsa o‘rgandik. So‘zlarni kam, ma’nosini keng qilib ifodalashni ulardan o‘zlashtirganmiz. Klassik dublyajda Boriy Haydarov, So‘fiya Imonqulova, Sobir Iskandarov, Sobit Saidov, Viktor Kutyakov, Mannon G‘anilarni katta ehtirom bilan xotirlayman.

TITRDAGI “N.IBRAGIMOV” MEN EDIM

...Men 200ga yaqin badiiy filmga ovoz bergan bo‘lsam, qahramonlarimning aksariyati o‘g‘il bolalar edi. 10-14 yoshlarimda ovoz bergan filmlardagi titrda “N.Ibragimov” yozilgan. Sababi, o‘g‘il bolalarga ovoz berganman-da. Badiiy kengash oldidagi mas’uliyatni sezgan holda ijodiy guruh buni yashirib, “a” harfini keyin qo‘shib qo‘yamiz deyishgan-u, biroq qo‘shishmagan. Yaqinda Rossiya elchixonasi bir  tadbir o‘tkazdi, unga meni ham taklif etishdi. Tadbir davomida rossiyalik bir mutaxassis mendan “Qizlar”da Tosya, “Chol ibn Hat­tob”da Jenyaga siz ovoz berganmisiz”? deb so‘rab qoldi. “Ha” dedim. “Nega unda Ibragimov deb yozilgan?” dedi. “Bilmasam”, balki xato qilishgandir, dedim. Vaholanki, film badiiy kengashda a’lo baho olgan. Kamchiliklar bo‘lmagan, hammasi joyida bo‘lgani bois ham “a” harfini qo‘yish ularning yodlaridan chiqib ketgan bo‘lsa kerak. Men ham buni surishtirmaganman. Bunga zarurat ham bo‘lmagan.

KAMOLOTGA FAQAT ILM ORQALI ERISHILADI

Mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevori uchun harakat boshlandi. Tarixni chuqur bilish lozim. Kamolotga faqat ilm orqali erishiladi. Yurtimizda intellektual salohiyati baland yoshlar  doimo qadrlanadi. Bir paytlar uyida kitob saqlaganlar, kitob yozganlar hibsga olingan, qatl qilingan bo‘lsa, bugun kitob o‘qiganlar rag‘batlantirilib, hatto Prezident tomonidan yengil avtomobil bilan taqdirlanadi. Ko‘rik-tanlovlarda bilimdonlar aniq­lanyapti. Olis-olis qishloqlardan kel­gan bolalar kitoblarni chuqur tahlil qilib beryapti. Kitobni ulug‘laganning o‘zi ham ulug‘ bo‘ladi.

USTOZLIKNING RUTBASI BALAND

Men ustozlikka da’vo qilmayman. Qo‘limdan kelgancha, imkonim boricha yoshlarga o‘rgatdim, hamon o‘rgatyapman. Va bundan charchamayman. Biroq mana bu mening shogirdim, demayman. Meni ustoz bilganlarga tashakkur. Meni g‘oyibona ustoz deganlar ham ko‘p. Ancha yillar oldin “Guliston” jurnali muqovasida bir qizning surati chiqqan. Ko‘rinishi, sipoligi diktorlarga o‘xsharkan. “Muqovada” degan joyini topib o‘qisam, Dushanbe televideniyesining diktori Musallam Murodova ekan. Jurnalda shu qiz haqida maqola chop etilgan. U “Mening birinchi ustozim O‘zbekiston televideniyesining diktori Nasiba Ibrohimova”, debdi. Ko‘p boshlovchilarning suhbatini o‘qib qolaman. “Ustozim Nasiba Ibrohimova”, deyishadi. Men shogirdim demaganimning boisi – ustozlikning rutbasi baland.

KASB TANLASHDA ADASHMANG

Aytilgan gaplar-u fikrlarni umumlashtirsak, bir xulosa chiqadi: inson, avvalo, kasb tanlashda adashmasligi, hoy-u havaslarga berilmasligi, kelajagini imkon darajada tasavvur qilmog‘i kerak. Muayyan kasbni tanladimi, uning og‘ir-yengiliga ham, achchiq-chuchugiga ham chidashi lozim. Har qanday sharoitda o‘z kasbiga sadoqatli bo‘lmog‘i zarur va shart. To‘g‘ri, bu hayot, inson turli soha-yu lavozimda ishlashi mumkin. Ammo asl kasbni unutmasligi, yo‘qotmasligi juda muhim. Xalqimiz, ot aylanib qozig‘ini topadi, deb bekorga aytmaydi. Men yoshlarga shular haqida gapiraman. Kimdir bu o‘gitlarga amal qiladi, kimdir... Bu ham tabiiy. Zero, barcha inson bir xil yaratilmagan. El-yurt ko‘zida bo‘lgan kasb egalari mana shu ko‘zlar oldida katta mas’uliyat sezishsa, hayotda adashmaydi.

 

Islom ASILBEKOV suhbatlashdi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.