Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Andijonlik g‘oliblar

Andijon dovrug‘ini dunyoga taratish andijonliklarga bobomeros. Istiqlolimizning dastlabki yillaridayoq Olimpiada chempioni bo‘lib o‘zbekning mushti qudratini jahonga ko‘rsatib qo‘ygan bokschi Muhammadqodir Abdullayev ham Andijon o‘g‘loni. Bugun, O‘zbekiston boksi, deganda dunyo ahli qulog‘i ostida “Andijon boks maktabi”, degan sado yangraydi.

Aka-uka Dostonbek va Rahmatulloh Abdurashidovlar ham qo‘lga kiritgan yutuqlari bilan andijonlik bobolariga munosib voris ekanliklarini qoyilmaqom qilib isbotlashdi. Ular sport, she’riyat yoki harbiy ilmdagina emas, murakkab matematika muammolarini yechish – riyoziyot ilmida ham andijonliklar yuksak salohiyatga ega ekanligini dunyoga namoyish qilishdi.

Abdurashidovlar kim, qanday bolalar deysizmi?

Zo‘r bolalar! Ular Andijon tumanidagi “Navro‘z – bolajon” nodavlat ta’lim muassasida o‘qishadi. Doston 4-sinf, Rahmatulloh 3-sinfda ta’lim olishadi. Aka-ukalar qanday qilib matematika bilimdoni bo‘lib qolishganini aytaymi?

Bunga ularning buvalari shoir Bahodir Andijoniy sababchi. Bahodir aka shaxmat ishqibozi. U qayerga bormasin, hatto mehmonda ham bir qo‘l shaxmat o‘ynamasdan ketolmaydi. Bahodir aka nabirasi bilan uyda yolg‘iz qolganda Dostonni shaxmat o‘ynashga undardi. Bilmaganlarini o‘rgatardi.

– Dostonbek bolam, judayam sabrlisan-da, – deb qoldi bir kuni buvasi, har bir donani surishda jiddiy o‘ylashdan charchamaydigan nabirasiga. – Fikrlashing ham chakkimas. Bunday qobiliyating bilan zo‘r matematik bo‘la olasan. – Buvasining bashorati to‘g‘ri chiqdi. Doston 2-sinfdayoq matematikaga bo‘lgan layoqati bilan ustozlari e’tiboriga tushdi. Chunki Doston har qanday murakkab misolni sinfda birinchi bo‘lib yechardi. Buni payqagan matematika o‘qituvchisi Marina Qo‘chqorova Dostonbekka bir muncha murakkab vazifalar beradigan bo‘ldi, keyin o‘zi ham shu misolni turli yo‘llarda yechishga kirishardi. Chunki bu misolning kamida 5 ta yechimi bo‘lardi-da. Ammo, Doston shu misol yechimining butunlay yangi 6-yo‘lini topardi. Shogirdidagi favqulodda iste’dodni sezgan Marina Pavlovna mental arifmetika o‘qituvchisi Aleksandr Smit bilan bu haqda maslahatlashdi. Ular Doston bilan alohida ishlay boshlashdi. Ko‘p o‘tmay ustozlar mehnati o‘z samarasini berdi, shahar, viloyat fan bellashuvlarida hech kim Dostonbekka teng kelmay qoldi. Sportning dzyudo, gimnastika turini jon-dilidan yaxshi ko‘rib shug‘ullanadigan ukasi Rahmatulloh akasining yutuqlariga havas qila boshladi.

– O‘ylashimcha, matematikani chuqur tushunish uchun yaxshi shaxmatchi bo‘lish kerak, – dedi Doston ukasiga. – Nega desang, shaxmat ham matematika kabi sabrni talab qiladi.

– To‘g‘ri, kecha ustoz Svetlana Viktorovna ham shunday dedi. Biroq vaqtim yetarmikan? – xo‘rsindi Rahmatulloh.

– Senga shaxmat o‘ynashni o‘zim o‘rgataman. Onamga aytaman, kun tartibimizni qaytadan tuzib beradilar. Uy vazifalarimizni bajarishga ajratilgan vaqtni sal qisqartiramiz.

– Yaxshi, kun tartibini tuzishda sizni barcha mashg‘ulotlaringiz vaqtini, imkoniyatingizni hisobga olaman. Biroq bitta shartim bor: uy yumushlarida Fotimaga qarashasiz. Chunki akademik litseyning a’lochisi bo‘lish oson emas, ko‘p dars tayyorlash kerak, – dedi Shoira opa Dostonning iltimosini tinglagach.

Vaqtni to‘g‘ri taqsimlashda gap ko‘p ekan. Chunki u yangi kun tartibi bolalarga juda qo‘l keldi. Aka-uka ingliz, rus tillaridan tashqari koreys tilini o‘rganishga, Rahmatulloh xoreografiyaga, Doston chizmachilik mashg‘ulotlariga ham ulguradigan bo‘lishdi. Shuncha yumushdan ortib suyukli mavzulari samo, koinot haqidagi kitoblarni o‘qishga ham vaqtlari yetadigan bo‘ldi.

Ko‘p o‘tmay Rahmatulloh ham maktab bo‘yicha matematika bilimdonlari safidan joy oldi.

– Nasib bo‘lsa ikkalangizni ham chempion qilaman. Faqat bu ish oson emas. O‘ziga xos mashaqqatlari bo‘ladi, – dedi Marina Pavlovna bolalarga sinovchan tikilib. Bolalar bu shartga rozi bo‘lishdi. Uchinchi chorak ta’tilida o‘tkazilgan yosh matematiklarning viloyat bellashuvida g‘olib bo‘lishdi. Endi ularni bundan-da murakkab sinov kutardi. Zero, bu muvaffaqiyat ularga Bolgariya davlatining Nesebr shahrida o‘tkaziladigan “Chegarasiz matematika – 2017” xalqaro olimpiadasining final bosqichida qatnashish imtiyozini bergandi-da. Aka-ukalar bu mas’uliyatni yurakdan his qilib astoydil mehnat qilishdi. Nihoyat, o‘sha kun keldi. 12 ta davlatdan 1300 ta bola kuch sinashgan bellashuv juda keskin o‘tdi. Bobosi va ustozi ishonchini oqlash uchun butun salohiyatini g‘alabaga qaratgan Dostonbek Abdurashidov Olimpiada oltin kubogi egasi bo‘ldi. Rahmatulloh ham bo‘sh kelmadi. 2-sinf yo‘nalishi bo‘yicha bronza kubogini qo‘lga kiritdi. Eng asosiysi, turnirning yuqori o‘rinlarini, asosan, o‘zbekistonlik matematiklar zabt etib al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy bobolarining munosib nabiralari ekanligini dunyoga isbotlashdi.

Ko‘zlarida yosh bilan g‘olib shogirdlarini bag‘riga bosgan Mariya Qo‘chqorovaning ko‘ksini esa “Olimpiadaga qo‘shgan munosib hissasi uchun” ko‘krak nishoni bezadi. Ular qalblarida yangi rejalar, bir olam ezgu niyatlar bilan vatanlariga qaytishdi. Yangi yilni ko‘tarinki kayfiyatda kutib olgan Abdurashidovlar bu yil ham ulkan muvaffaqiyatlar qozonish uchun astoydil o‘qishga kirishishdi.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.