Antiqa xabarlar
Kep qoling – “tovuqqand”
Mahallamizda “tovuqqand” firmasi ishga tushdi. Unda bolajonlar uchun bir-biridan mazali va oʻzgacha taʼmga ega “tovuqqand”lar ishlab chiqarila boshlandi. Turli mevalarning mazasini beruvchi, rangli boʻyoqlardan foydalanilgan holda “Aldagani bola yaxshi” shiori ostida ishlab chiqarilayotgan “tovuqqand”lar, maktab, bogʻchadan qaytayotgan bolalarning bobo-buvilariga xarxashasi bois tezda sotilib ketmoqda. Firma prezidenti Shirinoy Asalova bizning: “Qanday qilib bunday muvaffaqiyatlarga erishayapsiz?” degan savolimizga:
– Zamon tezkorlik bilan rivojlanyapti. Bolajonlar uchun ham yangiliklar qilish davri keldi. Biz izlanishni davom ettirib, yangilik yaratdik – “xoʻrozqand”ning boshidagi tojini olib tashlab, “tovuqqand”ga aylantirdik. Bu esa ham xomashyoni tejamoqda, ham ishimizning rivojiga yordam bermoqda. Bir zumda ogʻizda erib, yeyilib ketadigan “tovuqqand”lar hammaga manzur. Biz esa yaxshi foyda koʻrmoqdamiz, – dedi faxr bilan.
Qiziqarli musobaqa
Har kuni katta xarxasha bilan ota-onasidan bir amallab pul olib, maktabga kelayotgan oʻquvchilar oʻrtasida maktab oshxonasida “Izlab top-chi, ichida nima bor” mavzusida musobaqa oʻtkazildi. Musobaqa shartlariga koʻra, maktab oshpazi pishirgan gumma, bulochka va xod-doglar ichiga nima solinganini topgan oʻquvchiga mukofot eʼlon qilingan.
Ammo, ichida nima borligini topish oson emas. Chunki, oshpaz masalliqni ustalik bilan “yashirgan”. Ammo bolalar ham anoyi emas. Amallab, nimadir topishadi. Masalan, kecha Botir quvonch bilan “topdim”, deb baqirib yubordi. Yugurib kelgan bolalar uning gummasi ichiga kechagi shovladan qolgan yarim qoshiq guruch solinganini oʻz koʻzlari bilan koʻrishdi. Oshpaz gʻolibni tabriklab, sosiska solingan bitta xod-dog sovgʻa qildi.
Ham bilim, ham hunar oʻrganishyapti
Mahallamizda yangi maktab binosi ishga tushirildi. Yangi oʻquv yilida bolajonlarni qabul qilgan maktab binosiga hammaning havasi keldi. Sinf xonalari yangi, jihozlari zamonaviy, boʻyoqlari rang-barang boʻlib, ayrim devorlarning chala boʻyalgani ham oʻziga xos tus berib turibdi.
Maktabimizning kirish yoʻlaklari bitkazilgan. Biroq orqa tomonda hali taʼmirlash ishlari tugallanmaganligi bois, dars va qurilish ishlari baravar olib borilmoqda. Bu esa bolalarga quruvchilik kasbi bilan tanishish imkoniyatini yaratdi.
Xurshida MUHAMMAD