Aqliy “yurish”lar san’ati
Oq va qora kataklar dunyosida hech sayohat qilganmisiz? Atrofingizda fil, vazir, to‘ra, farzin otli sipohlaringiz bo‘lsa. Aqliy sayohatga chiqqan “piyoda” zehn kuchi bilan yakunda “vazir”ga aylanishi mumkin. Xuddi biz namunali o‘qishimiz bilan “a’lochilar taxtasi”dan o‘rin olganimiz kabi. Ha, adashmadingiz, gap shaxmat sport turi haqida bormoqda. Yurtimizda shunday yosh shaxmatchilar yetishib chiqmoqdaki, erishayotgan yutuqlarini sanab, adog‘iga yetolmaysan, kishi.
“Kenja botir”ning oltinlari
Nodirbekning akasi bilan opasi shaxmat to‘garagiga qatnardi. O‘zaro uyushtiriladigan musobaqalarda ko‘zi pishib qolgan bolakay men ham to‘garakka qatnashaman, deb turib oldi. Ammo murabbiyning talabiga ko‘ra, bolalar o‘z partiyasini qayd etib borishlari uchun yozishni bilishlari zarur edi. 4 yoshli bo‘lajak shaxmat dahosi to‘garak a’zoligi uchun qiynalib bo‘lsa-da, o‘qish-yozishni o‘rgandi. Nodirbekning ishtiyoqini qadrlagan ota-onasi uni 15-sonli bolalar va o‘smirlar sport maktabining shaxmat bo‘limiga olib borishdi. Ko‘p o‘tmay murabbiy Ravshan Shukurov kichkintoyni bekorga qabul qilmagani, soatlab kuch sarflamagani ma’lum bo‘ldi: 5 yoshli qahramonimiz O‘zbekistonda 8 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan turnirda oltin medalni qo‘lga kiritdi. Nodirbeklarning uyida to‘y bo‘lib ketdi. Akasi bilan opasi “kenja botir”ni tabriklashdi. Navbatdagi g‘alabalar zalvorini Nodirbek hali anglab yetmas, Ravshan aka aytgan musobaqalarning galdagisi, deb o‘ylardi. U hali kichkina edi-da. Nodirbek oyisi bilan 2011-yil 8 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida Filippinda o‘tkazilgan Osiyo chempionatiga yo‘l oldi. Boshqa dunyo, o‘zgacha odamlar. Ammo bahslar boshlangach baribir iqtidor o‘z so‘zini aytdi. Nodirbek ikki bor Osiyo chempionatida sovrindor sifatida taqdirlandi: kumush va bronza. Ular Filippindan qaytishgach, Sankt-Peterburgda o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro turnirga borishi ma’lum bo‘ldi. Endi u kuniga 4-5 soatlab mashq qilardi. Xalqaro musobaqa deganlarining yuki og‘ir bo‘larkan. Yengilmas, kuchli raqiblar bor. Axir ular bilan Osiyo chempionatida yuzma-yuz keldi. Rossiya Federatsiyasida o‘tgan galdagi xalqaro turnirda ham qahramonimiz mutlaq g‘olib bo‘ldi.
“Go‘zal partiyalar…” sari
Hindistonda o‘tkazilgan Osiyo chempionati bahslari Nodirbek uchun negadir qiyin tuyuldi. Axir shaxmat vatanida yetishayotgan bo‘lg‘usi daholarni mot qilishning o‘zi bo‘ladimi? Shri-Lanka, Singapur, bangladeshlik yosh shaxmatchilar ham anoyi emasdi. Yakunga qadar kurash og‘ir kechgan bo‘lsa-da, g‘alaba shohsupasiga eng munosib sportchi ko‘tarildi. Hakamlar Nodirbek va O‘zbekiston nomlarini birga e’lon qilgach, negadir uning ko‘zlariga yosh keldi. Ehtimol, ilk bor faxr tuyg‘usini shunda tuygandir?! Balki uyini, yaqinlarini sog‘ingandir. Qaysi chempionatga, xalqaro turnirga bormasin, oyisi u bilan yonma-yon. G‘alaba quvonchini ham, mag‘lubiyat alamini ham birga totishadi. U yutuqlarga birdan erishib qolgani yo‘q. Dastlabki musobaqalarda bir necha bor yutqizgan.
2012-yil Sloveniyaning Maribor shahrida tezkor saxmat bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Dunyoning 126 mamlakatidan kelgan 2600 nafarga yaqin sportchi ishtirok etgan musobaqada o‘zbekistonlik Nodirbek Abdusattorov g‘olib chiqdi. Ehtimol, shunda o‘zbek degan xalqning aql mash’ali dunyoni yoritishga qodir ekanligiga hech kimda shubha qolmagandir. Bu paytga kelib u xalqaro grossmeyster Dmitriy Qayumovdan saboq olishni boshlagandi. Yutuqlari bo‘yi bir karra o‘sib, 8 yoshida “Xalqaro shaxmat ustasi” unvoniga sazovor bo‘ldi. 2014-yili 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida Janubiy Afrikaning Durban shahrida o‘tkazilgan Jahon chempionatida kumush medal sohibiga aylandi. 2016-yil Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Yevroosiyo blits turnirida 2-o‘rin, Malayziya ochiq turnirida yoshlar o‘rtasida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgach, shu yili sentabr oyida “Xalqaro sport ustasi” unvoni bilan taqdirlandi. Endi uning medallari soni tobora ortar, 12 yoshida dunyoning 20 dan ortiq davlatida bo‘lib ulgurgan, ularning deyarli barchasi yutuqlar bilan yozilgandi. Nodirbek Abdusattorov hozirda Toshkentdagi 152-maktabning 7-sinfida tahsil olyapti.
Prezident sovg‘asi va Kirsan amakidan maktub
2017-yil qahramonimiz uchun juda omadli keldi. Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida standart yo‘nalishida kumush medal sohibi bo‘ldi. Undan so‘ng Birlashgan Arab Amirligida o‘tkazilgan “Ramadon open” ochiq turnirida 1-o‘rin sovrindori bo‘ldi. Oktabr oyida Sankt-Peterburgda yakunlangan “Chigorin Memoriali” xalqaro shaxmat turnirida hindistonlik 24-yoshli grossmeyster Panayappan Setxuraman va rossiyalik 27-yoshli grossmeyster Yevgeniy Levinni mag‘lubiyatga uchratdi. Olamshumul g‘alaba olib kelgan turnir – grossmeysterlikning uchinchi talabini bajarish, rekordni yangilash edi. Nodirbek ehtimoliy 9 ochkodan 6,5 ochko to‘plab, 13 yoshida jahondagi eng yosh ikkinchi grossmeyster maqomiga ega bo‘ldi. Uning yutuqlari xalqaro darajada e’tirof etildi. Noyabr oyida unga xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidenti Kirsan Ilyumjinovdan qutlov maktubi keldi. Xatda shunday so‘zlar bitilgandi: “Sen – o‘z vataning, yaqinlaring, do‘stlaring faxri va g‘ururi, vatandoshlaringning umidisan, ular senga ishonch bog‘lashgan. Yuksak marralar, shaxmat taxtasi atrofida esa go‘zal partiyalar va ilhom tilayman”. Nodirbek Abdusattorovning beqiyos g‘alabasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan munosib baholanib, yosh grossmeysterga eng so‘nggi rusumdagi MacBook Pro noutbuki hadya qilindi. “Shu paytda ko‘nglingizdan nimalar kechdi?” – so‘rayman undan. “Avvalo ota-onam ko‘z oldimga keldi. Yutuqlarim darajasini pasaytirmasligim kerak, deb o‘yladim. Axir Prezidentimiz oldida uyalib qolmasligim kerak-ku!” – deydi yosh grossmeyster.
Jahondagi eng yosh grossmeysterlar ro‘yxatiga jami 29 nafar shaxmatchi kirish baxtiga muyassar bo‘lgan. Nodirbek Abdusattorov bu ro‘yxatdan o‘rin olgan birinchi vatandoshimizdir. Xorijlik ekspertlar tomonidan istiqboli porloq shaxmatchi sifatida qaralayotgan Nodirbek shaxmat daholari Garri Kasparov va Magnus Karlsenga qiyoslanmoqda. Uning yorug‘ kelajagidan biz ham umidvormiz.
Umida Sadatova