Qomatingni tik tut, bolajon
Diyorbek 2-sinfda o‘qiydi. Oxirgi vaqtlarda darslarga bo‘lgan qiziqishi sustlashgani, qaddini tik tutishga qiynalayotgani, tez charchab qolayotganini payqagan onasi uni shifokor ko‘rigiga olib bordi. Barcha tibbiy ko‘riklardan o‘tgan Diyorbekda shifokorlar umurtqa pog‘onasi qiyshayishi (skalioz) kasalligi alomatlari boshlanganini aniqlashdi. Tezlik bilan kerakli muolajalarni olish zarurligini tushuntirishdi.
“Bu qanday kasallik, Diyorbekning ahvoliga tushmasligimiz uchun nimalarga ahamiyat berishimiz kerak?” degan savollar ko‘nglingizdan o‘tyaptimi? Sizni o‘ylantirgan savollarga Toshkent shahridagi 4-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internat shifokori, ortoped Mahfuza Usmonova javob beradi:
– Siz maktabga chiqqunga qadar erkin va serharakat bo‘lgansiz. Ammo, maktabga borgach, dars paytida 45 daqiqa bir joyda o‘tirishingizga to‘g‘ri keladi. Ota-onangiz, ustozingiz har doim partada qomatingizni ko‘tarib, to‘g‘ri o‘tirishingizni tayinlaydi. Sababi, o‘sish davrida bo‘lganingiz uchun ham suyaklaringiz, mushaklaringiz zich joylashmagan bo‘ladi. Har safar yozganingizda, kitob o‘qiganingizda o‘zingizga qulay holatda partaga engashib, gohida bir tomonlama yotib dars tayyorlashni istaysiz. Ba’zilaringiz papkangizga keragidan ortiq kitob, o‘quv qurollarini solishingiz yoki har doim bir tomonda ko‘tarishingiz natijasida yurishingiz qiyinlashadi. Tez charchash holatlari kuzatiladi. Oxir-oqibat oyoqni sudrab bosadigan bo‘lasiz. Bu esa bora-bora odatiy holga aylansa, suyaklar qiyshiq o‘sadi, kasallik alomatlari o‘z kuchini ko‘rsata boshlaydi. Bu kasallik ayniqsa, qizlarda ko‘proq kuzatiladi. Bunga sabab ularning sport bilan kam shug‘ullanishidir. Kasallik alomatlarini qanday erta aniqlash mumkin, deb o‘ylayapsizmi? Unda diqqat qiling!
Umurtqa qiyshayishi kasalligi paydo bo‘lganda, qomatingizda o‘zgarishlar seziladi. Bu holatni bilishingiz uchun qo‘llaringizni tizzadan tushirib, bukiling. Boshingizni egib, yerga qarang. Endi asta-sekinlik bilan qaddingizni ko‘taring. Ana shu paytda yelka, kurak suyaklaringiz past-baland bo‘lib tursa, demak, sizda skalioz boshlanibdi. Respublikamiz viloyatlarida skaliozga chalingan o‘quvchilar uchun maxsus maktablar tashkil qilingan. Bu tengdoshlaringiz darslarni karavotda yotgan holda o‘tishadi. Ular mutaxassislar yordamida qo‘l, bo‘yin va yelka gimnastikasi mashqlarini bajarib sog‘ligini tiklashadi. Skaliozga chalinmaslik uchun, eng avvalo, qomatingizni to‘g‘ri tutishni o‘rganing. Devorga suyangancha gardaningiz, yelka, kurak suyagi, dumba va tovoningiz devorga tegib tursin. Ko‘krakni kerib, boshni baland tutish kerak. Mushaklaringiz o‘rganmagani bois mashqlarni bajarish biroz qiyinchilik tug‘diradi. Ammo, bunday harakatlanish umurtqa pog‘onangizning to‘g‘ri o‘sishiga ancha yordam beradi. Aks holda ushbu kasallik borgan sari chuqurlashib boshqa ichki a’zolarni ham zararlaydi.
Iloji boricha, ryukzak shaklidagi yengil portfelni tanlashga harakat qiling. Uning yelkaga tegib turadigan qismi qattiq matodan tayyorlangan bo‘lishi zarur. Sababi, papkaga kitoblaringizni joylaganda, og‘irlik pastga qarab ketmaydi.
Ovqatlanayotganda, dars tayyorlayotganda oyoqlaringizni stuldan yerga baravar tushirib o‘tiring. O‘rindiqning orqa suyanchig‘iga kuraklaringizni tirang. Yozganda, kitob o‘qiganda parta bilan ko‘krak qafasi oralig‘ida ma’lum masofa bo‘lishi shart. Uy sharoitida dars stolingizni yorug‘lik ko‘p tushadigan yerga joylashtiring. Ba’zida yorug‘lik yetishmasligi natijasida stolga engashib dars tayyorlashga o‘rganib qolasiz. Bu esa suyaklarning bir tomonga qarab o‘sishiga, ko‘rish qobiliyatingizning pasayishiga sabab bo‘ladi.
Poyabzalni o‘zingizga loyig‘ini tanlang. Oyoq kiyimning kattarog‘ini olishni tavsiya qilmaymiz. Chunki poyabzal oyog‘ingizga katta bo‘lsa, suyak bo‘g‘imlari yumshoq to‘qimalarining noto‘g‘ri rivojlanishiga, boldir oshiq bo‘g‘imining qiyshayishiga olib keladi. Ko‘pincha qizlar maktab yoshidanoq poshnali tuflilarga o‘ch bo‘lishadi. Ammo, 2 santimetrdan baland poshna bel-umurtqa tizimining egri-bukri rivojlanishiga sabab bo‘ladi.
Muntazam sport bilan shug‘ullaning. Ayniqsa, suzish mashg‘ulotlari umurtqa bilan bog‘liq muammolarni bartaraf qilishdan tashqari organizmda qon aylanishini yaxshilaydi.
Ko‘proq kalsiyga boy sut mahsulotlari, pishloq va baliq mahsulotlarini iste’mol qiling.
O‘ylaymizki, yuqoridagi tavsiyalarga amal qilsangiz, sog‘lom, baquvvat va ruhan tetik bo‘lib ulg‘ayasiz.
Iroda UMAROVA