Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Gulxan” – ibrat olamiz sendan

Assalomu alaykum Gulxanjon. Avvalo, jurnalda she’rlarimni chop etganing uchun o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Hikoya, ertak, rivoyatlaringni o‘qib saboq olaman, zavqlanaman. Ayniqsa, boshqotirmalaringni yechishni yaxshi ko‘raman. She’rlaringni o‘qib, yod olaman. Bular meni yaxshi she’r va hikoyalar yozishga undaydi. Kollejimizda kichik kutubxonamiz bor. Dugonalarim bilan jurnalning har bir yangi sonini intiq bo‘lib kutamiz. Ayniqsa, bizga tengdoshlarimizning ijodi, yurtimizning iste’dodli yoshlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘qish juda yoqadi. Sen orqali turli viloyatlardagi ijodkor tengdoshlarimizni tanib olyapmiz.

Men barcha tengdoshlarimni sevimli jurnalimiz “Gulxan”ga obuna bo‘lishga chorlayman.

 

Gulasalbonu IBROHIMOVA,

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani 2-maishiy kasb-hunar kolleji 2-bosqich o‘quvchisi

 

 

Gulxanjonga

 

“Gulxan” mening do‘stimsan,

Eng yaxshisi o‘zingsan.

Senga salom yo‘llayman,

Doim seni qo‘llayman.

 

Satrlaring o‘qiyman,

Men ham she’rlar to‘qiyman.

Bilim olaman sendan,

Xursand bo‘laman bundan.

 

Gavharshodbegim XOLMATJONOVA,

Jizzax viloyati Zomin tumani 3-maktab 4-sinf

 

 

Izhor

 

Mening uchun sevimli

Jurnalim bo‘lib qolgan.

Undan qanchadan-qancha

Bolalar saboq olgan.

 

Har bir sahifasini

O‘qiyman takror-takror.

Shu sababdan hech qachon

Vaqtim ketmaydi bekor.

 

Asadbek BERDIYOROV,

Toshkent shahar Yunusobod tumani

220-maktab 7-sinf

 

 

Do‘stimga rahmat

 

Men sevimli nashrimga har yili obuna bo‘laman. Jurnaldagi turli-tuman maqolalarni, o‘ylashga chorlovchi hikoyalarni o‘qib, mag‘zini chaqaman. Yana “English time” sahifasidan bilmaganlarimni mukammalroq o‘rganishga harakat qilaman. Ayniqsa, ukam ikkimiz jurnaldagi “Nishona” va “Galereya” ruknlaridagi tengdoshlarimiz ijodini qiziqib kuzatamiz. Yosh qalamkashlar ijodiga baho berilgan “Havaskorlar she’rlarini o‘qib”, “Shoirlikka yo‘q maktab” nomli maqolalar bilan tanishib, she’riyatning qonun-qoidalarini, nozik sirlarini o‘rganib oldim. Ana shu saboqlar asosida yozgan she’rlarim joriy yilda “Dunyo ichra Vatanim” nomi bilan nashrdan chiqdi. To‘plamim ustozlarimga ma’qul keldi.

Maqtov va shirin tilaklar olishimga sababchi bo‘lgan, mo‘jazgina kitobchaning muallifiga aylantirgan do‘stim, maslahatgo‘y qadrdonim “Gulxan”ga tashakkur!

 

Nigina JO‘RABOYEVA,

Buxoro shahar 10-maktab 8-sinf o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.