Do‘stligimiz davom etadi
Qarang, hash-pash deguncha 365 kun ham o‘tib ketibdi. Ostonada 2018-yil eshik qoqib turibdi. Hamma yerdagi kabi jurnalda ham ish qizg‘in. Gulxanjon yangi rejalari haqida bosh qotirmoqda. Yil davomida ijodkor, faol o‘quvchilardan kelgan xatlar sarhisobini qilmoqda. “Gulxan” sahifalarini mazmunan boy, qiziqarli bo‘lib chiqishida respublikamizning barcha viloyatlaridagi faol ijodkorlarimizning munosib hissasi bor. Bugun biz Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi 56-maktab o‘qituvchisi Boborahmat Muhammadiyev, Surxondaryo viloyati Sherobod tumani xalq ta’limi boshqarmasi uslubchisi Zebiniso Bo‘riyeva, Buxoro viloyati Gijduvon tumanidagi 27-maktab o‘qituvchisi Mohigul Rasulovalardan juda-juda xursandmiz. Shuningdek, chekka-chekka qishloqlardagi tadbir va yangiliklardan o‘z vaqtida xabardor qilib turgan angrenlik Oqila Qahhorova, jizzaxlik Sevinch Mamadaliyeva kabi izlanuvchan kichik muxbirlarga rahmat aytmoqchimiz.
Adabiyot va san’at bo‘limiga o‘quvchilarimiz 1000 dan ortiq she’r, hikoya, ertak yo‘llagan bo‘lsa, rasm bo‘limiga 500 ga yaqin havaskor o‘z mashqlarini jo‘natishdi. “Gulxan”ning har bir sonini intiqlik bilan kutib, muntazam maktub yo‘llab turgan jonkuyarlarimiz Xorazm viloyati Yangiariq tumanidagi 38-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Farzona Bekmetova, Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi “Qaqnus” to‘garagi a’zolari, Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi 2-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Gulnihol Muhammadjonova, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi 7-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Behruzabegim G‘o‘chchiyeva, Yakkabog‘ Wtumanidagi 13-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Dilshodbek Rahmatullayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi 38-maktab o‘quvchisi Iroda Erdosheva, Baxmal tumanidagi 30-maktab o‘quvchisi Boyjigit Zulponovlarning ijodiy ishlari yil davomida sahifalarimizdan o‘rin oldi. O‘ylaymizki, bu do‘stlarimiz hamda yangi muxlislarimiz yangi yilda ham biz bilan hamkorlikni davom ettirishadi.
Qadrli do‘stlar! Kirib kelayotgan yangi 2018-yil muborak bo‘lsin!
I. UMAROVA