Armonli dunyoning armonli shohi
MISLSIZ ISTE’DOD SOHIBI
Prezidentimizning Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarori butun xalqimizni behad quvontirdi. Ayniqsa, adabiyot, she’riyat ixlosmandlari bu tarixiy voqelikni nihoyatda ko‘tarinki ruhda qarshi oldilar.
Keyingi yillarda shoh va shoir, mohir sarkarda, olim Bobur Mirzo shaxsini o‘rganish Yevropa mamlakatlarida ham qizg‘in tus olgan. U nafaqat ulkan saltanat tuzgan buyuk davlat arbobi, balki adolatparvar shoh, buyuk shoir, yetuk qomusiy olim – tarixchi, adabiyotshunos, tilshunos, geograf, tarjimon, fiqhshunos sifatida o‘rganilmoqda. “Boburning butun hayoti tinimsiz urushlar, halovatsizlik, sargardonlik, xiyonatlar ichida o‘tganini hisobga olsak, bu insonning naqadar tug‘ma iste’dod sohibi bo‘lganini, qomusiy bilimlarni egallaganini bildiradi”, deb yozadi italiyalik professor, turkolog olim Elizabet Ragagnin.
Dunyo tan olgan mashhur yozuvchi Chingiz Aytmatov bir ijodiy suhbatda shunday degan ekan: “... Yaqinda hindistonlik bir olim va yozuvchi bilan suhbatlashdim. “Biz Boburni Hindistonning asl farzandi sifatida ulug‘laymiz. Garchand u dastlab bizga fotih sifatida kelgan esa-da, u bizning umumtaraqqiyotimizdagi katta kuchga aylandi. Bobur asos solgan imperiya xalqimizning tarixiy rivojiga benihoya katta ulush qo‘shdi”– dedi u faxr bilan.
Darhaqiqat, manbalardan ma’lumki, Bobur Mirzo hind o‘lkasidagi mayda-mayda, tarqoq qabilalarni birlashtirib, bepoyon mamlakatni idora etuvchi yagona, qudratli bir davlatni barpo qildi. Zabt etgan yurti xalqining moddiy va ma’naviy boyliklarini talab, tashib ketmadi. Uning ona tiliga hurmat bilan qaradi. Elda ahillikni vujudga keltirib, inson uchun nojoiz, bema’ni urf-odatlarga barham berib, yurtni obod ayladi. Mamlakat dahosi Javoharla’l Neru Boburdan minnatdor bo‘lib, uning faoliyatiga yuksak baho bergan, Boburni “dilbar shaxs”, deb ulug‘lagan.
BOBURNI BOG‘LAGAN RISHTALAR
Taniqli yozuvchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Qamchibek Kenja “Boburiylardan biri” deb nomlangan kitobida shunday yozgan: “Qobul – Zahiriddin Muhammad Boburning mehr-u muhabbatiga sazovor bo‘lgan tarixiy shahar. “Boburnoma”ni o‘qiganlar biladi, uning bir necha sahifasida Afg‘onistonning viloyatlari, jumladan, Qobul va uning tumanlari mehr bilan ko‘p va xo‘p tasvirlanadi: iqlimi, tabiati, tog‘-adirlari, chashma-buloqlari, ajoyib fasllari ta’riflanadi. Zero, Bobur Qobuldan aytarli yomonlik ko‘rmagan, aksincha, ko‘p omonlik va ro‘shnoliklar ko‘rgan, bu yurtda g‘alaba va omadlar nashidasini surgan. Bobur hayotining eng quvonchli va gashtli davrlari shu joyda, o‘zi yaratgan bog‘-rog‘larda o‘tgan. Uning suyukli farzandlari Humoyun, Hindol, Gulbadanbegimlar shu go‘zal shaharda tavallud topishgan. Balki shu sabablar bois Bobur Hindistondalik paytida Andijon kabi Qobulni ham mudom sog‘inib, qo‘msab yashadi, hatto abadiy oromgog‘ining Qobuldagi o‘zi bunyod etgan bog‘da bo‘lishini tiladi, vasiyat qildi... Ha, Boburni Qobul bilan bog‘lab turgan rishtalar bisyor va mustahkam edi.
Qamchibek Kenjaning sayohatnomalaridan birida boburshunos Hamidulla Hasanovning quyidagi gaplari ham keltirilgan: “Qobulga kelgan har bir kimsa Bobur maqbarasini ziyoratgoh deb biladilar. Har yili Navro‘z bayramida – 21 mart kuni aholi Bog‘i Boburga kelib, birinchi ko‘chatni o‘tqazadi. Qobulliklarning ko‘chat ekish haftaligi shu bog‘dan boshlanadi. Boburga shu qadar izzat-ehtirom ko‘rsatgan qobulliklarga balli, Bobur maqbarasini supurib-tozalab turgan bog‘bonlarga balli!”
MAQSADIMGA YETMADIM
Milodiy 1530-yil 26-dekabrda Hindiston mulkining hukmdori Bobur podshoh Agradagi o‘z qo‘li bilan obod qilgan Zarafshon bog‘ida olamdan o‘tdi. Ko‘pchilik Boburshoh keyingi yillarda xilvatnishinlikni orzu qilib, bir necha karra “Ko‘nglim saltanat va podshohlikdan olindi, shu Zarafshon bog‘ida bir burchakda o‘tirsam, podshohlikni Humoyunga bersam”, deganini eshitgan edi. Aslida ham bu niyat Boburshohning ko‘ngil orzusi edi. U dunyodan ko‘z yumish oldidan ham “Shu maqsadimga yetmadim”, deya armon qildi.
O‘n bir-o‘n ikki yoshidan boshlab umri jang-u jadal, sarsonlik-sargardonlik ichra kechgan, ona yurtini tark etishga majbur bo‘lgan Bobur Mirzo umrining shomida ulug‘vor saltanatga asos solgan bo‘lsa-da, ko‘ngli g‘arib, iztirobli bo‘lib qolaverdi. Uning ko‘ngli halovat istar, saltanat esa halovat berolmasdi. Uning nazarida “Podsholik bila yolg‘izlik rost kelmas”. Shu sababdan ham o‘zini podshohlikdan qutqarmoq istagan Bobur umrining shomini ijodga, so‘fiyona turmushga bag‘ishlashni orzu qilardi.