Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Quyoshni to‘smagan tog‘

O‘zbekiston xalq shoiri – Omon Matjon 2002-2006-yillarda “Gulxan” jurnaliga bosh muharrir bo‘lganlar. Garchi ustozning hayoti va faoliyatida bu yillar negadir eslanmagan bo‘lsa-da, hech ikkilanmay aytishim mumkinki, bu davr Omon aka hayotidagi eng tiniq damlar, eng  baxtli vaqtlar  edi. Buni ishga har kuni ko‘tarinki kayfiyatda, yangi-yangi rejalar bilan kelishlaridan sezganmiz. Biz ham  u kishini quvonch va g‘urur bilan kutib olardik. Xuddi kelishib olgandek, birinchi kundanoq Omon og‘aga ustoz, deb murojaat qildik. Aslida, eng to‘g‘ri yo‘l ham shu edi. Omon Matjon  hayotda ham, ijodda ham ustoz bo‘la olgudek yuksak salohiyat egasi edi.

– Bu bino juda tabarruk maskan. Bu yerlarga hazrat Shayx Xovandi Tohur bobomizning  poyqadamlari yetgan. Bu binoga poklanib, pok niyat bilan kirish kerak, – degandilar jamoa bilan ilk tanishuvdayoq. – Inchunun,  beg‘ubor olam  egasi bo‘lgan bolalarga xizmat qiluvchi “Gulxan” jurnali ham ana shunday muqaddas dargoh, – deb qo‘shib qo‘ygandilar mamnuniyat bilan.

Omon og‘a jurnalning ko‘p yillik taxlamlari bilan tanishib chiqqach jamoamizni yig‘dilar.

— Bolalar, men jurnalni avvaldan yaxshi bilaman, yaxshi ko‘raman. Ammo bolalar olamiga chuqurroq kirish uchun uni yana bir karra ko‘rib chiqdim. Va bir narsaga e’tiborni qaratgim keldi. Biz bugun mustaqil yurt bolalarini tarbiyalayapmiz. Demak, O‘zbekistonning  kelajagi bugun biz bolalarga berayotgan bilim, ma’lumotlarga ko‘p jihatdan bog‘liq. Shunday ekan, birinchi galda ularga o‘zligimizni anglatishimiz, kimlarning avlodi ekanligimizni, kimlardan ulgi olishimiz, kimlarga o‘xshashimiz lozimligini amalda ko‘rsatishimiz kerak. Bu degani, bugungi kunda  qulog‘imizga tez-tez chalinayotgan “g‘oyaviy bo‘shliq”ni  ma’rifiy-ma’naviy milliy g‘oya bilan to‘ldirishimiz kerak, degani. Agar bolalarimiz o‘zligini anglasa, ishonsa, tayansa bo‘ladigan suyanchlarini bilsa,  ularni hech qanday buzg‘unchi g‘oya chalg‘ita olmaydi. Ildizi baquvvat tarbiyani yiqita olmaydi. Bu, albatta, bo‘lim boshliqlari ko‘proq o‘qib izlanishi, jurnalda yangi rukn, yangi sahifalar ochishi kerak degani, – dedilar.

      Shu tariqa jurnalda Jaloliddin Manguberdi, Pahlavon Mahmud, Najmiddin Kubro, Beruniy kabi buyuk salaflarimiz hayoti haqida hikoya qiluvchi “Bobolarimiz” rukni dunyoga keldi. “G‘azal qasrining yetti malikasi” sahifasida Nodira, Uvaysiy, Mahzuna, Zebuniso kabi shoiralarimiz ijodi, faoliyati tahlil qilindi.

–   Bolalarimizni boy  adabiy merosimiz bo‘lgan – xalq og‘zaki ijodi bilan tanishtirish kerak, – dedilar bir kuni ustoz va bu borada domla Omonulla Madayevga murojaat qilishni taklif qildilar. Bo‘lim boshlig‘i  Nosir Boymirzayev bu haqda domlaga yetkazdi. “Avval jurnalingdan uch-to‘rtta olib kel-chi, tanishib ko‘ray”, – debdilar domla.

– Ustoz, Omonulla aka jurnalni o‘qib, “Jamoaga rahmat, “Gulxan”ga Omonni kelgani sezilibdi. Bo‘ldi,  sizlarga bugundan boshlab muallifman, – dedilar. Jurnalda xalq og‘zaki ijodi janrlari haqida “Meros” rukni ostida suhbatlar olib boradigan bo‘ldilar. Dastlabki suhbat “Guldursun” dostonining yaratilishi, qahramoni haqida ekan, – quvonib xabar berdi Nosir.

Abduqodir Hayitmetov, Saidbek Hasan kabi navoiyshunos olimlarning Navoiy ijodidan saboqlari, shoir Miraziz A’zamning Navoiyning ustozlari haqidagi qiziqarli hikoyalari esa jurnalimiz nufuzi yanada oshishiga sabab bo‘ldi.

–   O‘zbekiston dunyoga yuz burmoqda, o‘zbek bolalari dunyoni tanishi kerak, – bot-bot uqtirardi ustoz. Ana shu maqsadda jurnalxonlarni Van Gog, Anri Matiss kabi dunyoning o‘nlab mashhur rassomlari  hayoti va ijodi bilan, “Baron Myunxauzenning sarguzashtlari”, “Kalila va Dimna”, “Panchatantra” kabi  jahon adabiyotining noyob durdonalari bilan, Nobel mukofoti tarixi,  bu mukofot sohiblari bilan tanishtirdik.

– O‘zbekistonning kelajagini yaratuvchi avlodni tarbiyalayapmiz. Unutmang, biz ko‘rsatadigan mislsiz foyda mamlakatimizning ertasini porloq qiluvchi ma’naviyatli yoshlarda ko‘rinadi. – Ustozning bu bashorati, bugun adabiyotimiz safiga qo‘shilgan o‘nlab ijodkorlar misolida ham o‘z tasdig‘ini topdi. Ustoz bir suhbatlarida:

– Xorazmda tog‘lar yo‘q emas, bor: – Xorazm tog‘lari vohani tongda quyoshdan to‘sib qo‘ymaslik uchun odamlar qiyofasida yashashadi:

– Xorazmiy, Beruniy, Pahlavon Mahmud, Ogahiy, Hojixon, – degan edilar. Faylasuf shoir  Omon Matjonning o‘zi ham ana shu tog‘lar safidalar desam, xato qilmagan bo‘laman.

Ustoz ta’biri bilan aytganda, xotira – Vatanning bir bo‘lagi, oliy qadriyat. Xotira uyg‘ongan qalb iymon yog‘dusi ila nurafshondir. Bugun xotiraga aylanib, bizni sog‘intirib abadiyat sari yo‘l olgan ustozning  boqiy hayotdagi yo‘llari nurafshon, ruhi  o‘zi orzu qilgan valiy zotlar safida bo‘lsin, deb duo qilamiz.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.