Nasrdagi nazmlar
...Adabiyotni hech bo‘lmaganda “Odobiyot” deb tushunishsa edi.
* * *
... Go‘zallikni ko‘rganda beixtiyor chapak chalib yuboradigan kishilarni sog‘inaman.
* * *
Ko‘z – topadi. Ba’zan, yashiradi ham!
* * *
Bahorda gullash bilan birga... chirish ham boshlanadi. Agar ko‘karmasang, chiriysan!
Endigina tili chiqqan qizillab qizg‘aldoq shabadada chayqalib yonboshidagi sag‘anani turtdi:
– Hoy, tursang-chi, bahor keldi-ku!
* * *
– Erkinlik nima?
– Intilmoq. Kurashmoq!
– Imkon bo‘lmasa-chi?
– Hamma imkoniyatlarga kurashib erishasan. Kurashdan tashqaridagi hayot (agar bu hayot bo‘lsa) bo‘shliq...
Demak, erkinlikning yashash qonuni – kurashmoq!
* * *
Odamlar bir-birlariga qarab o‘zlarini rostlaydilar.
* * *
...Dushmanning xatosi dono qiladi, do‘stniki ado...
* * *
Yashashni o‘rgat menga, ey qalamcha ko‘chat! Seni ko‘rganimda lablarim tars-tars yorildi! Qirqilgan vujuding yerdan qarz olib hamki, hayotga intilyapti.
Men esa tomirlarimda gurkirab yotgan hayotimni hech kimga baxsh etganimcha yo‘q. Ey qalamcha ko‘chat, menga yashashni o‘rgat...
* * *
O‘zining haqligin biron marta yoqlay olmagan odam boshqani himoya qila olmaydi.
Omon MATJON