Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Hisor haybati hayratlari

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xo­di­mi, xalqimizning sevimli yozuvchisi – Normurod NORQOBILOVni siz ham yaxshi taniysiz. Chunki  adibimiz uzoq yillardan buyon “Gulxan” jurnali bilan hamkorlik qilib keladilar. Yozuvchining o‘smirlarning o‘y-tashvishlari, tabiat, jonivorlar  haqidagi  bir-biridan qiziq qissa va hikoyalarini aka-opalaringiz  bilan birgalikda mazza qilib  o‘qigansiz. Qashqa vohasining Yakkabog‘ tumanidagi  Qishliq qishlog‘ining  haybatli tog‘lari, betakror  qir-adirlarida  hayrat va havas bilan  chopqillab yurgan  jajji bolakay  qanday qilib bunday  katta  yozuvchiga aylandi, bu yo‘lda nimalar unga turtki bo‘ldi? Ushbu sahifamizni o‘qisangiz, bu haqda  batafsil bilib olasiz.

 

ONAM ERTAK AYTGANDA

Bolaligimda kuz, ayniqsa, qahraton qishning uzoq tunlari men uchun o‘ta farog‘atli kechardi. Chunki onam Hanifa momo Xolmirza qizining kechqurunlari aytadigan ertaklari tufayli har daf’a o‘zimni butunlay o‘zga bir olamga tushib qolgandek his etardim.

Bu olamga qadam qo‘yishim hamon tun qo‘ynida gupillab yog‘ayotgan qorni ham, uzoq-yaqindan uv tortayotgan bo‘rilar ovozini ham, ularning uvlashlariga javoban ovul itlarining dam jur’atli, dam jur’atsiz akillashlarini ham unutib onam tomonidan o‘ta go‘zal yo‘sinda so‘zlanayotgan ertak bag‘riga sho‘ng‘ib, xayolan yaxshilarga yondashib, yomonlar bilan kurashib yurardim. Ya’ni o‘zimni besh-olti yoshli bola emas, kelbati tog‘day bahodir yigit sifatida his etardim. Ertaklar olami ong-u shuurimni butunlay sehrlab qo‘yardi. Boz ustiga, har kech aytiladigan ertaklar mazmunan g‘oyatda rang-barang bo‘lib, goh yuksak tog‘larda kezinib, goh qalin o‘rmon bag‘rida adashib-uloqib yurardim, goh biydek dashtda sang‘ib, goh qumli sahroda tashnalik azobini tortardim; ba’zan esa ona bo‘ri bilan do‘stlashib, asalxo‘r qo‘ng‘ir ayiq bilan arazlashib qolardim. Har kech yuzaga keladigan bu g‘aroyib holat gohida yarim tungacha davom etardi. Onam yana haftada bir-ikki marta “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Shirin va Shakar”, “Yodgor”, “Rustam” kabi xalq dostonlarini ham ertakka aylantirib aytardilar. Onam dostonlarni otalari Xolmirza bobomdan, qisman suyukli To‘xta bobolaridan o‘rgangan bo‘lib, albatta, xalq baxshilari singari do‘mbira chertib emas, xuddi momolardek ertakka evirib aytardilar, ba’zan esa qadimiy aytimlarni kuylaganday, yarim ichki ovozda kuylab ham qo‘yardilar. U kishining ertaklariga biz aka-ukalardan tashqari, qo‘shni bolalar ham ishqiboz edi. Ular qimtinib, birin-sirin eshikdan kirib kelishganida keng uyimiz torlik qilib qolardi. Ammo, ko‘nglimiz g‘oyatda keng edi. Buning ustiga, bolalar bog‘chasida mudira bo‘lib ishlaydigan onam o‘ta bolajon bo‘lib, ertakka chanqoq bolalar qanchalik ko‘p jamlansa, shunchalik quvonar edi.

Ertak so‘zlash o‘ziga xos yuksak san’at ekanini, buni hamma ham eplay olmasligini xolam, ammam, bir-ikki qo‘shni juvonlarning urinishlaridan o‘sha vaqtdayoq boxabar bo‘lganman. Ayniqsa, otam Norqobil Omon o‘g‘lining ertak aytishi bizga ko‘p malol kelardi. Kechlari to‘rda yonboshlab yotishni xush ko‘radigan otamning gohida to‘satdan ertak aytgisi kelib qolardi-da, manavi matalni ham eshitinglar, deya ertak so‘zlashga tushardi. Ammo o‘xshata olmas, so‘zlar to‘zg‘ib, voqealar qovushmas, ovozi o‘zlari boshqaradigan zanjir oyoqli traktorning ovozi kabi guldurab, xayolimizni qochirardi. Zero, bu olam g‘oyatda nozik bo‘lib, qo‘pollikni ko‘tara olmasdi. Mazkur olam mening tasavvurimda quyidagi yo‘sinda gavdalanar edi, ya’ni mayin nurga yo‘g‘rilgan olam chetida Zumrad otliq qiz olis ufqqa xayolchan termulib turar, quyidagi so‘qmoqda esa ayyor tulkining makriga uchib, burama shoxli ulkan serkadan pand yegan kulrang bo‘rining qorasi ko‘zga tashlanar, qoyatoshlar orasidagi mo‘jaz bog‘da qo‘ng‘ir ayiq mevaxo‘rlik qilib, yashil o‘tloqda turfa chechaklar bahs yuritar, supa yanglig‘ qo‘ng‘ir qoyatoshda yonboshlab yotgan Alpomish go‘zal Oybarchin haqida xayol surib, turli ertak qahramonlari bo‘lmish bir talay yigit-qizlar g‘alati yog‘dulanib turgan g‘aroyib sayhonlikda g‘ujg‘on o‘ynar, ayrimlari esa o‘ychan kezinib yurardi. Muhimi, ertaklar ta’sirida ona tabiatga, butun borliqqa o‘zga bir nigoh bilan nazar tashlardik, jonivorlarni ozorlamasdik. Bu – bir, ikkinchidan esa, maktabga qatnay boshlagach, ajoyib kitobxonga aylandik, maktabni bitirgach, deyarli barchamiz turli oliy o‘quv yurtlari talabalari bo‘ldik. Albatta, bunga avvalo ertakka bo‘lgan qiziqish, so‘ng kitobxonlik bosh sababchi bo‘lgan. Onamning qo‘shni ovuldan kelin bo‘lib tushgan uch bolalik juvonga aytgan quyidagi gapi hanuz esimda: “Agar bolalarim o‘qimishli bo‘lsin desang, har kech ertak aytib berishdan erinma, so‘ng kitobga bog‘la ularni!”. Bizga harf tanitgan ilk o‘qituvchimiz Toshtemir Hasanov ham: “Ertak eshitib ulg‘aygan bolada o‘qishga havas, bilimga chanqoqlik hissi erta uyg‘onadi!” – deya ko‘p ta’kidlar edi.

BO‘RI BILAN ILK UCHRASHUV

Qishlog‘imiz kishi havas qilgulik ajoyib makondan, ya’ni ikki davr izlari tutashgan sarhaddan o‘rin olgan. Qishloqning g‘arbi-shimoliy tomonida taxminan yigirma uch million yilga cho‘zilgan Neogen davriga tegishli qizil tuproqli kenglik yastangan bo‘lsa, janubi-sharqiy tarafida dunyodagi eng yuksak tog‘lardan biri bo‘lmish Hisor tog‘ining paydo bo‘lishi jarayonida yuzaga kelgan bo‘z tuproqli katta-kichik qir-u do‘ngliklar bo‘ylangan bo‘lib, ular ortida Hisor tog‘i savlat to‘kib turardi. Qishloqdan tog‘gacha bo‘lgan masofada, ya’ni bir-biriga tutashib, mingashib ketgan ulkan qirliklar, vahimali chuqur jarliklar, odam oyog‘i yetib-yetmagan soyliklardan iborat yovvoyi hududda turli jonivorlar juda serob edi. Bolalik paytimizda bo‘rilar galasining dam-badam qishloq oralab qolishlari yoxud tulkilarning tovuq o‘marishlari qishloq ahli uchun oddiy va odatiy hol edi.   

O‘shanda hali maktab yoshiga yetib-yetmagan esam-da, ammo biror-bir sabab bilan podaga qo‘shilmay, qo‘rada saqlanadigan ushoq jonivorlarni har kuni ma’lum vaqt dashtda aylantirib kelishga yaraydigan o‘ta tetik bolakay edim. Aksariyat tengqurlarimga malol keladigan bu yumush menga juda xush yoqardi.                   

O‘sha kuni havo tumanli bo‘lib, ellik-oltmish odimdan narisini ilg‘ash mushkul edi. Bu kabi tumanli havoni azaldan yaxshi ko‘rardim, chunki o‘zimni bulutlar orasiga yoxud o‘zga olam og‘ushiga tushib qolgandek his qilar edim-da! Uydagilarga jardan nariga o‘tmayman desam-da, ammo ko‘pincha jarlikdan o‘tib, lalmida tentirab yurardim. Shu kuni tuman quyuq bo‘lsa-da, jonivorlarni to‘g‘ri lalmiga haydadim. Nega deganda, odatda, quyuq tuman ko‘pga cho‘zilmaydi, yarim soat, uzog‘i bilan bir soatdan so‘ng undan asar qolmaydi. Axir, do‘ngda soqchidek qo‘nqayib, go‘yo tuman qa’ridan g‘aroyib mavjudod lop etib chiqib keladigandek, tevarakni sergak kuzatishning rohatiga nima yetsin! O‘zingni botirlarning botiri sanab, dam-badam tomoq qirgancha, qo‘lingdagi kaltakni o‘qtin-o‘qtin o‘ynatib qo‘yish haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Bir-biriga baqamti tushgan egiz tepalikdan biriga ko‘tarilib, endigina o‘zimni zo‘r qo‘riqchi sifatida his qila boshlaganimda, to‘satdan ko‘zim ikkinchi tepalik yag‘rinida cho‘nqayib turgan “ovcharka” zotli itga tushib qoldi va havasdan yuragim tars yorilay dedi. Bejiz emas, chunki dumi va quloqlari kichikligida kesib tashlanadigan qishloq itlari xunuk va ko‘rimsiz bo‘lib, bunday chiroyli itlarni biz faqat kinolarda ko‘rardik. Darvoqe, bir marta tuman markazida ham ko‘rgandim. Men ko‘rgan it qo‘ng‘irtob edi, bu it esa kulrang tusda bo‘lib, qorin sohasi va quloqlari ichidagi tuklari oqishroq edi. Havo tumanli bo‘lsa-da, nechundir ranglarni ilg‘ay oldim. Bu orada jonivor men tomonga nopisand qarab qo‘ydi-da, so‘ng go‘yo tuman og‘ushida biqinib turgan nimanidir payqaganday, to‘g‘riga qadalib oldi. Bu turishida na bezovtalik, na xotirjamlik sezilar, shunchaki uloqib kelib qolgan jonivorday tutardi o‘zini. Shu tobda uni qo‘lga kirtish uchun hamma narsaga rozi edim. Ammo qo‘limdan hech narsa kelmas, hatto uning e’tiborini o‘zimga qaratish uchun berishga burda nonim ham yo‘q edi. Biroq ichki bir sezgi, o‘zingni bos, haddingdan oshma, deya meni jilovlab turardi. Azbaroyi unga esim oqqanidan, qo‘rquvdan pastdagi sayoz jarlik tubiga to‘planib olishgan qo‘y-echkilarimni payqamabman ham.

Bir payt, xuddi osmondan lop etib tushganday, yonimda past bo‘yli, sariq yuzli, qisiq ko‘zli Xurram ovchi paydo bo‘lib qoldi. Qishloqning eng mohir ovchilaridan bo‘lmish amaki bu safar qurolsiz edi. U tashvishli xirqi ovozda jahl bilan dedi: “Buytib jondor bilan tiklashib turibsan, nima joningdan to‘yganmisan?!”. Qani endi, kutilmagan bu gapni ong-u shuurimga singdira olsam: “Qanaqa jondor? Nahotki, jondor bo‘lsa u?! Jondor bo‘lsa, nega menga, nega jonliqlarimga tashlanmadi?” Shu anqayishda “it”ning g‘oyib bo‘lganini payqamay qolibman. Lekin aytilgan gap qanchalik vahimali bo‘lmasin, zig‘ircha qo‘rquvni his etmadim. Chunki yirtqichning o‘zini sokin tutishi qo‘rquvga tushishimga izn bermas, buning ustiga, bo‘rilar haqidagi bolalarcha tasavvurimni tubdan o‘zgartirib yuborgandi. Shu kezgacha bo‘ri zotini duch kelgan jonga yuhoday tashlanuvchi o‘ta qonxo‘r yirtqich sifatida tasavvur etardim. Yo‘q, ularning ba’zi bir harakatlari itlarnikiga o‘xshab ketarkan, ular ham xuddi bizdek turli paytda turlicha kayfiyatda bo‘lishar ekan.    

Ushbu voqea sabab bo‘lib birinchi ertagimni to‘qiganman, to‘rtinchi sinfga o‘tganimda u haqda ilk hikoyamni yozganman. Bu hikoyalarim qog‘ozlar orasida yo‘qolib ketgan esa-da, ammo voqea xotiramda qolgan. Sakkizinchi sinfga o‘tgan yilim Xurram ovchiga shogird tushib, u kishi bilan dala-dashtlar, tog‘-u toshlarni kezishni boshlaganman. Bu kamdan kam bolalarga nasib etadigan omad edi.

XULQIM BAHOSI

Ikkinchi sinfda o‘qib yurgan chog‘larimizda muallimimiz Toshtemir Hasanov partalar oralab yurib, ona tilidan berilgan vazifalarni tekshirar edi-da, qizil qalam bilan daftarga tegishli baholarni qo‘yib ketaverardi. Kimdir besh baho olib quvonar, boshqa birov ikki bahodan norozilanib, o‘zicha to‘ng‘illardi. Barcha qatori men ham “besh”ni orzular edim. Biroq boshim “uch” va “to‘rt”dan chiqmasdi. Shunga ko‘ra, “besh” ko‘zimga bo‘lakcha ko‘rinar, ya’ni “ikki” singari ilonday gajaklanib turmasdi. Bundan tashqari, biror fandan “ikki” olgan kunim, albatta, uydagilardan gap eshitardim, “besh” olsam, maqtov qatori, konfet bilan siylanardim. Bir kuni ne sababdandir o‘qituvchimiz daftarlarni tekshirmadi. Bajarilgan vazifa tagiga o‘zim qizil qalam bilan “besh” baho qo‘yib qo‘ya qoldim. Natijada, oqshom uyda maqtov eshitib, konfet bilan siylandim.

Ertasi kuni muallimimiz, har damgidek, tag‘in daftarlarni tekshirar ekan, men qo‘ygan besh bahoga birpas tikilib turdi-da, so‘ng uning ustiga chiziq tortib, yoniga gajakdor kattakon ikki bahoni qo‘yib, sekin dedi: “Bu – xulqingning bahosi!”

MUSOBAQA

Beshinchi sinfda goh o‘g‘il bolalar orasida, gohida esa o‘g‘il bolalar bilan qizlar o‘rtasida yugurish musobaqalari bo‘lardi. Bu kabi bellashuvlarda qizlardan Misqolga, o‘g‘il bolalardan Normo‘minga teng keladigan chopag‘on yo‘q edi. Ayniqsa, Misqol manaman degan o‘g‘il bolani changda qoldirib ketardi. Navbatdagi musobaqada O‘roloy bilan yuguradigan bo‘lib qoldim. O‘roloy – o‘ta chaqqon qiz. O‘tgan safargi yugurishda Salim degan sinfdoshimizni ortda qoldirgan edi. Biroq bu daf’a men bilan yugurishini eshitib, kayfiyati tushganday bo‘ldi. Chunki men ham chopag‘onlardan biri edim-da! O‘roloyni yarim yo‘lda qoldirib ketmog‘imga ishongan holda navbat kelishini kutib turar ekanman, yugurish oldidan andak hayajonlanishga tushgan qizning ko‘zlaridagi g‘amgin ifodani ko‘rib, allanechuk bo‘lib ketdim. Ayni shu payt o‘zi bilan yugurgan qizdan ko‘p emas, jindekkina ilgarilab kelgan va bundan o‘zida yo‘q quvonib, irg‘ishlayotgan sinfdoshim ko‘zimga juda bachkana ko‘rindi. Qiz bola ustidan g‘oliblik o‘g‘il bolaga sira yarashmas ekan, degan o‘yda, bir xayolim, yugurishdan bosh tortmoqchi bo‘ldim. Biroq bu g‘alati musobaqani o‘ylab topgan jismoniy tarbiya o‘qituvchimiz qattiqqo‘l edi. Chetga chiqish istagida g‘imirlayotganimni sezib; Nima, mag‘lub bo‘lishdan cho‘chiyapsanmi? deya joyimga qaytardi. So‘ng o‘ng qo‘lini baland ko‘tarib, kalta hushtak chalgancha, yugurishga start berdi. Avvaliga O‘roloydan o‘zib chopdim, keyin u bilan tenglashib chopdim, yugurish yo‘lagining yarmini bosib o‘tganimizdan so‘ng esa qizdan yarim odimcha ortda qolib chopdim. Natija ayon – O‘roloy g‘olib bo‘ldi. Bu holdan qizlar quvonib, o‘g‘il bolalarning ensasi qotdi. Ular nazarida, g‘alabani boy bergan noshud bolaga aylandim. Ana shunda bu jarayonni chetdan sinchkov kuzatib turgan o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Mustafo Boyqobulov yonimga kelib, g‘olib sensan, degan ohangda asta dedi: “O‘zingni yengib, qiz bolaga yon bosa bilding, ofarin!” Qizlar orasida shodumon boqib turgan O‘roloyning ko‘zlarida ham aynan shu ma’noni o‘qiganday bo‘ldim.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.