Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tanishing g‘oliblar

Baxtsizlikdan yaralgan baxt

Insho

Reja:

I.    Kirish.

1. Beg‘uborlik dunyosining ijodkori

II.   Asosiy qism:

2. Xudoyberdi To‘xtaboyev – o‘zbek ada­biyotining zamonaviy bolalar yozuvchisi

3. “Besh bolali yigitcha” – men sevgan asar

4. Adib asarlarining tarbiyaviy ahamiyati

 

III. Xulosa.

Mangulikka daxldor ijod

 

Dunyodagi eng beg‘ubor asarlar bolalarga bag‘ishlangan  asarlar,

eng shirin yolg‘on esa bolalarga to‘qilgan yolg‘ondir.

(Janni Rodari)

 

Bolalik! Bu davrni kimlardir sho‘xlik dav­ri, o‘yinqaroqlik, shaddodlik davri deb, atay­di. Men o‘rganish davri, deb nomlagan bo‘lardim. Chindan ham, tug‘ilibmizki, yu­rish­­ni, gapirishni, keyinchalik asta-sekin yo­zish­ni, o‘qishni o‘rganamiz. Bolalikda bizga fikrlarni o‘rgatadilar va shu nuqtada savol pay­do bo‘­lishi tabiiy: fikrlarni o‘rganayotgan bo­lakay qachon kimdan fikrlashni o‘rganadi? Fikrlash, tasavvur, tafakkur qilishni o‘zimizda o‘zimizgina paydo qila olamiz. Bunda albatta, kitoblarning o‘rni beqiyos. Kitob bo‘lganda ham, aynan biz bolalarga ba­g‘ish­langan ki­toblar bolaning aqliy va ruhiy dunyosiga quv­vat bag‘ishlaydi. “Zolushka”, “Qor malikasi’”, “Bola va Karlson”, “Alisa mo‘­­jizalar mam­la­katida” asarlari bolaligimning yoddan o‘ch­mas sahifalari bo‘lib qolgan. Boshqa davlat, o‘zga millat ismlari keltirilgan asarlarni o‘qi­ganimda, qahramon o‘zbek bo‘lgan kitoblar o‘qishni judayam xohlagan edim! Yillar o‘tib, topib oldim. Bular Xudoyberdi To‘xtaboyev asarlari edi.

Biz adibning “Shirin qovunlar mam­la­katida”, “Sariq devni minib”, “Besh bolali yigitcha” romanlarini bir kulib, bir yig‘lab mutolaa qilganmiz. Bu esa ijodkorning ishontira olish mahoratidan darak beradi. Xudoyberdi To‘xtaboyev suhbatlarining birida mashhur yozuvchi Lev Tolstoyning ushbu so‘zlarini es­lab o‘tadi: “Biz yozuvchilar, hammamiz yolg‘onchilarmiz, lekin shu yolg‘onga ishon­tira olish quvvatimizga qarab katta-kichik yozuvchilarga bo‘linamiz”. Darhaqiqat, Xu­doy­berdi To‘x­ta­­boyev ham cho‘pchaklariga ishon­tira oldi. Ishontira olmaganida biz qa­chondir sehrli qalpoqcha yo‘limizda uchrab qolishini kutib katta  bo‘larmidik? Xudoyberdi To‘xtaboyev, nafa­qat, o‘zbek bolasini, balki dun­yo bolalarini ishontirib, ularning ko‘ziga hayrat uchqunlarini olib kirdi.

Asarlarning kitobxonni kuldirishi, yig‘la­tishi o‘z yo‘liga. Unda tarbiyaviy ahamiyat alo­hi­da e’tirofga loyiq. Ayniqsa, bolalar ada­biyotiga bu jihat juda zarur. Masalan, biz “Mungli ko‘zlar” romani orqali o‘zganing ha­qini yeyish insonga hech qachon baxt olib kelmasligini, oiladagi notinchlik farzandlar ruhiyatiga, tarbiyasiga ta’sirini anglagan bo‘l­sak, “Omonboy va Davronboyning sargu­zashtlari”da yaxshilikning naqadar ulug‘ligi haqida so‘z boradi. Barchamiz bilgan “Sariq devni minib” va “Sariq devning o‘limi”ida hech bir sehr, hech bir mo‘jiza ilm olishdek, o‘rganishdek qudratga ega emasligi yosh kitobxonga qayta-qayta uqtiriladi. Faqat ilmgina insonni yuk­saltirishi, har qanday kat­ta maqsadiga yetaklab borishini undan o‘rganganman. “Jan­nati odam­lar” kitobi bobosi haqida yozilgan bo‘lib, meni ta’sirlantirgan asarlar ro‘yxatimga kirgan. Yozuvchi bu kitobda aynan bobosi orqali yaxshiliklarning, ezgu fazilatlarning ulug‘ligini ochib bergan.

Menga “Besh bolali yigitcha” asari juda yoqdi. Urushga bag‘ishlangan kitoblar, badiiy adabiyotlar talaygina. Lekin ular orasida bola­lar taqdiri yoritilgani kamdankam uchraydi. “Besh bolali yigitcha” – urush davri ha­qida yozil­gan asar. Bo­la­likni be­­bosh­lik dey­miz, sho‘x­lik deymiz. Le­kin hammaning ham bolaligi shun­­day be­g‘ubor o‘taver­may­di. Shun­day bo­la­lik­lar borki, bo­lalik emas, b­a­lolik davri deb nomlasa arziydi. Ro­­man bosh qah­ramon – Orif, ti­lidan hikoya qi­linadi. Aynan urush sababli ota-ona­­si­dan ayrilgan o‘s­mir besh nafar uka­ga ona o‘rnida ona, ota o‘rnida ota bo‘lishi kerak edi. Kitobda ularning zah­mati, taqdir yuborgan qiyinchiliklari mo­hirona aks etgan. Bolaligi yo‘q bolalar haqida eshitganmisiz?! Eshitmagan bo‘lsangiz albatta, “Besh bolali yigitcha”ni o‘qing. Shun­dagina bugungi tinch kunlarimizga shukronalar aytasiz. Men Orif timsolida kurashlarda yi­qil­maslikni, sinovlarda irodali bo‘lishni va har qanday vaziyatda jigarlarni qo‘llab-quvvatlashni o‘rgandim. Aka-singil, opa-ukalar mehribonlik uyiga o‘tkazish­ganida ayrilib ketishlari mumkin edi. Lekin ularni mehr bog‘ladi. Ha, chinakam mehr. Xudoyberdi To‘xtaboyev bolalarni urush davriga, uning zahmatiga ishontira oldi, tasavvur uyg‘otdi. Asarning baxt bilan tugashi meni baxtli qildi.

Kimdir bolakaylarga nimadir ga­pir­moqchi, nimanidir yaxshi tushun­tir­moqchi bo‘lsa, engashib qulog‘iga ga­piradi. Bo‘lmasa, gapining hammasi ha­vo­ga uchib ketadi. Bolalar yozuvchisi bo‘lish ham xuddi shunday, pastga tu­shishni, bola dunyosiga moslashishni ta­lab qiladi. Shundagina yozuvchi murg‘ak qalblardan o‘z o‘rnini topa oladi. Ijodkor Orif Tolib aytadi: “Bolalarga atab yozadiganlar kam. Chunki bu yo‘nalishda katta gaplarni, katta dardlarni ifodalash qiyin”. Lekin Xudoyberdi To‘x­taboyev buning uddasidan chiqa oldi. U millat dardlarini, yaralarini bolalar hayotida bolalarcha ko‘rsatib bera oldi.

Umr bo‘yi ko‘plab kitoblar o‘qiymiz, ma’lumotlarga ega bo‘lamiz. Lekin baribir bolalikda, beg‘u­borlik davrida o‘qilgan kitoblar umri­miz oxiriga qadar yodimizda qoladi. Bu borada Xudoyberdi To‘xtaboyevni mangulikka daxldor ijod­kor, deb atash mumkin.       

 

Muazzamoy MUHAMMADOVA,

Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani

36-maktabning

7-“B” sinf o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.