Adabiyot bayrami
Yaqinda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tadbirlar zalida bo‘lib o‘tgan katta bayram, nafaqat, bolalar adabiyoti ixlosmandlarini, balki Gulxanjonni ham nihoyatda xursand qildi. Payqadingiz, gap O‘zbekiston xalq yozuvchisi, o‘zbek bolalar adabiyotining fidoyi ijodkori, “Sariq devni minib”, “Sariq devning o‘limi”, “Shirin qovunlar mamlakatida”, “Mungli ko‘zlar” kabi sara asarlari bilan bolalar adabiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, unga yangi ruh, yangi ovoz olib kirgan katta-yu kichikning birday ardoqli yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev tavalludining 90 yillik yubileyi haqida.
Xudoyberdi aka 1978-1983-yillarda “Gulxan” jurnaliga rahbarlik qilganlar. Ustoz millat bolalarining fe’l-atvori tiniq yoritilgan asarlari bilan dunyo bolalari qalbini ham zabt etdi. Jahonning 40 dan ortiq mamlakat tillariga asarlari tarjima qilindi.
Hashamatli tadbirlar zali Xudoyberdi To‘xtaboyevning tavallud kunini nishonlashga kelgan muxlislar bilan liq to‘ldi. Gulxanjon bu yerda ustozning farzandlari, o‘zining bolalik o‘rtoqlarini ko‘rib rosa xursand bo‘ldi. Nabiralariga esa bobolari haqida ular eshitmagan esdaliklarini aytib berdi.
Ustoz yubileyi bahona bolalar adabiyoti bayramiga aylangan anjumanni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid kirish so‘zi bilan ochdi.
O‘zbekiston respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad, Bolalar adabiyoti kengashi raisi Orif To‘xtash adib hayoti va ijodi haqida ma’ruza qilishdi. Sh.Akbarov, M.Hamidova, B.Karimov, Dilshod Rajablar ustoz bilan ishlash jarayonida bo‘lib o‘tgan, ibratli voqealar, Xudoyberdi akaning insoniy fazilatlari haqida hayajon bilan so‘zlashdi. Yozuvchi asarlarining chinakam muxlislari vakili sifatida tadbirda qatnashgan Yashnobod tumanidagi 244-maktab o‘quvchilari adib asarlaridan sahna ko‘rinishlari namoyish qilishdi.
Tadbir bolajon ijodkor nomi, betakror asarlari, sevimli qahramonlari qiyofasida kitobxonlar qalbida uzoq yillar saqlanishiga qat’iy ishonch ruhida yakunlandi.
O‘z muxbirimiz