Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Marafon

KITOBLARDAN IQTIBOSLAR

Qadrli do‘stlar! Esingizda bo‘lsa, o‘tgan sonimizda kitoblardan iqtiboslar marafoniga start bergan edik. Toshkent Amaliy fanlar universiteti talabasi Dildora Rustamova Asqad Muxtorning “Chinor” romanidan o‘zi yoqtirgan fikrlarni yozib yuboribdilar.

Siz ham sevimli asaringizdan barcha o‘qishi shart deb bilgan parchalaringizni tme//GulxanBolajon ga yuborishingiz mumkin. Ehtimol, keyingi  sonimiz “qahramoni” aynan siz bo‘larsiz!

                                                     * * *

Forobiyning akasini Baljuston shohi asir oldi. Asirlar sakkizinchi mo‘jizani yaratishi kerak edi. Sakkizinchi mo‘jiza barpo bo‘ldimi, yo‘qmi roviylar bilmaydilar. Ammo odam qalbidagi go‘zallik tuyg‘usi mo‘jizalar mo‘jizasi ekan-ki, inson usiz inson emasdir.

 

                                                     * * *

Faqat tepadan qarab o‘rgangan odamgagina pastdagilar to‘da bo‘lib ko‘rinadi. Aslida esa pastda ham alohida-alohida odamlar yashaydi. Har birining o‘z aqli, o‘z istagi bor. Har qaysisi – bir dunyo.

                                                     * * *

Bilasizmi dada, borib-borib odamning axloq boyligi yetmay qolmasmikin – men nuqul shuni o‘ylaydigan bo‘lib qoldim. Odam yadro ichidagi dahshatli kuchlarni ozod qilyapti. Bu bilan o‘zi ham jismoniy jihatdan yuz marta, ming marta kuchliroq bo‘ladi. Bu qudratni o‘ziga qarshi qaratmaslik uchun axloqiy kuchi yetarmikin? Axloqiy irodani yadrodan olib bo‘lmaydi, fandan olib bo‘lmaydi, qayerdan oladi?

                                                     * * *

O‘tmishni yoppasiga zulmat qilib ko‘rsatadiganlarni yomon ko‘raman.

                                                     * * *

O‘zbek hech qachon gado bo‘lgan emas. Noni bo‘lmasa bo‘lmagandir. Ammo ko‘ngil qashshoqligi unga begona edi. Ulug‘bekning Ptolemey bilan yonma-yon turgan  suratini ko‘rganmisiz? Beruniy “Iliada”ni  yunon tilida o‘qigan, men sizga aytsam. Sanskrit tilidan arabchaga tarjimalar qilgan Al-Farg‘oniy Bag‘dod akademiyasining akademigi edi. Uni Dante “Ilohiy komediya”sida tilga oladi. Mashrabning o‘zini oling! Jasorati, taqdiri jihatdan o‘sha davr sharq sharoitida Jordano Brunodan  nima farqi bor?

                                                     * * *

Bilimdon odamning kitobga zor bo‘lishidan yomoni yo‘q.

                                                    * * *

“Jamiyat manfaati” degan gap bor. Odamlar u haqda qanchalik kam o‘ylasalar, o‘z ruhiy holatlari, axloqiy kamoloti haqida o‘ylashlariga shunchalik ko‘proq vaqt qoladi va zulm, qatl, qon to‘kishlar shunchalik kamayadi. Odam o‘zi tufayli odam o‘ldirmaydi. Yor-u birodarlari tufayli o‘ldirish osonroq. “Jamiyat manfaati”  uchun esa minglab odamlarni qirishadi.

                                                     * * *

A.Muxtorning “Kamolot kaliti” maqolasidan.

Maktab bitta narsani, butun ma’naviy hayotda hal qiluvchi rol o‘ynaydigan bir ko‘nikmani bera oladi. Bu – mustaqil mutolaa, mustaqil fikrlash, mustaqil tahlil ko‘nikmasi, kitobga muhabbat.

                                                     * * *

Kitob yashash mohiyatini topib olishga yordam beradi. Kutubxona – bizning ma’naviy hayotimizni loyihalashtiruvchi laboratoriyadir. Eng yaxshi yozuvchilar hamma vaqt odam hayoti, odam kamoloti va taqdiri haqida o‘ylagan.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.