“Shaolin”dan “Ты супер”gacha
Bolalik – juda jo‘shqin davr. Bu paytda har birimiz ko‘nglimizdagi orzu-maqsad va g‘ayratga tayanib katta ishlar qilishga, elga tanilishga harakat qilamiz. O‘zimiz o‘xshashni xohlagan qahramonni qidirib kitob o‘qiymiz, filmlar tomosha qilamiz. Bu borada bizning omadimiz chopgan, desak xato bo‘lmaydi. Negaki, Yashnobod tumanidagi 152-maktabda o‘rnak olsak arziydigan, faxrimizga aylangan o‘quvchilar bor. Ulardan biri – shaxmat bo‘yicha jahon va olimpiada chempioni Nodirbek Abdusattorov bo‘lsa, ikkinchisi 11-sinf o‘quvchisi – 3 yoshida katta sahnada ilk ijrosi – “Non yopganda” qo‘shig‘i bilan ustozlar e’tirofiga sazovor bo‘lgan xonanda Shirin Abdullayeva. Endigina 16 yoshni qarshilagan maktabdoshimiz xonanda sifatida ko‘plab nufuzli tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan.
Shirin 2021-yil Moskvada o‘tkazilgan “Ты супер” loyihasida 1-o‘rinni zabt etdi, o‘tgan yili Ispaniyada o‘tgan “Fiestalona Milena” xalqaro festivalida Gran Pri sohibasi bo‘ldi. Uning “Bezori”, “Yana o‘sha bezori”, “Qaytolmayman”, “Metro” nomli qo‘shiqlari allaqachon tengdoshlarining sevimli qo‘shiqlariga aylangan. Quyida yosh bo‘lishiga qaramay, san’at olamida o‘z o‘rnini topgan, qo‘shiqsevar muxlislari mehrini qozonishga ulgurgan xonanda Shirin Abdullayeva bilan qilgan suhbatimizni e’tiboringizga havola qilamiz.
– Shirin opa, qo‘shiq aytishni kimdan o‘rgangansiz, oyingizdanmi yoki birorta xonandaga havas qilibmi?
– Biz oilada beshta qizmiz. Men kenjasiman. Hamma narsada opalarimga ergashganman. Qo‘shiq aytishda ham. Opachalarim ashula va raqs to‘garaklariga borishardi. Kechqurunlari uyda bir-birlariga o‘rganganlarini namoyish qilishardi. Men ularning yonidan jilmasdim. 3 yoshimdayoq o‘zimcha ashulalar aytishni boshlab yuborganman. Onam mendagi bu intilishni ko‘rib, “Tantana” bolalar ashula va raqs guruhiga olib bordilar... Bir necha yil shu guruhda qo‘shiq aytish va raqs sirlarini o‘rgandim. Ustozga ovozim ma’qul bo‘lgach, yoshimga mos qo‘shiqlarni alohida o‘rgata boshladilar.
– O‘zingiz rus sinfida o‘qiysiz, o‘zbekchada to‘la-to‘kis gapirasiz. Yana qaysi xorijiy tillarini bilasiz?
– Yana, ingliz va xitoy tillarida erkin gaplashaman. Xitoychani “Shaolin” maktabida o‘rganganman.
– Xitoydagi “Shaolin” maktabidami?! Qiziq, u yerga qanday borib qolgansiz?
Otam xizmat safari bilan bir muddat Xitoyda yashagan. O‘shanda “Shaolin” maktabidagi tartib-intizom, o‘qitish uslubi otamga yoqib qolgan ekan. Bilasizmi, maktabga qabul qilinganimda Xitoy tilida salomlashishni bilardim, xolos. Otamga bergan va’dam, o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqim sabab ko‘pchilik juda qiyin, deb o‘ylagan xitoychani tezda o‘rganib oldim. Eng quvonarlisi, men “Shaolin” maktabida tahsil olayotgan O‘rta osiyolik birinchi o‘zbek qizi edim. Begona yurtda, musofirchilikda yashash, o‘qish oson bo‘lmagan, albatta. U yerda qat’iy intizom, maxsus kun tartibi bo‘lardi. Har kuni tonggi besh yarimda uyg‘onib, maktab atrofidagi tog‘da yetti kilometr yugurish majburiy edi. Yugurib kelgach, dam olishga vaqt bo‘lmasdi. Apil-tapil nonushta qilib, mashg‘ulotga borardim, 4 soatlik mashg‘ulotdan kelib, tezda tushlik qilardim-da, maktabga ketardim.
– “Shaolin” maktabida “Merosxo‘r” filmida suratga tushganingizdan xabarimiz bor. Bu filmga kim taklif qilgan?
Men hurmat qilgan rejissor Rustam aka Sa’diyev. Aynan men ular tasavvur qilgan qahramonga o‘xshagan ekanman. Shunda ham rolni kastingdan o‘tganimdan so‘ng berishgan. Avval ham filmlarda suratga tushganman. Lekin ko‘pchilik meni “Merosxo‘r” filmi orqali taniydi.
– Shirin opa, men maktabimizdagi bayramlarda she’r o‘qiyotganimda yoki gapirayotganimda oyoqlarim qaltirab, so‘zlarimdan adashib ketaman. Sizni ko‘p kuzatganman, nufuzli tadbirlarda, hatto tanlovlarda ham o‘zingizni xotirjam tutasiz. Buni qanday uddalaysiz?
– Menimcha, bu – tajriba va ustozlar o‘giti samarasi. Chunki, bolaligimdan tadbirlarda qatnashaman. Hayajon yoki sahnada o‘zini yo‘qotib qo‘yishni o‘ziga ishonmaslikda, deb bilaman.
– 16 yoshda xalqqa tanilish, ular mehrini qozonish oson emas. O‘ylashimcha, siz bunga ham oddiy hol deb qaraysiz.
– Yo‘q, aslo unday deb o‘ylamayman. Bu – birinchidan, omad, ikkinchidan, tinimsiz mehnat samarasi, deb bilaman.
– Tengdoshlarimiz orasida ham aktyorlikka, qo‘shiq aytishga qiziqadigan bolalar ko‘p. Ular orzulariga yetish uchun nima qilishi kerak?
– Har doim o‘zlariga ishonishsin, hech qachon mashaqqat va malomatlarga taslim bo‘lishmasin. Biror yutuqqa erishgandan keyin o‘z ustida ishlashdan to‘xtab qolishmasin. Asosiysi, kamtar bo‘lishsin.
– Hayotdagi eng katta maqsadingiz?
– Ota-onamni rozi qilish, yetuk san’atkor bo‘lish. Eng muhimi, o‘zbek qizlari bilimda, ma’naviyatda, tarbiyada hech bir millat qizidan kam emasligini isbotlash.
Shirin opa, samimiy suhbatingiz uchun rahmat. Orzularingiz ushalishiga tilakdoshmiz.
Rayxona ABDURAUFOVA,
Muslima IKROMOVA