Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Talaba ustoz

“Hunarni asrabon  netgumdir oxir, Olib tufroqqami ketgumdir, oxir”. Mutafakkir bobomiz Аlisher Navoiyning ushbu hikmati Toshkent Pediatriya instituti talabasi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Mohira Boltayevaning hayotiy shioriga aylangan. Talaba qiz bugungi kunda Olmazor tumanidagi Prezident ta’lim muassasalari agentligiga qarashli Аbu Аli ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda faoliyat yuritmoqda. Shogirdlar ustozlarining 2019-yil Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida bronza, Butunjahon kimyo olimpiadasida kumush medalarini qo‘lga kiritgani bilan faxrlanishar, unga o‘xshashga astoydil intilishardi. Natija ko‘ngildagidek bo‘ldi. Bugunga kelib Mohiraning to‘qqiz sho­girdi ana shu mukofotga sazovor bo‘ldi. Zero Mohira shogirdlarini har taraflama bi­limdon bo‘lishlari uchun bor iqtidor va salohiyatini ba­g‘ishlamoqda.

18 yoshidan buyon Xalqaro olimpiadalarga tayyorlovchi trenerning o‘quvchilari 2021-yil Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida 2 ta kumush va 1 ta bronza, Butunjahon kimyo olimpiadasida esa 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. 2022-yilda shogirdi Azimjon Jamolov Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida rekordni oltin medal olish bilan yangiladi.

– Shogirdlarim Maftuna Badalova, Ik­ro­middin Mahammadov, Emir-Ali Gafarovga kumush, Azizbek Nazarov, Shahzoda Ha­ki­mo­valarga esa bronza medali nasib etdi.

— Iste’dodli bola bilan har qanday pedagogning ishlagisi keladi, — deydi Mo­hira Boltayeva. — Shuning uchun Xal­qa­­ro olimpiadalarga nomzod sifatida eng iq­ti­dorlilar saralab olinadi va bu guruhda har oy mini-olimpiadalar o‘tkaziladi. Shu tariqa o‘quvchilar dinamikasida o‘sish holati kuzatiladi. O‘quvchilarga hayotda yuz be­rayotgan eng so‘nggi yangiliklarga oid masalalar beriladi. Tayyorlanish jarayoni asta-sekin murakkablashib boradi, nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Shu tariqa olimpiada boshlangunga qadar ular har tomonlama pishib borishadi.

Bugun yelkasiga katta mas’uliyatni yuklagan yosh pedagog o‘quvchilarni ruhan va ma’nan tarbiyalab, ularni jahonning bilimdon bolalari bilan kuch sinashishib, ulardan ustunliklarini namoyish qilishlarida madadkor bo‘lmoqda.

— Nufuzli Xalqaro bellashuvlarda ishtirok etib, ilm-fan dunyoda naqadar oldinda ekanligiga ishonch hosil qildim, — deydi zavqlanib Mohira. — Chunki menga o‘xshagan ilmli, bilimdon yoshlar ko‘p ekan. Ammo maqsadim aniq, ruhim tetik, bilimimga ishonchim mustahkam edi. Imtihon jarayonida o‘zimni go‘yoki uyimda o‘tirgandek his qilishga uringanman. Shunda qog‘ozimdagi masalalar oson va qiziqarli tuyuladi, deb o‘ylaganman. Bugun o‘quvchilarimga olimpiadada shunday yo‘l tutishni bot-bot takrorlayman. Zero, o‘zingizni erkin, xotirjam sezsangizgina yaxshi natijaga erishasiz. Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan qaror bilan 150 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandim. Bu menga va shogirdlarimga qilingan e’tiborning cheksiz namunasi.

Darhaqiqat, yurtimizda yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigi ochiq ekan, talaba va o‘qituvchi qiz Mohiraga o‘xshagan shijoati jo‘shqin, g‘ayrati toshqin yoshlar o‘z bilim va mahorati bilan olamni lol qoldiraveradi.

 

Azim AXTAMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.