Assalom, Navroʻz
Bolalar, atrofga sinchkovlik bilan qarang, diqqat bilan quloq soling. Nimani eshitdingiz? Judayam mayin, juda shirali ovozni, to‘g‘rimi. Judayam tanish ovoz, lekin kimligini eslolmayapman, deysizmi? Tanishligi rost, bu sizga olam-olam zavq beruvchi bahor elchisi – mitti boychechak.
Bu jajji chechakka qarang, qanchalik nozik, lekin juda jasoratli. U qahraton qish qahridan qo‘rqmay, Navro‘z kelishini ham kutmay bahorning ilk bayrami – 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan onalarni, opa-singillarni qutlash uchun qor ostidan dadil bosh ko‘taradi.
Mana 32 yildirki, biz Navro‘zni – Sharq xalqlarining yangi yil bayramini nishonlaymiz. Bu ham Mustaqilligimiz sharofati bilan. Avvallari Navro‘z eskilik sarqiti sifatida qoralangan edi. Qadimiy qadriyatimiz Navro‘z Mustaqilligimiz bilan barobar o‘sib, mustahkamlanib, kuchga kirib boryapti. Navro‘z aslida bayramlarning onasi, chunki u Sharqda yil boshi hisoblanadi, keyin esa qator bayramlar... Rivoyatlarda aytilishicha, tun bilan kun “Kim zo‘r”, – deb tortishib qolishgan ekan. Bilasiz, qishda tun uzun bo‘ladi, yozda esa kun. Buni qarang, 21-martda kun bilan tun teppa-teng bo‘lib qolar ekan. Bu kun bahoriy tengkunlik, deb ataladi. Shu kuni kun bilan tun yarashib, do‘stlashib olishadi. Ana shu do‘stlik munosabati bilan bu bayram ezgulik, yaxshilik bayrami hisoblanadi. Shu kuni urishganlar yarashadi, bir-birlarini anchadan buyon ko‘rmaganlar uchrashib, dildan suhbatlashishadi. Qozonlarda halim, sumalaklar qaynaydi. Dehqon bobo dalaga chiqib, ko‘pchib turgan yerga yaxshi niyat bilan urug‘ qadaydi. Siz bolalar esa hali doshqozon atrofida qo‘shiq aytib aylanasiz, hali bo‘tana suvga to‘lib oqayotgan ariq labidan yalpiz, jag‘-jag‘, ismaloq terasiz. Tanaga darmon bo‘luvchi bu ko‘klardan onangiz tandirda somsa yopadi. Siz yana dastyorlik qilasiz. Bu somsalarni eng avval, bobo-buvingizga, keyin qo‘shni momo-bobolarga ulashasiz. Momolar sizni bag‘riga bosib, duo qiladi. E’tibor berganmisiz, siz bahorga judayam o‘xshaysiz – chiroylisiz, sho‘x, beg‘uborsiz. Shuning uchun ham bahorni beg‘ubor bolalikka o‘xshatishadi. Odatda Navro‘zda hamma bir-biriga yaxshi tilaklar bildiradi.
Biz ham eng avvalo, Ona O‘zbekistonimiz tinch bo‘lsin, Navro‘z yurtimizga fayz-baraka olib kelsin, bog‘, dalalarimizda hosil mo‘l bo‘lsin. Bolajonlarimiz sog‘-salomat, serg‘ayrat, odobli, yurt koriga yaraydigan o‘g‘il-qizlar bo‘lsin, deb tilak bildiramiz. Alloma bobomiz Navoiy hazratlari ta’biri bilan aytganda, har kunimiz navro‘zday beg‘ubor, har tunimiz qadr kechasidek fayzli bo‘lsin.