Iqbol Mirzo
Mirzaaliyev Iqboljon Mirzakarimovich (Iqbol Mirzo) – 1967-yil 1-mayda Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumaniga qarashli Qo‘shtegirmon qishlog‘ida ziyoli oilada dunyoga kelgan. Otasi o‘qituvchi bo‘lib, bolalarining ta’limiga katta e’tibor bergan. She’riyatga havasni tog‘asi, shoir, Abdulla G‘ulom uyg‘otgan. Besh yoshida S. Yeseninning o‘zbek tiliga tarjima qilingan she’riy to‘plamini yod oladi. 7 yoshdan she’rlar mashq qila boshlagan. 1984-yili o‘rta maktabni oltin medal bilan bitirib, Farg‘ona davlat pedagogika institutiga o‘qishga kirdi. Mehnat faoliyatini 1992-yil Toshkentda “O‘zbekiston tabiati”, “Vatan” gazetalarida boshladi. 1994–1996-yillarda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Assalom, O‘zbekiston!” studiyasida muharrir, katta muharrir, bosh muharrir, “Do‘stlik” telekanali bosh muharriri, “O‘zbekiston” telekanali direktori o‘rinbosari lavozimlarida ishladi. 1999-yil “Shuhrat” medali, 2005-yilda “O‘zbekiston xalq shoiri” unvoni, 2014-yil “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. 2006–2018-yillar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari sifatida faoliyat olib bordi. 2017-yil O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi etib tayinlandi. Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari sifatida faoliyat olib bormoqda.
Iqbol Mirzo 80-yillarda o‘zbek adabiyotiga o‘ziga xos ovoz bilan kirib keldi. O‘zbek adabiyotining zabardast vakillari qatorida buyuk adib Chingiz Aytmatovning ham nazariga tushdi. 1993-yil ilk she’riy to‘plami – “Yurakning shakli”, shundan so‘ng “Ko‘ngil”, “Seni sog‘inaman” (1994), “Meni eslaysanmi?” (2000), “Tanlangan she’rlar” (2002), “Qo‘shiqlarim”, “Seni bugun ko‘rmasam bo‘lmas” (2004), “Sizni kuylayman” (2008) kabi kitoblari chop etildi. Nasrda ham samarali ijod qilib, bir nechta hikoyalari va “Bonu” romani e’lon qilindi. Edmon Rostanning “Sirano de Berjerak” dramasini tarjima qildi. “Samarqand sayqali” pyesasi sahnalashtirildi. 2020-yil uch tomlik asarlari nashrdan chiqdi.
Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti ixtisoslik shifri bo‘yicha “Qadimgi turkiy maqollar semantikasi va stilistikasi (“Devonu lug‘ati-t-turk” materiali misolida)” mavzusida dissertatsiya yoqladi va filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasiga ega bo‘ldi.