Moziydan sado
Zahiriddin Muhammad Bobur dunyoga kelgan paytlarda temuriyzodalar hukmronlik qilgan Movarounnahr va Xuroson o‘lkasida Xoja Ubaydulloh Ahror (Xoja Ahrori Valiy, 1404–1490)ning nufuzi nihoyatda baland edi. Uning sharofati tufayli, temuriy hukmdorlar o‘rtasidagi ko‘plab nizoli vaziyatlar tinchlik yo‘li bilan hal qilinar edi. Bu voqealar “Boburnoma”, “Abdullanoma” kabi mo‘tabar kitoblarda bayon qilingan. Xoja Ahrorga Boburning otasi Umarshayx mirzo shu qadar ixlos qo‘ygan ediki, Xoja uni doimo “o‘g‘lim” deb ardoqlar edi.
1483-yilning 14-fevralida Farg‘ona viloyati hukmdori Umarshayx mirzo xonadonida o‘g‘il farzand dunyoga keldi. Umarshayx mirzo Xoja Ubaydulloh Ahrorga odam yuborib, shahzodaga ism qo‘yib berishni so‘raydi. Xoja chaqaloqqa Zahiriddin Muhammad, ya’ni “Muhammad (s. a. v.) dinining tayanchi”, – deb ism beradi.
U paytda chig‘atoylar ko‘chmanchi hayot kechirishar, o‘troq emas edi. Ular Zahiriddin Muhammadni aytishga qiynalishardi, shu sababli uni Bobur (sher) deb atardilar. Xutba va yorliqlarda uni “Zahiriddin Muhammad Bobur” deb aytishdi va yozishdi.
Keyinchalik, Bobur o‘ziga ism qo‘ygan piri komil, ma’naviy ustozi (Ubaydulloh Xoja Ahrori Valiy)ning “Risolai Volidiya” asarini turkiy tilga nazmiy (she’riy) tarjima qildi. Bu bilan Bobur xoja oldidagi ulkan ma’naviy qarzni ado etgan bo‘lsa ajab emas.
Zero, naqshbandiya tariqatining o‘sha davrdagi oliy maqom vakili Mahdumi A’zam – Sayyid Ahmad ibn Jaloliddin risola tarjimasiga yuksak baho bergan.