Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Aybdor telefonmi?

Jasur 12 yoshga toʻldi. Bobosi nabirasining muchal yoshini qutlab unga qoʻltelefoni sovgʻa qildi.

– Bir kecha-kunduz quvvatlantirdim, ijtimoiy tarmoqqa ham ulangan. Ikkalamizning telefon raqamlarimiz juda oʻxshash. Ichida senga yoqqan qoʻshiqlar, oʻyinlar ham bor, – jilmaydi bobosi. – Agar xohlasang, hoziroq oʻyin oʻynashing mumkin.

– Telefon bobongning sovgʻasi boʻlgani uchun tutishingga ruxsat berdim. Faqat yoshingga toʻgʻri kelmaydigan har xil saytlarga kirmaysan, – tayinladi dadasi. Mehmonlar ketgach akasi Jasurning telefoniga ovozli ertaklar oʻtkazib berdi. Tugʻilgan kuniga oʻzi kutganidan ham yaxshi sovgʻa olgani uchun Jasur juda xursand edi. Shundanmi uyqusi qochib ketdi. Asta oʻrnidan turib telefonini olib, oʻyin boshladi... Kech uxlagan boʻlsa-da vaqtli uygʻondi. Lekin negadir boshi ogʻrib qolgandi. U nonushtadan soʻng telefonini qoʻliga oldi. “Maktabdan kelgach, sen bilan oʻynayman”, deb pichirladi. Avaylabgina stol gʻaladoniga soldi. Maktabda oʻrtoqlariga telefon haqida aytgandi, ular “maqtanmasdan olib kel, avval koʻraylik”, deyishdi.

– Qiziqmisan, maktabga telefon olib kelish mumkin emas, bunga dadam ham ruxsat bermaydilar, – koʻnmadi Jasur.

– Unda nega maqtanasan?! Qoʻltelefon boʻlgandan keyin qoʻlingda yurishi kerak. Direktorimiz faqat yuqori sinf oʻquvchilariga telefon olib kelishga ruxsat bermaydi. Biz bilan ishi yoʻq. Sen dadangga bildirmay papkangni tagiga solib qoʻy. Men ham olib kelaman. Telefonimda turklarning “Chuqur” seriali yozilgan. Yangi qismlari, mazza qilib koʻramiz, – dedi Sardor.

Ertasi kuni Jasur telefonini olib keldi. Lekin sinfda uni papkasidan olishga yuragi dov bermadi. Uyga qaytishayotganida Sardorlarning koʻchasi boshidagi xiyobonga kirishdi. Oʻrindiqqa oʻtirib endi telefonni titkilay boshlashgandi, 10-sinfda oʻqiydigan Samad kelib qoldi.

– O, tirmizaklar-ey, telefonchilik qilyapsizlarmi? Direktorga aytib beraymi, qani apparatni buyoqqa ber, – Jasurni qoʻliga yopishdi Samad.

– Yoʻq, tegmang, – Jasur yigʻlab yubordi.

– Qoʻrqma, bratishka, telefoningga tegmayman. Shunchaki koʻrmoqchiman. – Jasur beixtiyor kaftini ochdi.

– Oʻ, zoʻr-ku, mening telefonimdan ekan. Sigʻimi ham katta. Xohlasang, oʻzimdagi jangari oʻyinlarni oʻtkazib beraman.

– Jangari oʻyinlar kerakmas, dadam urishadi, – dedi Jasur.

– Dadangga bildirmaymiz, rostdan ham Samad akamning telefonida bokschilarning televizorda koʻrsatilmaydigan janglari bor. U yerdagi zarbalarni koʻrsang, qotib qolasan, dahshat, – bilagʻonlik qildi Sardor.

Jasur xoʻp deganday bosh silkidi.

– Faqat bir shart bilan, – dedi Samad. – Men telefoningdan har zamonda foydalanib turaman.

Jasur rozi boʻldi. Oradan bir-ikki oy oʻtdi. Bu vaqt ichida Jasur ancha oʻzgarib qoldi. Qaysar, choʻrtkesar, uydagilarga shartta gap qaytaradi. Darslardan sovudi. Erkatoy singlisini ham ayamay turtadigan, hatto uradigan odat chiqardi. Oyisi koyirdi-yu, bu haqda dadasiga aytmasdi. Biroq kechagi voqeadan keyin... Jasur oʻrtoqlari bilan koʻchadan begona mushukni ushlab olishibdi-da, kallasini kesib, oʻzini qoʻyib yuborishibdi. Shoʻrlik mushukning hammayogʻi qon, uch-toʻrt qadam yurib keyin yiqilibdi. Buni koʻrgan qoʻshni kennoyining yuragi yomon boʻlib hushidan ketib qolibdi. Mahallada toʻs-toʻpolon boʻldi. Dadasi Jasurni qiyin-qistovga oldi. Bilsa, Jasur oʻrtoqlari Umid, Sardor bilan telefondagi bir filmda boshi tanasidan uzilgan odamning bemalol yurib ketganini koʻrgach, uni tajribada sinab koʻrmoqchi boʻlishgan ekan...

Hali bu muammo tugamasdan uylariga Jasurni soʻrab ikkita barvasta yigit kirib keldi. Ular ranglari oqarib, qaltirab turgan Jasurni koʻrib hayron boʻlishdi. Keyin Qodir akani chetga olib gaplashishdi. Mana shu telefondan ularning 9-sinfda oʻqiydigan singillariga xunuk gaplar yozilgan SMS borgan ekan.

– Uni menmas, Samad akam yozgan, – dedi Jasur. Yigitlar Samadning manzilini olib chiqib ketishdi.

– Sen hali shunaqa yomon bolalar bilan oʻrtoq boʻlyapsanmi?! Boʻldi, bugundan boshlab ular bilan oʻrtoqchilikni uzasan, – dedi dadasi jahl bilan.

– Oʻrtoqlaridan emas, telefondan ajrating, – dedi oyisi.

– Ayb telefonda emas, undan nooʻrin foydalangan oʻgʻlimizda. Telefondan oʻrinli foydalansa, u eng yaxshi ustoz, qiziqarli axborotlar manbai, – dedi Qodir aka.

Jasur xursand boʻlib ketdi. Lekin...

 

Muhabbat HAMIDOVA

 

Hurmatli oʻquvchi, siz nima deb oʻylaysiz! Jasurning dadasi haqmi?! Sizningcha, ayb kimda, telefondami, undan koʻngli tusagani boʻyicha foydalanyotgan Jasurdami yoki telefonni maktabga olib kelishga undab, har xil oʻyin va videolavhalar joylab bergan oʻrtoqlaridami?!

Xatlaringizni kutamiz.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.