“Gulxan” uchrashuvlari
Toshkent viloyati Qibray tumani Chinobod qishlogʻidagi 27-maktabda “Bolaga kitob bering” nomli katta bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Bu bayram tashkilotchilari Sanobar Majidova rahbarligidagi 4-”A” sinf oʻquvchilari.
Maktab zaliga ota-onalar, oʻqituvchilar va barcha kitobsevar bolalar yigʻilishdi. Adabiy kechani maktab direktori Shahnoza Joʻrayeva ochdi. Zalda 4-sinf oʻquvchilari tayyorlagan ajoyib kuy va qoʻshiqlar yangradi. Kitob va bilim haqidagi sheʼrlar jarangladi. Tadbir mehmonlari – “Gulxan” jurnali bosh muharriri Zahro Hasanova hamda adabiyotshunos olima, bolalar yozuvchisi Zamira Ibrohimova kitob mutolaasi va uning oʻz hayotlaridagi oʻrni haqida gapirishdi. Bolalarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi. Oʻquvchilarga oʻzlarining asarlaridan taqdim etishdi. Maktab ota-onalar qoʻmitasi ham kutubxonaga oʻndan ortiq kitoblarni sovgʻa qildi.