Sakura soyasidagi suhbat
Aziz bolalar! Bilamiz har biringiz chet mamlakatlardagi tengdoshlaringiz hayoti, u yerdagi taʼlim tizimi, maktab, oʻquvchilarga qoʻyiladigan talablar, ularning burch va vazifalari haqida bilishni istaysiz. Ana shularni inobatga olib, jurnalning ushbu sonidan boshlab “Dunyo maktablari” ruknini tashkil qildik.
Ilk suhbatni noyob isteʼdodlar vatani Yaponiya maktablaridan boshladik. Kunchiqar yurt maktablaridagi faoliyat, taʼlim-tarbiya talablari, milliy qadriyatlar va urf-odatlar haqida koʻpdan buyon oilasi bilan Yaponiyada istiqomat qilayotgan yurtdoshimiz Shahnoza AKRAMOVA hikoya qiladi.
Yaponiyada maktablar uch pogʻona: boshlangʻich, oʻrta va katta sinflarga boʻlinadi. Shunga qarab maktablar ham alohida-alohida. Boshlangʻich maktabda olti yil, oʻrta va kattalar uchun moʻljallangan maktablarda uch yildan, jami oʻn ikki yil oʻqiladi. Har bir maktabning oʻziga xos kiyimi bor. Faqatgina boshlangʻich maktablarda majburiy forma yoʻq. Ammo, jismoniy tarbiya darsining formasi bir xil boʻlishi shart va bunday kiyimlarni istalgan doʻkondan xarid qilish mumkin. Yurish va yugurishga qulay boʻlganligi sababli bolalar maktabdan tashqarida doimo krassovka kiyishsa, maktab ichida maxsus oyoq kiyim – cheshka kiyishadi. Koʻchada kiyilgan poyabzal bilan maktabga kiritilmaydi. Maktabni toza tutish, asrab-avaylashni katta-yu kichik birday oʻz burchi deb biladi. Majlis yoki tadbirga kelgan ota-onalar ham, albatta, oʻzlari bilan toza oyoq kiyim olib kelishadi.
Har bir chorak oraligʻida maktablarda ochiq darslar oʻtiladi. Ota-onalar farzandlari qanday taʼlim olayotganini, darslarning qay darajada oʻtilayotganini kuzatishlari mumkin. Bolalar navbatchilik asosida har kuni sinfni, parta va yoʻlaklarni oʻzlari tozalab chiqishadi. Bunday tozalik ishlariga ota-onalar ham jalb qilinadi.
Kunchiqar mamlakatida yozgi taʼtil qisqa – 40-42 kun deb belgilangan. Taʼtil kunlari bolalar bekor boʻlmasliklari, vaqtni behuda sarflamasliklari uchun qoʻshimcha topshiriqlar beriladi. Maktablarda xorijdan kelgan, yapon tilini umuman bilmaydigan bolalarni ham hech eʼtirozsiz qabul qilishadi. Chunki bu yerda bolalar darsga bormay, oʻqimay bekor oʻtirishi mumkin emas, degan fikrga qatʼiy amal qilinadi. Mening farzandlarimga ham maktab maʼmuriyati katta yordam koʻsatdi. Hokimiyatga murojaat qilib, bolalarim uchun alohida oʻqituvchi yollashdi. Oʻqituvchi har bir darsda farzandim yonida turib, tushunmaganlarini tushuntirib, darslardan tashqari paytda yapon tilini oʻrgatib bordi. Hozir farzandlarim bu tilda bemalol gaplasha olishadi.
Yaponiyada bolalarning ruhiyatiga alohida ahamiyat beriladi. Oʻqituvchi oʻquvchining yaxshi yoki yomon oʻqishi haqida sinfdoshlarining oldida gapirmaydi. Oʻqishi yaxshi boʻlmagan bolaning ota-onasi bilan alohida majlis oʻtkazib, muhokama qilishadi. Bolaning kamchiliklarini qay yoʻl bilan bartaraf etish yoʻllarini tushuntirishadi.
Oʻquvchilar suzishni bilishlari shart. Har bir maktabda basseyn bor. Choʻmilish darslari joriy qilingan. Mamlakat okean bilan oʻralganligi sababli har bir bolaga toʻgʻri suzish oʻrgatiladi. Maktablarda har yili sport festivallari boʻlib oʻtadi. Festivalda bolalar ikki guruhga boʻlinib bellashishadi. Ota-onalar, bobo-buvilar kelib tomosha qilishadi va oʻsha kuni festival katta bayramga aylanib ketadi. Bundan tashqari turli xildagi ekskursiyalar tashkil qilinadi. Sayohat maroqli oʻtishi uchun qiziqarli dasturlar, konsertlar, turli oʻyinlar tashkil etiladi.
Barcha toifadagi maktablarda nafaqat oʻquvchilarga, balki oʻqituvchilarga ham telefon tutish taʼqiqlangan. Faqat universitetlarga telefon olib borish mumkin, lekin uni ham dars jarayonida ishlatish mumkin emas. Telefonning ovozi oʻchirib qoʻyiladi. Eʼtiborimni tortgan tomoni, Yaponiya yoʻl transportlarida hech kim telefonda gaplashmaydi. Avtobuslarda ham telefon qoʻngʻirogʻini ovozsiz qilib qoʻyishadi. Transport ichida faqat SMSdan foydalanishadi. Bu esa haydovchi va yoʻlovchilarga xalaqit bermaslik madaniyatiga kiradi.
Yaponlarning tabiatga mehri baland. Ular har bir oʻsimlikka alohida eʼtibor bilan qarashadi. Ularning, “Har bir bola oʻsimlik ekishi kerak”, degan shiorlari bor. Bahor fasli boshlanishi bilan oʻquvchilar oʻzlarining gultuvaklariga loviya, pomidor va boshqa turdagi oʻsimlik koʻchatlarini ekishadi. Sinflar qaysi oʻsimlikni ekishni oʻzlari hal qilishadi. Yozgi taʼtilga chiqishdan oldin, oʻquvchilar tuvaklardagi oʻzi ekkan oʻsimliklarini uylariga olib ketishadi.
Bu yerdagi har bir maktabda kichik boʻlsa ham hayvonot bogʻi boʻlib, u yerda quyon, tovuq, toshbaqa va boshqa hayvonlar boqiladi. Masalan, qizimning maktabida akvarium bor. Bolalar baliqlarga navbati bilan ovqat berib, suvini tozalashadi. Oʻqituvchilar shu yoʻllar orqali bolalar qalbida tabiatga mehr uygʻotishga harakat qilishadi.
Mamlakatda bahor sakura daraxtining gullashi bilan boshlanadi. Bu daraxt gullaydigan vaqt xuddi bayramday oʻtadi. Yaponiyada “Xanami” degan udum bor. Bu – sakura gullaridan zavqlanish madaniyati, degan maʼnoni anglatadi. Odamlar ikki hafta davomida mana shu goʻzallikdan rohatlanish uchun daraxt ostida oila aʼzolari, doʻst-u birodarlar, hamkasblar bilan birga oʻtirib suhbatlashadi, ovqatlanishadi, tabiat goʻzalligidan zavqlanishadi. Eʼtiborli tomoni shundaki, dam olishgach, turli chiqindilarni yigʻishtirib, atrofni top-toza qilib qoʻyishadi. Shundan soʻnggina uylariga qaytishadi. Umuman olganda, yapon xalqining madaniyatiga havas qilsa arziydi.
Sahifani Nilufar JABBOROVA tayyorladi.