Bahor chechaklari
Bayramlarga boy mart oyida rahbarligimdagi 9-“V” sinf o‘quvchilari bilan “Agar ayol bo‘lmasa...” deb nomlangan tadbir o‘tkazdik. Bayramga tayyorgarlik jarayonida o‘quvchilarim onalarini qanchalik hurmat qilishlari va ustozlarini xursand qilishga oshiqayotganlaridan juda quvondim. Qizlar bilan onajonlar uchun kichik sovg‘alar, raqslarni rejaladik. Sinfdagi o‘g‘il bolalar ham o‘z chiqishlarini tayyorlashdi. Bayram kuni aziz mehmonlar tadbirga kelishdi. Hammasi o‘ylaganimizdek chiroyli va mazmunli o‘tdi. Buni tomoshabin onalarning ko‘zlaridagi quvonch yoshlaridan his qildik. Men esa o‘quvchilarimni onani sevishga, ustozlarni ardoqlashga unday olganimdan mamnun bo‘ldim. Zero, biz yosh avlodga nafaqat bilim berishimiz, balki ularning qalbida bahor chechaklari kabi ezgulik kurtaklari ochilishiga hissa qo‘shmog‘imiz darkor.
Dildora XOJIYEVA,
Toshkent shahar Yashnobod tumani
226-maktabning tarix fani o‘qituvchisi