Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ezgu niyatlar belanchagi

Ramazondagi aso­siy g‘oya ezgu niyat hi­sob­lanadi. Ramazon qo‘­shi­g‘ining aytilishiga sabab —  qilingan xolis ni­yat, orzularning ijobat bo‘lishiga umidvorlik, ilinj. Bu muborak qo‘shiqni aytgan bolalarni xursand qilish ko‘nglingizdagi bitta xira joyni poklash bilan teng.

O‘shanda yoshim o‘n birlarda bo‘lsa ke­rak, ro‘za oyi yoz paytiga to‘g‘ri keldi. Mahallamizdagi 10 na­f­ar men­ga teng­qur bo­lalar shomdan so‘ng ramazon aytib 15 tacha hovli eshigi oldida turardik:

Ramazon aytib keldik eshigingizga,

Xudoyim o‘g‘il bersin beshigingizga,

Qo‘chqordek o‘g‘il bersin beshigingizga.

O‘choqda kul, karmonda pul,

Chiqara qoling bir so‘m pul.

Bir so‘m pulning bog‘i bor,

Bog‘ida anori bor, anorining ichida

Shaqir-shuqur pullar bor.

O‘choqda kul, karmonda pul,

Chiqara qoling bir so‘m pul.

Odamlar 10 tiyin, 5 tiyin yoki bir burda non, yana kimdir ho‘l meva berardi. Bir kuni mahallamizdagi “Puchuq” laqabli odamning darvozasi oldida to‘planib ramazon aytayotganimizda, u narvon qo‘yib darvozasi ustiga chiqdi-da, bir chelak suvni ustimizga ag‘darvordi. Shu-shu ramazon aytganimizda o‘sha Puchuq akaning darvozasini chetlab o‘tadigan bo‘ldik.

Men uchun ramazon aytib, tengqurlarim bilan birga yurishning gashti o‘zgacha edi. Buvimning aytishlaricha, u kishi yosh qizaloq bo‘lgan davrlarida bashang kiyingan, Boychibordek otga mingan boy odamlar ham ramazon aytisharkan. Ular ramazon aytganda, so‘zlar quyilib kelarkan. Qiziq... Tasavvur qiliboq zavqlanib ketasan kishi. Demak, ilgari ramazon qo‘shig‘ini aytishga alohida e’tibor qaratilgan. Uni aytuvchilar xalqning diqqat markazida bo‘lganlar. Axir, ramazon insonlarning ezgu niyat bilan ehsonini amalga oshirishi uchun aytiladi. Bu ham poklanish uchun imkoniyat.

Men yashayotgan xonadon eshigi oldida bundan 30 yilcha burun uchta o‘zbek bola ramazon aytib kelishardi. Negadir bunday go‘zal holat boshqa qaytarilmadi.

Avloddan avlodga o‘tib kelayotgan bu muqaddas qadriyatimizning asli yo‘qolib ketishiga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim. Toki, ramazon ezgu niyatlar belanchagi bo‘lib qolaversin...

 

Mansurxon TOIROV,

fizika-matematika fanlari doktori, professor

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.