Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Eng nafis orzular

Har bir qiz bolaligida ertakdagi ma­li­kalardek go‘zal va betakror bo‘lishni orzu qilsa kerak. Baland zinalar tepasidan viqor bilan jilmayib, uzun ko‘ylaklarining bir uchini nazokat bilan ko‘targancha pastga tushib kelayotgan, sochlariga esa uni boshqa barcha qizlardan ajratib, husniga husn qo‘shib turgan – toj, bugungi atama bilan aytganda diadema taqib olgan sohibjamol malikani tasavvur qiling...

Istasangiz, bu xayollaringiz haqiqatga aylanishi ham mumkin. Ayniqsa, diademalar. Diadema – go‘zallik va nafislik timsoli. U har qanday qizni yanada go‘zal ko‘rsatadi. Kelinchaklar, san’atkorlar va tantanali ma­rosim ishtirokchilari uchun diadema har doim eng qadrli aksessuarlardan biri bo‘lib kelgan. Bu mo‘jizaviy bezaklarni sotib olish shart emas, o‘zingiz yasasangiz ham bo‘ladi. Yanayam qiziqrog‘i, bu hunar orqali nafaqat ijod qilish, o‘z ijod namunalaringizni yaratish, balki yaxshi daromad topish mumkin.

Diademalar yasash – oddiy bezak san’ati emas, yuqorida aytganimizdek, har bir qizga o‘zini malikadek his qilish imkonini beruvchi san’at turi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. U mayda bezak toshlari, marvaridlar, nafis metall simlar yordamida yaratiladi. Qo‘lda ishlangan diademalar har doim o‘ziga xos bo‘lib, ularni taqqan qizlarning go‘zalligi, husni bilan uyg‘unlashadi. Hunarmandchilikning ush­bu turi xotin-qizlar ichida bugungi kunda ham urf bo‘lib, ular diadema va o‘zbekona tillaqoshlarning yangicha, be­jirim va nafis ko‘rinishdagilarini ishlamoqdalar. Shu orqali o‘zini-o‘zi band qilib, daromad topishyapti.

Bu hunarning yana bir o‘ziga xos qulayligi shundaki, uni istagan joyda, hatto uyingizda turib ham o‘rganib olsangiz bo‘ladi. Dastlab qo‘llaringiz kelishmasligi, yasagan buyumlaringiz nuqsonli chiqishi mumkin, ammo tez fursatda qo‘li gul hunarmand bo‘lishingiz aniq. O‘rganish biroz qiyin bo‘lishi tabiiy, biroq, bir o‘ylab ko‘ring, vaqti kelib, oppoq libosdagi kelinchak to‘yi kuni siz yasagan diademani taqib chiqadi, turli yig‘in hamda oilaviy tadbirlarga borganida ham siz yasab bergan tillaqoshlarni taqib, hammaning havasini keltiradi... Bu hunaringizning eng yoqimli, eng g‘ururli jihati bo‘lsa kerak.

Yurtimizda milliy bayramlar, to‘y-marakalar ko‘pligi, dilbar qiz va ke­linlarimizning diadema va tillaqoshlarga bo‘lgan qiziqishi, talabi  yuqoriligini inobatga olsak, bu hunarni o‘rganish yaxshigina daromad topishingiz uchun ham qo‘l ke­ladi. Xo‘sh, qayerdan o‘rganish haqida o‘ylayapsizmi? Maktabingizda, mahallangizda amaliy bezak san’ati to‘garaklari bor bo‘lsa kerak, bu to‘garakka, albatta, qatnang. Balki shu hunar bilan shug‘ullanadigan qarindoshingiz, tanishingiz bordir. Unga shogird tushib, hunarmandchilikning barcha sir-asrorini o‘rganib oling. Eng zamonaviy va ko‘pchilik uchun qulay yechim – You tube ilovasiga kirib, “Diadema yasash” deb yozing, o‘zbek tilida juda ko‘p videodarslar chiqib keladi. Ularni diqqat bilan tomosha qilib, kerakli materiallarni sotib oling va videodagi kabi yasashga harakat qiling. Muhimi birinchi urinishdan qo‘rqmang. Ha, aytgancha, yasagan buyumlaringizni sotishni boshlasangiz, biz ham uning targ‘ibotiga yordam beramiz. Menimcha, eng maftunkor tillaqoshlar sizda bo‘lsa kerak.

Balki orangizda allaqachon bu hunarni o‘rganib olgan qizlar bordir. Agar shunday bo‘lsa, uning suratini bizga yuboring: biz esa eng bejirim, nafis diademalarni “Gulxan” jurnali orqali tengdoshlaringizga namuna sifatida ko‘rsatamiz.

Gulxanjon

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.