Sharafli yo‘l

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “II darajali Sog‘lom avlod uchun” ordeni va “Shuhrat” medali sohibasi, jurnalist va adiba Muhabbat Hamidova bu yil Navro‘z ayyomi arafasida 70 yoshni qarshiladilar. Muhabbat opa mehnat faoliyatini “Gulxan” jurnalida boshlab, shu yerda kamol topdi. U salkam ellik yil davomida sharafli va ijodiy faoliyatini O‘zbekiston bolalarining ma’naviyati va bilimini oshirishga bag‘ishlab kelayotgan fidoyi jurnalist.
Muhabbat Hamidova O‘zbekiston bolalari hamda o‘smirlari uchun birdek tanish ijodkor. O‘tgan yillar davomida “Gulxan” sahifalarining mazmun-mundarijasini boyitishda opaning alohida xizmatlari bor. Bolalar ongiga Milliy istiqlol g‘oyalari, milliy qadriyatlarimizni singdirishga, yangilanib, yuksalib borayotgan ona Vatanimizda bilim olish, ta’lim bilan bir qatorda tarbiyaning ham qudratli kuch ekanligini to‘la anglashlarida adiba yozayotgan maqola va hikoyalarning katta ahamiyati bor.
Muhabbat opa tahririyatga umid bilan ilk ijodiy mashqlarini olib kelgan yoshlarga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib, shogirdlar yetishtirdi. Bu yoshlar hozirda O‘zbekiston matbuotining turli jabhalarida xizmat qilishmoqda. Ular Faxriddin Hayit, Farhod Eshmo‘minov, Umida Saparova, Yulduz O‘rmonova va boshqalar... Ijodkor qizlarning bir nechtasi Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lishdi. O‘nlab yosh iqtidorlar Opa yozgan oq yo‘l bilan o‘z ijodiy yo‘llarini topib olishdi.
Muhabbat Hamidova samarali ijodiy faoliyati bilan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan “Yilning eng faol jurnalisti”, “Atirgul tanlovi” kabi Respublika tanlovlarining sovrindori bo‘ldi. Xalqimizning ibratli hayoti mohirona aks ettirilgan “Aldanganni aldama” nomli qissa va hikoyalar to‘plamini kitobxonlar sevib mutolaa qilmoqda. Beg‘ubor bolalik lavhalaridan iborat “Sehrgar bola” qissa va hikoyalar to‘plami, “O‘rdakchalar qanday yuvinishadi” nomli ertaklar to‘plami, “O‘zbekiston” nashriyotida chop etilgan “Kokilli ilon” nomli kitoblari bolalar uchun katta sovg‘a bo‘lgan. Maktab darsliklariga kiritilgan ijod namunalarini barcha o‘quvchilar sevib mutolaa qilishmoqda. Bu hikoyalar o‘quvchilarni oq bilan qorani, yaxshi bilan yomonni farqlashga, ona Vatan tuyg‘usining qanday ulug‘ ekanligini anglashlariga munosib hissa qo‘shmoqda. Shuningdek, ularga hayotning past-u baland nuqtalarida qanday yashash kerakligini uqtirib bormoqda.
Bugun Muhabbat opa qutlug‘ 70 yoshni qarshiladilar. Ularga uzoq umr, sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik, sermahsul ijodiy faoliyat va nabiralar kamolini ko‘rishdek ulkan baxtni tilaymiz.
“Gulxan” jurnali jamoasi