Barhayot shoir
Muhammad Yusuf qo‘shiqlari bilan emas, avvalo xalq dardini baralla aytgan, yurt muhabbatini hech kimga o‘xshamagan misralarda ta’riflagan she’rlari bilan tanildi, shuhrat qozondi.
Muhammadning she’rlari bir qarashda juda sodda, jo‘n yozilganga o‘xshab tuyuladi. Ammo unga o‘xshatib yozib ko‘ring-chi? Qo‘lingizdan kelmaydi! Uning oson yoziladiganga o‘xshab ko‘ringan misralari muxlislarini yig‘latadi, kuldiradi, o‘z og‘ushiga tortib oladi.
Ozod ShARAFIDDINOV,
O‘zbekiston Qahramoni
***
U obro‘ talashmas, izzatini so‘roqlab yugurib yurishdan or qilardi. Xuddi shundoq yaxshi insongina yaxshi ijodkor bo‘lishi tabiiy va qonuniydir. Shu kabi yuksak fazilatlar tufayli Muhammad Yusufni xalqimiz ardoqladi. Yurtboshimiz unga otalarcha mehr ko‘rgazdi, xizmatlarini davlatimiz munosib baholadi.
Muhammad Yusuf qisqa umr kechirdi. Undan chinakam betakror ijodiy meros qoldi. Haqiqiy ma’nodagi barhayotlik, zavol bilmaslik Muhammad Yusuf ijodiga taalluqli bo‘lgan desam, inshoolloh, xato qilmagaydirman.
Abdulla ORIPOV,
O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri
***
Muhammad Yusufni xalqimiz sevib dilida saqlaydi, Vatan kuychisi, Istiqlol kuychisi deb ardoqlaydi, o‘zbek eliga ulug‘ mehr, sadoqat singib ketgan nazokatli, samimiyat to‘la she’rlarini qadrlaydi, qo‘shiq qilib aytadi. Uning she’riyatini chin ma’noda qanotli she’riyat, yurt osmonida baland parvoz qiluvchi, yuraklarga qanot berguvchi she’riyat desa bo‘ladi...
Muhammadjon qisqa umr ko‘rdi. Sham singari yonib yashadi va o‘zidan so‘nmas otash, yorug‘ iz qoldirdi. Bu otash shoirning yodini, ikkinchi umrini asrlarga tutashtirajak.
Erkin VOHIDOV, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri
***
Sizni ayniqsa, Vatanda turib Vatanning ta’mini tuymaganlar o‘qisin, Vatanning hidiga dimog‘larini entikib bosmaganlar o‘qisin! Ona yer haqida gapirarkansiz, yuraklarim yalpiz hidiga to‘lib boradi, bag‘rim lolazorga do‘nib boradi, Sizga qo‘shilib kapalaklarni joniqib tomosha qilaman, hatto chumolining boshini silab qo‘ygim, lolaqizg‘aldoqning peshonasidan o‘pgim keladi. Men Sizni o‘qiyman, Siz meni Vatanning qat-qatiga olib kirasiz, har bir giyohiga opa saylatib, har jonivoriga egachi tutintirasiz, Siz Vatanni shunday ta’riflaysizki, jon iplarim unga yanada qattiqroq bog‘lanayotganini sezib turaman. Onangizga, singlingizga, bolangizga yozganlaringizdan, hatto muhabbat haqidagi xonishlaringizdan ham Vatan hidi anqib turadi!
Tursunoy SODIQOVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
***
Albatta, she’riyat atalmish bu qadimiy gulxan atrofida o‘tirganlarning har biri bilganini aytadi. Ammo biz Sizning aytganlaringizning har satriga ko‘zmunchoq taqib yashadik. Ijodkorlarning har biri me’yoriga yetkazib, ko‘ngillarga malham satrlarni demoqdalar. Biroq hali hech kim “Kimda g‘am ko‘p bo‘lsa – u mening onam” demadi. Nazarimda, g‘amdiydalarga hech birimiz Sizchalik bag‘rimizni ochganimiz yo‘q. G‘amdiydalik bizga bobomeros xislat, nazarimda. “O‘z ko‘z yoshim yomg‘irida toyib boraman” – degan edilar Ogahiy hazratlari. Axir odamni odam qiladigan, odam soniga qo‘shadigan ham shu – g‘amkashlik, dildoshlik emasmi?
Halima XUDOYBERDIYEVA,
O‘zbekiston xalq shoiri
***
Muhammad Yusuf she’riyatining eng oliy fazilati, fikrimcha, bu uning sof va pok samimiyatida mujassamdir. Samimiyat, xalqona ruh uning she’rlarini jilolantirib, bezab, ularga betakror ko‘rk-u tarovat bag‘ishlaydi. Eng yaxshi fazilatlaridan yana biri – loqaydlikdan yiroqlik, hayotga befarq emaslik. Kuykanak ko‘ngil, ammo yig‘loqilik, qo‘l qovushtirib, taqdirga tan berib o‘ltirish unga yot. U ko‘rgan, zavqlangan yoki nafratlangan narsasini darhol ifodalashga intiladi, qo‘liga qalam oladi.
Muhammad ALI,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi
***
Haqiqiy she’riyat hamisha fidoyilikni talab qiladi, shoirdan beayov qurbonlikni, o‘zini o‘zi shafqatsizlarcha So‘zga baxshida etmoqni so‘raydi. Muhammad Yusuf chin shoir edi, shundayligicha qoldi. U ilk she’ri chiqqanidan buyon bir odam zotiga berilmish nimaiki quvonch-u iztirob, mehnat-u zahmat, baxt-u farog‘at bo‘lsa – hamma-hammasini she’riga, she’rlariga sarfladi. O‘zini, yaqinlari, gulday qizchalarining bari orom-u halovatini ham she’rga almashdi. Hamisha kamgap, iymanib yurguvchi bir shoir so‘zbozlar-u so‘zfurushlar dunyosiga she’r uchun ayovsiz yashamoq, jonini, borlig‘ini sarflamoq qandoq bo‘lishini hayoti, kitoblari ila ko‘rsatib ketdi. Shuning uchun “Nima qilsam she’r ishqida qildim men” degan satri ham endi butun hayoti-yu ijodiga o‘zi qo‘yib ketgan xulosaday jaranglaydi. Va “Yurtim, seni iddaolar qilmay sevaman” deb aytganida ham nechog‘lik haq edi.
Sirojiddin SAYYID,
O‘zbekiston xalq shoiri
***
Ilk kitobi yigirma to‘qqiz yoshida nashr etilgan ekan. O‘sha kitobdanoq hammani mahliyo qilgan inja iste’dodining barq urib turganini, o‘zaniga sig‘may ko‘pirib toshganini, sog‘inchlarga, yoshlik dolg‘alariga to‘laligini sezish mumkin. Bahorda tabiatda jo‘shqinliklar ro‘y beradi. Yashillanish fasli g‘alayonlari surib kelgan qat-qat bulutlar orasida chaqnagan chaqmoq yerga sanchilganida, goho oltin yombilar paydo bo‘ladi deyishadi. Muhammad Yusuf she’riyati ham shunga o‘xshaydi. Taqdirning chalkash tabiati aro chaqmoqlar chaqqanida, el tuprog‘ida Muhammad Yusuf degan bir yombi bino bo‘ldi.
Isajon SULTON,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi