Ertak
Kichkinalik paytimni
Xotirlayman men doim:
Ertak aytib berardi
Otam kulib muloyim.
Tushunmasam ham garchand,
Bo‘lmasa-da so‘z yangi –
Jim eshitib yotardim,
Sehrlardi ohangi!
O‘quvchiman hozir men,
To‘ldim naq sakkiz yoshga.
Aqlim yetar ertakning
Ma’nosini anglashga.
Lekin endi behuda,
Ko‘rdim hatto yalinib.
— Borib uxla! — der otam
Qovoqlari solinib.
Har kech uning yonini
Kichik ukam etar band —
Ertak tinglab yotadi
Tushunmasa ham garchand!..
Rustam NAZAR