Be’g‘ubor odam edi
Universitetni tamomlab viloyat radiosida muxbir vazifasida ishlay boshlaganimga bir oy bo‘lganida bosh muharririmiz Abdulla Sobirov Xonqa tumanida yashovchi taniqli kulol Rahimberdi Matjonov haqida ovozli eshittirish tayyorlash yuzasidan topshiriq berdi. “Madir” qishlog‘iga borib hunarmand bilan miriqib suhbatlashdim. Otaxon tabiatan odamoxun kishi ekan, kulolchilik san’atining tarixi, shu kundagi ahvoli, har bir viloyatga xos bo‘lgan an’analari xususida qiziqarli ma’lumotlarni erinmasdan aytib berdi. Shogirdlari, o‘g‘li Matjon Matjonov bilan tanishtirdi, ularning yasagan ko‘za, kosa, laganlarini ko‘rsatdi. Bir hafta o‘tmay “Barmoqlar sehri” degan birinchi ovozli eshittirishim efirga berildi. Hamkasblarimga ma’qul bo‘ldi. Ilk yutug‘imdan quvondim, shekilli, viloyat gazetasida kulol haqida lavham ham e’lon qilindi. Ko‘p o‘tmay ishxonamga kirib borayotsam, ro‘paramdan o‘rta yoshlardagi istarasi issiq kishi chiqib qoldi. Salom berdim.
– Yangi xodim Sodiqjon senmisan? – dedi u yuzimga jiddiy tikilib. Tasdiq javobini eshitgach qo‘limni mahkam qisdi.
– Eshittirishingni tingladim, – dedi kulimsirab, – “Xorazm haqiqati”dagi materialingni ham o‘qib chiqdim, yaxshi. Yanglishmasam, sen bolalarga atab she’rlar ham yozasan, shekilli?
Shunday qilib, suhbatimiz o‘z-o‘zidan qizib ketdi. Bilsam, bu kishi viloyat televideniye va radioeshittirish komiteti (o‘sha davrda shunday atalardi) raisining o‘rinbosari, shoir Do‘stjon Matjonov ekan. Maktabdalik davrimdayoq uning she’rlarini o‘qigan, o‘zini tanimas edim.
– Rahimberdi ota ajoyib inson, o‘zining kulolchilik maktabi bor, – dedi Do‘stjon aka, – sen “Lenin uchquni” ( hozirgi “Tong yulduzi”) gazetasiga ham shu hunarmand haqida biror narsa yozishni o‘ylab ko‘r. Ammo bolalarga mos qilib yoz, avvalgilaringni takrorlab qo‘yma. Men u kishining suratini topib beraman.
Do‘stjon aka sal o‘tmay fotomuxbir Qadam Otayevning arxividan Rahimberdi Matjonovning ish ustida olingan suratini berdi. Muxbirlikni endigina boshlayotgan, yozishga havasmand chog‘larim emasmi, yo Do‘stjon akaning so‘zlaridan ruhlandimmi, yana bir yaxshigina material yozdim. Bolalar gazetasida chiqqanida quvonib yurdim. Do‘stjon aka bilan tanishib suhbatlashganimiz haqida hamkasblarim Masharif Sharipov bilan Jumanazar Yusupovga so‘ylab berdim.
– Do‘stjon og‘a juda beg‘ubor odam, – deyishdi ular, – salgina “yilt” etgan iste’dodni nazaridan qochirmaydi.
Inson, ayniqsa ijodkor toifasi hamisha shirin so‘zga, rag‘batga muhtoj. Do‘stjon aka keyinchalik ham yozganlarimni, matbuotda e’lon qilgan she’rlarimni kuzatib bordi. Maslahatlarini berdi, orasida beozorgina tanqid ham qildi. So‘ngroq bilsam, u barcha hamkasblarimizga, ayniqsa, yoshlarga ana shunday do‘stona munosabatda bo‘lar, zarurat tug‘ilsa, yordamini ayamas ekan.Taqdir meni keyinchalik ulkan shoirimiz Tursunboy Adashboyev bilan uchrashtirdi. Alloh ularni rahmatiga olgan bo‘lsin. Men bu ijodkorlarning siymosida bolalar adabiyotiga sadoqatning, yoshlar ijodiga bo‘lgan mehr va g‘amxo‘rlikning, bag‘rikenglikning beqiyos namunasini ko‘rdim.
Sodiqjon INOYATOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a’zosi