Bedorlik imzosi bilan
Mamlakatimizda mingdan ziyod ommaviy axborot vositalari faoliyat yuritmoqda. O‘nlab teleradiokanallar, internet agentliklari va axborot xizmati, nodavlat radio va telekanallar, bosma nashrlar va agentliklar tarmog‘i kun sayin rivojlanmoqda.
Orangizda jurnalist bo‘lishni orzu qilgan o‘quvchilar ko‘p bo‘lsa kerak. Jurnalist degani kamera qarshisida mikrofon tutib yurish yoki maqolalar tagiga jarangdor taxallus bilan imzo chekish, degani emas. Bugungi jurnalist tezkor bo‘lishi kerak. 5 daqiqa oldin Mag‘ribda sodir bo‘lgan voqea shamol tezligida Mashriqda muhokama qilinmoqda. Jurnalist til bilishi zarur. Dunyo bilan aloqaga kirishyapmiz. Angliyalik elchi bilan, yapon ixtirochisi bilan muloqot qilish uchun endi tilmoch kerakmas. Jurnalist bilimli bo‘lishi lozim. Xalqning tafakkurini ogohlik immuniteti bilan qurollantirib, shuurimizning oldi-qochdi shov-shuvlar bilan to‘lib qolishidan himoyalashda jurnalist pozitsiyasi yetakchi kuchdir.
Matbuot sohasini bosmaxonalar faoliyatisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Jurnalistlar “yig‘ib-terib” kelgan bor ma’lumotlarini yuzaga chiqaradigan ham, sahifalarga muhrlaydigan ham shu – bosmaxona. Nashriyot bosmaxonasi tayyor sahifalarni tahririyatdan qabul qilib olib, bosma sexlarga uzatadilar. Bosish sexlari hozirda yuqori tezlikda ishlaydigan zamonaviy texnika anjomlari bilan jihozlangan. Sanoqli kunlar ichida yuz minglab nusxadagi nashrlarni bosib, siz yashaydigan manzillarga yetkazish uchun matbuot tarqatuvchi agentliklarga topshiradilar. Bosmaxonaning barcha xodimlari – sex ustalari, musahhihlar, chop etuvchilar, muqovalovchilar zahmatli mehnatlari orqali ma’rifat buloqlariga suv quyadilar.
So‘nggi yillarda ommaviy axborot vositalari tizimida milliy internet jurnalistikasi tarmog‘i yetakchi o‘ringa ko‘tarildi. 1995-yil “uz” domeni qabul qilingandan buyon mamlakatimiz internet makonida 18 mingdan ziyod veb-sayt ro‘yxatga olingan. “Bloger” degan tushuncha bir necha yil oldin biz uchun notanish bo‘lgan bo‘lsa, endilikda har birimiz o‘z blogimizni ochishimiz va axborot manbalarini joylashimiz mumkin. Bugun dunyo global muammolar qurshovida turibdi. Inson taqdiri, xotirjamligi muhokama qilinayotgan bir paytda aytilayotgan har bitta so‘zning o‘z o‘rni bor. Shaxsiy saytimizga bir kunda yuzta odam kirsa, demak, yuzta miya biz kiritgan g‘oya bilan “oziqlanib” ketadi. Demak, virtual olamda aytmoqchi bo‘lgan so‘zlarimiz ham yuksak axloq va ma’naviy tushunchalar bilan sug‘orilgan bo‘lishi kerak.
Hozirda gazeta varaqlaydigan, kitob o‘qiydiganlar sonining keskin kamayib borayotganini texnika taraqqiyoti, internet imkoniyatlari bilan bog‘lash to‘g‘rimikin?! Bir tomondan mutolaa zavqining o‘z o‘rni bo‘lsa, ikkinchi tomondan soatlab ekran qarshisida o‘tirish salomatlik bilan bog‘liq jiddiy xatarlarga sabab bo‘lishi mumkin. Ota-onalar farzandlariga do‘kondan sara mahsulotlar xarid qiladi, foydali taomlar tayyorlab beradi. Xuddi shu ma’noda, ma’naviyati boyishi uchun yoshiga mos, kerakli kitobni olib beradi, nashrga obuna qiladi. Bola o‘zboshimchalik bilan behuda pul sarflab cheksiz axborot oqimi orasida axloqi va ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan ma’lumotlar qurshoviga tushib qolishi hech gapmas. G‘oyaviy kurashlar qurboniga aylanmasligi uchun bilimli bo‘lishi, yot ta’sirlarga qarshi javob bera oladigan ma’naviy quroli bo‘lishi kerak.
Xulosa qilib aytganda, Respublikamizda ommaviy axborot vositalarini tartibga soluvchi o‘nlab qonunlar qabul qilingan. Ular faoliyati erkinligi uchun kuchli demokratik huquqiy asos yaratilgan. Faqat zukko auditoriya bilan ijod ahlining maslagi har mavzuda tutashsa bo‘ldi.
Umida SADATOVA