Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bir maqsad yo‘lida

Sport barkamollik kaliti, kishi qalbini yorug‘ xayollarga yetaklovchi kuch. Har bir inson sport bilan shug‘ullanar ekan, uning qadrdon do‘sti, hamqadamiga aylanishi shubhasiz. Bugungi kunda mamlakatimiz yoshlari orasida sportga oshno qalblarning kundan-kun oshib borishiga sabab ham aslida mana shu. Shu istak va maqsadlar rivoji, o‘zaro tug‘ilajak do‘stlik tuyg‘ulari sabab bugun sport xalqimiz va yoshlarimiz orasida umummilliy harakatga aylanib bormoqda.

26–28-may kunlari Farg‘ona viloyatida bo‘lib o‘tgan oliy o‘quv yurtlari talabalarining “Universiada – 2016” sport o‘yinlarida mazkur fikrlar bot-bot takrorlandi. Qayta-qayta muhokama qilindi. Darhaqiqat, bevosita davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan, “Kichik Olimpiada” nomini olgan, dunyoda o‘xshashi yo‘q uch bosqichli tizim – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” hamda Universiada sport o‘yinlarining yurtimiz yoshlari oldidagi vazifalari talaygina. Yoshlarimiz orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ularni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, yurt qudratini, jahon arenalarida O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarishga munosib hissa qo‘shadigan insonlar qilib tarbiyalash kabi ezgu tilaklar shular jumlasidandir.

Bevosita yoshlik, go‘zallik va sport bayrami maqomini olgan “Universiada – 2016” shukuhi Farg‘ona viloyatining barcha hududlarida yuqori kayfiyatda kechdi. Musobaqa davomida, ayniqsa, viloyatga tashrif buyurgan talaba-yoshlar, xorijiy mehmonlar, ota-onalar, qisqasi, barcha-barchaga ko‘tarinki ruh hamroh bo‘ldi. Xiyobon-u maydonlar bayramga mos ko‘rkam qiyofaga kirgan. Gul-u gulzorlar bu ajoyib go‘shaga o‘zgacha fayz bag‘ishlab turibdi. Musobaqalar o‘tkaziladigan zamonaviy sport inshootlarining viqori o‘zgacha. Ko‘chalar chetida bellashuvlar ruhini aks ettirib turgan ulkan lavha-bannerlar...

Shunisi quvonarliki, Universiada sport o‘yinlari joriy yilda yettinchi bor o‘tkazildi. Ishtirokchilar unda o‘n besh: voleybol, basketbol, futbol, qo‘l to‘pi, boks, yengil atletika, dzyudo, suzish, tennis, stol tennisi, taekvondo (VTF), og‘ir atletika, erkin kurash, yunon-rum kurashi hamda shaxmat sport turlari bo‘yicha mahoratlarini namoyish etishdi.

– To‘g‘risini tan oladigan bo‘lsam, taassurotlarim bir olam, – deydi Navoiy viloyati terma jamoasi a’zosi Aziz Mirzayev. – Farg‘ona ahlining mehmondo‘stligi va samimiyligidan judayam xursandman. Shaharda chinakam ayyom kayfiyati kezib yuribdi. Bu ko‘tarinkilik bizni g‘alaba sari ruhlantirishi, shubhasiz.

Musobaqa ishtirokchilari, shuningdek, Farg‘ona, Marg‘ilon shaharlari hamda Quva tumanidagi yodgorliklar bo‘ylab sayohatlar uyushtirishdi. Tashkil etilgan ko‘plab dasturlar doirasida estrada xonandalari, mashhur sportchilar, taniqli ijodkorlar, barkamol avlod vakillari bilan uchrashuvlar, muloqotlar o‘tkazdi. Va vodiydagi bu kabi keng ko‘lamli ishlarni bir ovozdan “Asrga tatigulik yaratuvchanlik va bunyodkorlik” deya ta’riflashdi.

Musobaqaning uchinchi kunida Universiada sport o‘yinlarining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Yurtboshimizning “Universiada – 2016” sport o‘yinlari ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. So‘ngra musobaqa g‘oliblari e’lon qilindi. Unga ko‘ra umumjamoa hisobida Toshkent shahri birinchi, Farg‘ona va Samarqand viloyatlari vakillari ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallashdi. G‘olib jamoalarga Prezident sovg‘asi – “Damas” avtomobillari tantanali tarzda topshirildi.

 

Farhod ESHMO‘MINOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.