Sog‘lom bolaning ikki qanoti
Aykido sport turi bo‘yicha 2-DAN qora belbog‘ sohibi G‘ayrat aka To‘laganovdan sport sirlarini o‘rganyapman. Aykido bilan shug‘ullanishni boshlaganimda hammadan kuchli bo‘laman, kimki meni xafa qilsa, ta’zirini beraman, degan xayolda edim. Ammo mashg‘ulotlar jarayonida bu fikrim noto‘g‘ri ekanligini tushunib yetdim. Ustozim insonda vujud bilan birga o‘y-fikrlar ham sog‘lom bo‘lishi haqida ko‘p gapiradilar. Sog‘lom fikrlashni bilmaydigan odamning jismi ham sog‘ bo‘lmaydi, deydilar. Oldin buni tushunmasdim. O‘y-fikrning ham kasali bo‘ladimi, deb o‘ylardim. Isitmasi chiqib turgan xayollarni o‘zimcha tasavvur qilib, kulgim kelardi. Uyga kelgach, bu haqda onamdan so‘raganman. Onam ichi qora, baxil, birovga hasad qiladigan odamlar haqida gapirib bergan. Bunday kishilar bora-bora har xil kasalliklarga chalinishi, ya’ni o‘z vujudini o‘zi yeb bitirishini misollar bilan tushuntirgan. Hech qachon birovdan o‘ch olish haqida o‘ylamasligimni uqtirganlar. Shundan so‘ng faqatgina sport bilan shug‘ullangan bolalar kuchli va sog‘lom bo‘ladi, degan fikrim o‘zgargan. Inson har tomonlama yetuk bo‘lishga intilsa, tinmay o‘qib-o‘rgansa va boshqalarga yordam berishga hamisha shay tursa u ham jisman, ham ma’nan sog‘lom bo‘lishini tushunib yetyapman.
Hozirgi kunda Aykidodan tashqari shaxmat to‘garagiga ham qatnayman. Murabbiyim Hamidulla aka Mahmudov shaxmatni aql mashqi, deydilar. Maktabda o‘tkazilgan shaxmat musobaqasida birinchi o‘rinni olganimda, albatta, Jahon chempionatlarida qatnashaman, deya niyat qilganman. Bu yil geografiyadan bo‘lib o‘tgan fanlar bellashuvida birinchi o‘rinni olib, tuman bosqichida ishtirok etdim. Bundan tashqari, darslardan so‘ng 3-sonli musiqa maktabida ham saboq olaman. Bu maktabda hozir 5-sinfdaman. Pianinodan saboq beradigan ustozim Natalya Antonevna esa musiqani qiziqarli matematika, deydilar. Xitoy va ingliz tillari bo‘yicha ham alohida kurslarga qatnayman. Kamola opa G‘aniyeva chet tili to‘garagida ko‘p til bilgan insonlarning xotirasi kuchli bo‘lishini, boshqa fanlardan ham a’loga o‘qishini va sog‘lom bo‘lib, uzoq umr ko‘rishini bot-bot takrorlaydilar. Men bunga qattiq ishonaman. Chunki biz o‘rganayotgan fanlar bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Sport va fan – menimcha, bu sog‘lom bolaning ikki qanoti. Bunday qanotlar bilan yuksaklarga parvoz qilish mumkin.
Javohir AZIZOV,
Toshkent shahri Shayxontohur tumani 59-maktabning 7-sinf o‘quvchisi