Orzular ostonasida
Toshkentdagi 300-IDUM–ning iqtidorli o‘quvchisi Ozoda Bozorboyeva bugun maktabni bitirayapti. Mehr bilan qarab turgan ustozlariga bir-bir minnatdor boqadi. Nigohi ona-tili va adabiyot muallimi Dilorom opa Haydarova bilan to‘qnashganda entikib ketdi. Ko‘z oldidan yillar davomida erishgan yutuqlari o‘ta boshladi.
Ozoda maktabda o‘tiladigan fanlar orasida ona tili va adabiyotga alohida mehr qo‘ydi.
– Ijodiy ish – bayon va inshoni yaxshi yozish uchun o‘quvchining tasavvur olami keng, mustaqil fikrlay oladigan, so‘z boyligi ko‘p bo‘lishi kerak. Bunda senga badiiy adabiyotlar yordam beradi, – dedi ona tili va adabiyot o‘qituvchisi Dilorom opa. Keyin Ozodaning qo‘liga “Ko‘hna dunyo”, “Navoiy”, “Ulug‘bek xazinasi”, “Yulduzli tunlar”, “Qiyomat” kabi asarlarni tutqazdi. – Fikrni tuyg‘ular yordamida jonlantirishda esa she’riyatga suyanishing lozim, – jilmaydi ustoz.
Ustoz haq ekan. Kitob bilan do‘stlashgan Ozoda tez kunda nafaqat maktabda, balki tumanda ham eng zukko, hozirjavob o‘quvchiga aylandi. Husnixat bilan yozgan diktant va bayonlari maktab, tuman tanlovlarida ustozlar nazariga tushdi. 2015-yilda Ozoda “Mustaqillik madhi bolalar ijodida” ko‘rik-tanlovining respublika, Alisher Navoiy tavalludi munosabati bilan o‘tkazilgan “G‘azalxon yoshligim” tanlovining esa Toshkent shahar bosqichida faxrli o‘rinlarni egalladi.
– Ustoz, birinchi o‘rinni olishimga nima to‘sqinlik qildi ekan? G‘olib tengdoshimning mendan ustun tomonlarini bilishni istayman, – dedi Ozoda uni tabriklab bag‘riga bosgan Dilorom ustozidan ko‘zida yosh bilan.
– Yutuqlardan qoniqmaganing yaxshi. Kamchiliklaringni birgalashib bartaraf qilamiz. Bu sening qo‘lingdan keladi, – dalda berdi Dilorom opa. Ozoda ustozining maslahati bilan “O‘zbek tilining imlo lug‘ati”, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, “Hikmatlar xazinasi”, “O‘zbek xalq maqollari” kitoblarini diqqat bilan o‘rgandi. Bu esa Ozodani “Ona tilim – jon-u dilim” mavzusidagi yozma ishlar bellashuvining shahar bosqichi g‘olibiga aylantirdi. Shu yili “Soliq bilimlari – bolalarga” ko‘rik-tanlovida “Soliq mavzusining hikoyalarda aks ettirilishi” nominatsiyasida birinchilikni qo‘lga kiritib, Davlat soliq qo‘mitasining mukofotiga sazovor bo‘ldi. “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida “Eng yaxshi insho muallifi” nominatsiyasi g‘olibiga aylandi.
Tag‘in siz, u faqat tanlovlarda ishtirok etish bilan band bo‘lgan ekan-da, deb o‘ylamang. Aslo unday emas. Ozoda Bozorboyeva maktabning jamoatchi o‘quvchisi. Maktabda har haftada o‘tkaziladigan “Ilm ham ibodatdir” ma’rifiy suhbatlarida, “Orasta qizlar klubi” mashg‘ulotlarida muntazam qatnashib, bilganlarini tengdoshlariga o‘rgatdi, bilmaganlarini o‘rgandi. O‘quv yili yakuni arafasida u yana bir karra ustozlari ishonchini oqladi. III bosqich shahar olimpiadasida ona tili va adabiyot fanidan faxrli I o‘rin sohibasiga aylandi. Bu esa unga o‘zi istagan akademik litsey yoki kollejga kirib o‘qish imkonini berdi.
Ozoda yetuklik shahodatnomasini hayajon bilan qo‘liga olar ekan, o‘zini ulg‘ayib qolgandek his qildi. To‘qqiz yil bag‘rida avaylab, tarbiyalab, ta’lim bergan jonajon maktabi, mehribon ustozlarining bu beminnat g‘amxo‘rliklariga javoban vataniga, xalqiga munosib farzand bo‘lish uchun orzulari tomon odimladi.
E’tirof
Dilfuza o‘quvchilik chog‘larida Xo‘janazar ustozning dunyo geografiyasi, qit’alar, bepoyon ummonlar haqidagi darslarini butun vujudi bilan tinglar, ko‘z oldida yam-yashil o‘rmonlar, osmono‘par binolar joylashgan sehrli diyorlar, u yerlarda kuymalanib yurgan turli rang, turli qiyofadagi kishilar namoyon bo‘lardi. Xayolan o‘sha mamlakatlarda ajnabiy odamlar bilan suhbat qurardi. Shu tariqa qalbiga geografiya faniga bo‘lgan muhabbat chuqur o‘rnashib oldi.
Ana shu mehr sabab u maktabni tugatgach Termiz davlat universitetiga kirib o‘qidi. Orzusiga erishdi – geografiya o‘qituvchisi bo‘ldi.
Mana yigirma yildirki, u Qumqo‘rg‘on tumanidagi 11-ixtisoslashtirilgan Davlat umumta’lim maktab-internatida suyukli fanidan o‘quvchilarga saboq berib kelmoqda. Darslarni ilg‘or innovatsion texnologiya asosida o‘ziga xos uslubda, o‘quvchining bevosita ishtirokida o‘tish borasidagi izlanishlari o‘z samarasini berdi. Yosh o‘qituvchi ko‘p o‘tmay ustozlar e’tiboriga tushdi. Shogirdlari ko‘paydi. Geografiya to‘garagi mashg‘ulotlariga qatnashish istagini bildirgan bolalar soni ham keskin oshib ketdi. Natijada u to‘garak mashg‘ulotlarini ikki guruhda o‘tkazadigan bo‘ldi. Iqtidorli o‘quvchilarga alohida e’tibor qaratdi. Ularni fan olimpiadalari, bilimlar bellashuvi kabi nufuzli musobaqalarga puxta tayyorlay boshladi. Ahad Xolmirzayev Dilfuza opaning ana shunday iqtidorli o‘quvchilaridan biri. Geografiyani sevadi, fanga doir qo‘shimcha manbalarni qidirib topishdan, o‘rganishdan, tushunmaganlarini ustozidan so‘rab bilishdan sira charchamaydi.
– Bilasizmi, ish faoliyatimdagi eng quvonchli kunim ham Ahadjon bilan bog‘liq. U 2011–2012-o‘quv yilida “Bilimlar bellashuvi”ning 4-Respublika bosqichida faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi. O‘shanda Ahadjon 6-sinfda o‘qirdi. Yodimda, hay’at a’zolaridan biri yonimga kelib “Judayam bilimdon o‘quvchingiz bor ekan. Sizga havasim keldi”, – deb tabrikladi. Bu men uchun eng yuksak baho edi. Kelgusi yili Ahadjon ushbu bellashuvning g‘olibi bo‘ldi.
Dilfuza opa shogirdlari orasida bunday iqtidorli o‘quvchilari ko‘p bo‘lishini, geografiya ham asosiy fanlar qatorida turishini chin dildan istar edi. Shu maqsadda u o‘z ustida tinmay izlanishda davom etdi. Muammoli damlarda ustozi Abdumo‘min aka Ro‘ziyevdan maslahatlar oldi. Bu uning o‘quvchilari nafaqat tumanda, balki viloyatda ham tanilishiga zamin bo‘ldi. Mamatyoqub Musurmonov, Maftuna Islomova, Ulug‘bek Erkinovlar viloyatning eng bilimdon o‘quvchisi, deb tan olindi. Maftuna Islomova 2014-yilda “Bilimlar bellashuvi”ning mamlakat g‘olibi bo‘ldi. Ahadjon bilan Maftuna fan olimpiadasida ham birinchilikni qo‘lga kiritishdi. Bu Dilfuza opaning mehnati samarasi edi, albatta. Endi Dilfuza Qo‘ziyeva viloyat “Mahorat maktabi”da yosh o‘qituvchilarga o‘qitishning zamonaviy uslub va usullarini o‘rgata boshladi. Muallimaning ish tajribasi 2014–2015-o‘quv yilida Respublikada ommalashtirildi. O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi bo‘ldi.
So‘nggi qo‘ng‘iroq arafasida Qumqo‘rg‘onda shunday xushxabar yangradi: maktab-internatning geografiya fani o‘qituvchisi Dilfuza Qo‘ziyeva “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi – 2016” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘olibiga aylanibdi!
– Sizdek ustoz qo‘lidan ta’lim olganimizdan faxrlanamiz, – qo‘lida bir dasta gul bilan unga peshvoz chiqdi bu yilgi fan olimpiadasi g‘olibi, iste’dodli shogirdi Maftuna Islomova.
Bu maktab-internatda o‘qiyotgan barcha shogirdlarining dilidagi gap edi.
Qo‘shsahifa muallifi
Muhabbat HAMIDOVA