Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Buyuk poliglot

Dear children, do you speak in foreign languages?

Menimcha, bu savolga “yo‘q”, deb javob beradigan o‘quvchi orangizda bo‘lmasa kerak.

Aziz bolalar, ishonchimiz komilki, siz bir necha yildan beri, (ehtimol, birinchi sinfingizdan boshlab) xorijiy tillarni o‘rganmoqdasiz. Tengdoshlaringizdan kelayotgan maktublardan, qolaversa, joylarda o‘tkazilayotgan ijodiy uchrashuv va suhbatlardan shuni bildikki, ko‘pchiligingiz nafaqat ingliz tilini, balki ispan, xitoy, koreys, fransuz, hatto yapon tillarini ham puxta o‘zlashtirishga bel bog‘lagansiz. Kelajagi buyuk Vatanimizning ertasi siz kabi intiluvchan, iqtidorli yoshlar, poliglot yigit-qizlar qo‘lidadir.

Poliglotlar kim ekani sizga ma’lum, shu bois bu tushunchaning mohiyatini chet tillarini endi o‘rganish arafasida turgan bolalarga eslatib o‘tmoqchimiz: “Poliglot” yunon tilidan olingan so‘z bo‘lib (“poli” – “ko‘p”, “glotta” – “til”), ko‘p tilni biluvchi kishi, degan ma’noni anglatadi. Shuni alohida faxr bilan ta’kidlaymizki, dunyodagi eng birinchi poliglotlar ona yurtimizdan yetishib chiqqan.

Abu Rayhon Beruniy ana shunday tengi yo‘q allomalardandir.

Tarixiy manbalar bu buyuk bobokalonimizning ona tili (turkiy, ya’ni qadimgi o‘zbek tili)dan tashqari, arab, grek (yunon), fors, qadimgi hind (sanskrit), suryoniy, yahudiy singari kamida 20 dan ortiq xorijiy tillarni puxta bilganidan dalolat beradi.

Masalan, olim farmakologiya, ya’ni dorishunoslikka doir “Saydana” asarida 1000 dan ziyod dorivor moddalarni ta’riflar ekan, ularning 30 dan ortiq tilda qanday nomlanishini birma-bir aytib o‘tadi.

Asarlarining aksariyatini o‘sha davrning ilm-fan tili hisoblangan arabchada yozgan. Bu esa Beruniyning chet tillarida nafaqat erkin gaplasha olgani, balki o‘sha tillarda bemalol ijod qilganligini ham anglatadi.

 

Til o‘rganish usuli

Chet tilini o‘rganishda poliglotlar turfa metod(usul)larni qo‘llaydilar. XX asrda yashagan eston poligloti Pent Nurmekund haqida eshitganmisiz? U 50 dan ziyod tilda erkin so‘zlasha olgan, jumladan, o‘zbek tilini ham juda yaxshi bilgan. Undan: “Siz qanday qilib xorijiy tillarni bunday tez va oson o‘rganasiz?” deb so‘rashganida, shunday javob bergan ekan: “Buning hech qanday siri yo‘q. Biror tilni o‘rganaman degan kishi, boshqa narsalarga chalg‘imasligi, yodlash qobiliyatini rivojlantirib borishi kerak. Men biror matnni ikki-uch marta o‘qib, esda saqlab qolaman. Bir tilni o‘rgansangiz, unga yaqin boshqa tillarni bilib olishingiz oson kechadi”.

Bugungi kunga kelib, axborot olish, bilim egallash imkoniyatlari ancha kengaygani shubhasiz. Qunt qilgan odam Nurmekundga o‘xshab 50 tilni o‘rganib olishi hech gap emas. Biroq hozirgidek keng imkoniyatlar bo‘lmagan, ilmiy adabiyotlar soni kam bo‘lgan X asrda Abu Rayhon Beruniy qanday qilib yigirmadan ortiq (“Saydana” kitobiga suyanadigan bo‘lsak, o‘ttiz) tilni puxta o‘zlashtirishga erishgan? Uning, bugungi til bilan aytganda, “xorijiy tillarni o‘rganish metodi” qanday edi? Bu savolga dunyo tan olgan allomaning o‘z qo‘li bilan yozib qoldirgan quyidagi so‘zlari javob bo‘ladi: “Men bolalik chog‘imdanoq (o‘z) yoshim va sharoitimga qarab, imkonim boricha ko‘proq bilim olishga chanqoq edim. Buning dalili sifatida (quyidagi misolni) keltirish kifoya: biz turadigan joyga (o‘shanda) bir yunon ko‘chib kelgan edi. Men har xil donlar, urug‘lar, mevalar va hokazolarni olib borib, unga ko‘rsatar va bu narsalar uning tilida qanday atalishini so‘rab olib, nomini yozib qo‘yar edim”.

Bu – olimning yunon tilini o‘rganishda qo‘llagan ajoyib usuliga bir misol, xolos. Hayoti davomida 150 dan ortiq kitob yozgan, ko‘plab asarlarni tarjima qilgan alloma hech qachon bilganlari bilan cheklanib qolmagan. Xususan, qirq besh yoshlarida Hindistonga safar qilib, sanskrit (qadimgi hind) tilini o‘rganib, so‘ngra mahalliy xalqlar tarixi, urf-odatlari, diniy va dunyoviy qarashlari, adabiyotini tadqiq qiladi. Sanskritchani o‘rganishda ham u tajribasiga muvofiq usulni qo‘llagan.

Beruniy singari olimlar haqida gapirganda, ularning qay bir fazilati tilga olinmasin, so‘z tugamaydi. Ammo biz bu mo‘tabar zotning bir xislatiga e’tiboringizni qaratmoqchimiz.

Tarjimayi holi bilan tanishganlar, alloma hayoti aslo bir tekis kechmagani, goh quvonchli, goh sinovli damlarni boshidan o‘tkazganini anglaydi. Biroq u qayerda, qanday sharoitda yashamasin, bir umr ilm-u ma’rifatga sodiq qoldi. Uning fidoyiligi, ilm-fanga muhabbati, dunyo tamadduni rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi jahon olimlari tomonidan yuksak baholangan. Tarixda Beruniy asarlaridek ko‘p tillarga tarjima qilinib, o‘rganilgan, keng tarqalgan kitoblar kam. Uning kitoblari lotin, ingliz, ispan, nemis, fransuz, rus va boshqa o‘nlab tillarga o‘girilgan. Ming yildan ziyod vaqt o‘tibdiki, uning shuhrati hamon yuksak.

So‘zimizga xulosa sifatida XIII asrda yashagan tarixchi va tabib Ioanni Bar Ebreyning quyidagi e’tirofini keltirishni lozim topdik: “O‘sha o‘tgan yillarda yunon va hind falsafasi dengizini kechib o‘tgan Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy o‘tmish ilmlarda shuhrat qozondi. U matematika ilmida mutaxassis bo‘lib, bu sohada qator muhim kitoblar yaratdi. Hindistonga borib, u yerda bir necha yil yashadi, hind faylasuflaridan ularning san’atini o‘rgandi va ularga yunon falsafasini o‘rgatdi. Uning asarlari nihoyatda ko‘p, nihoyatda yetuk va nihoyatda ishonchlidir. Bir so‘z bilan aytganda, o‘z davrida, undan so‘ng va hozirga qadar hamkasblari orasida astronomiya ilmida bunday bilimdon va bu ilmning asosini hamda nozik tomonlarini chuqur biladigan olim bo‘lmagan”.

Bunday fikrlar Sharq va G‘arbning boshqa allomalari tomonidan ham bildirilganki, bularning bari biz, bugungi yoshlardan bu ulug‘ vatandoshimiz bilan faxrlanibgina qolmay, u zotdan o‘rnak olishga, unga munosib avlod bo‘lishga da’vat etadi.

 

Elmurod NISHONOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.