Bir mikrob kundaligidan
Do‘stlar, ana-mana deguncha yoz ham boshlandi. Ta’tilda miriqib dam olayotgan bo‘lsangiz kerak-a? Qaysidir sport turi bilan shug‘ullanayotgandirsiz, biror fan to‘garagiga qatnashayotgandirsiz, ehtimol o‘zingiz sevgan musiqa asbobini chalishni o‘rganayotgandirsiz. Balki sevimli yozuvchingizning kitoblarini mutolaa qilayotgandirsiz. Qoyil, demak dam olish kunlaridan unumli foydalanyapsiz. Ha, aytgancha, “12 oy – 12 kitob” ruknini kuzatib boryapsizmi? Biz sizni foydali va qiziqarli asarlar bilan tanishtirishga harakat qilyapmiz.
Yoz faslida pishiqchilik bo‘ladi, bozorlar to‘lib-toshadi. Bu paytda bobolarimiz aytganidek, ko‘p meva-cheva yesangiz tana a’zolaringiz uchun vitamin bo‘ladi, sog‘lom o‘sasiz. Ammo tozalikni yoddan chiqarmang, daraxt shoxlaridan tergan gilos va olchalarni, bozordan olib kelgan o‘riklarni ham, hech qaysi meva-sabzavotni yaxshilab yuvmasdan yemang. Chunki biz nafas olayotgan havo tarkibida ko‘zimizga ko‘rinmaydigan turli mikrob va zararli moddalar uchib yuradi va yemoqchi bo‘lgan meva-chevalarimizning ustiga qo‘nib qolishi mumkin. Ilgari yurtimiz havosi hozirgidan ancha toza bo‘lgan, deyishadi bobo va buvilarimiz. Shuning uchun ular mevalarni daraxtdan uzib yeb ketaverishgan, kasal ham bo‘lishmagan. Hozir esa... Xullas, mevalarni suvda yuvib yuborsangiz, mikroblar oqib ketadi va sizga zarar yetkazolmaydi. Aks holda, “Bir mikrob kundaligidan” asari bosh qahramoni Ahmetning holiga tushishingiz mumkin.
“Bir mikrob kundaligidan” ma’rifiy-sarguzasht qissasi turk yozuvchisi Sara Gurbuz O‘zeren qalamiga mansub bo‘lib, Javohir Osmon tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan va “Yangi asr avlodi” nashriyotida 2022-yil e’lon qilingan. O‘zeren bolaligida buvisi va otasidan eshitgan cho‘pchaklar, shoirlar hayoti, xalq ertaklari hamda qahramonlarning sarguzashtlari orqali adabiyotga qiziqdi. Uning yozuvchi bo‘lib yetishishida oddiy odamlarning hikoyalari, tabiat sirlari, bolalarga yaqindan qiziqishi muhim rol o‘ynadi. Yozuvchi kitoblarida atrof-muhitni muhofaza qilish, axloqiy qadriyatlar va vatanparvarlik kabi mavzular birinchi o‘rinda turadi.
“Bir mikrob kundaligidan” qissasi ilk bor 2009-yilda chop etilgan bo‘lib, Turkiya Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Eng yaxshi bolalar nashri” deb topilgan. Asar Ahmetning vujudiga kirib qolgan sil mikrobi tilidan bayon qilinadi. Bu mikrob yillar davomida Ahmetning tanasida yashaydi va rivojlanish uchun fursat kutib yotadi. Shu vaqt davomida u bolaning vujudida sayr qilib, sizni ichki a’zolarning tuzilishi, har bir organning vazifasi bilan tanishtiradi. Ahmet bolaligida maktabidagi sil kasaliga qarshi tadbirlarda ishtirok etadi, sil haqida o‘rganib chiqadi, sog‘lom ovqatlanadi, sport bilan shug‘ullanadi. Ammo ulg‘aygach, o‘ziga e’tibor bermay qo‘yadi, zararli odatlarga o‘rganib qoladi, fastfudlar bilan kun o‘tkazadi, vaqtida uxlamaydi. U o‘z tanasidagi salbiy o‘zgarishlarga e’tibor bermaydi va natijada organizmi juda achinarli holatga kelib qoladi. Shundagina u sog‘lig‘ining qadriga yetadi. “Sog‘lom bo‘lish qadrini eng ko‘p bemorlar biladi. Chunki ular eng qadrli narsasini yo‘qotgan insonlardir. Yana qayta erishishning, ehtimol, hech qachon imkoni bo‘lmas”, degan fikrlarni ichidan o‘tkazadi Ahmet.
Kitob sizga tana tuzilishi, organlaringizning qanday vazifa bajarishi-yu, agar ishdan chiqsa nimalar bo‘lishini, tibbiy, ayniqsa, gigiyenik qoidalar qanchalik muhim ekanligini, o‘zi va boshqalar hayotini qadrlash mas’uliyatini o‘rgatadi. Qissa juda qiziqarli bo‘lib, uni o‘qib chiqqaningizdan so‘ng o‘z tanangizga g‘amxo‘rlik qilishni boshlaysiz, sog‘lom yurish uchun qanday yashash kerakligini tushunasiz. Va bu bilimlar sizga doim asqotadi. Mutolaa davomida quyidagi savollarga ham javob topishni va bizning telegram manzil (@GulxanBilimdon)ga yuborishni unutmang. To‘g‘ri javoblarni yuborgan kitobxonlar sovg‘asiz qolmaydi!
Savollar:
1. Sil mikrobi uni qanday atashlarini istaydi?
2. Sil mikrobi nima sababdan ochiq havoga chiqib qoladi?
3. Ahmet qanday qilib sil mikrobini yuqtirib oladi?
4. Sil mikrobi tanadagi qaysi moddadan juda qo‘rqadi?
5. Boladagi qaysi odatlar sil kasalining rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaydi?
6. Ahmet ilk bor qaysi kasallikdan qattiq og‘rib qolgandi?
7. Ahmet sil kasaliga qarshi davolanayotganida qanday foydali odatni shakllantiradi?
Shahribonu RAHMATOVA