Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Hindistondan maktublar

E-he-heey, sizlarga qaynoq xushxabarim bor. Gulxanjoningiz 22-27-may kunlari Hindistonning Dehli, Agra va Jaypur shaharlarida bo‘ldi. Aslida, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Hindiston Xalqaro press-klubi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan, “Yangi O‘zbekiston” va “Правда востока” gazetalari bilan “The New Indian Express” hamda “The Economic Times” gazetalari kelgusida birgalikda ish olib borishlari kelishilgan manzilda Gulxanjon ularga tarjimon sifatida ko‘maklashdi. Shunday bo‘lsa-da, siz muxlislarni ham unutib qo‘ygani yo‘q. U Hindistondagi tengdoshlaringiz bilan bir qancha masalalarda fikr almashdi, o‘rtoqlashdi. Buni siz ham bilishingizni xohladi.

Ovesh Alam, 12 yosh, Sikandrabad

To‘g‘risi, Hindistondagi maktablarda ta’lim sifati unchalik yaxshi emas. Lekin asta-sekin rivojlanishga erishilmoqda. Ayrim maktablar barcha shart-sharoitlarga ega. Biroq ular talab qilayotgan pul miqdorini o‘rta qatlam aholisi to‘lay olmaydi. Sizlarning maktabingizga havasim keladi. Agar menda O‘zbekistonda o‘qish imkoniyati bo‘lganda bundan xursand bo‘lardim. Ammo men ona yurtimni sevaman. Sababi oilam, do‘stlarim shu yerda. Shuning uchun mamlakatimni tark etishni xohlamayman. Men kabi boshqa do‘stlarim ham o‘z qarashlariga sodiq. Ammo, aksariyatining bilim darajasi o‘rtachadan past. Masalan, sinfdagi 20 nafar o‘quvchidan bor yo‘g‘i 6-7 nafari bilim olishga ishtiyoqmand. Men yurtimda yaratilayotgan imkoniyatlardan to‘laligicha foydalanayotganligim sabab kelajakda barcha orzularim ushalishiga ishonaman. Biroq ayni daqiqalarda aholi sonining ko‘pligi tufayli ishsizlik darajasi ham yuqori. Shuning uchun vatandoshlarim Kanada, Amerika va Yevropaning turli shaharlariga ishlash maqsadida jo‘nab ketyapti. O‘zbekistonda o‘qib ishlayotgan yurtdoshlarim ham ko‘p. Mamlakatingiz ko‘hna va jannatmakon. Arxitekturasi esa shunchaki hayratlanarli. Internetda ko‘rganman. Qadimiy va tarixiy manzillarga boy. Men ham kelajakda O‘zbekistonga sayohat qilishni niyat qilganman.

Divena Dhal Samanta, 14 yosh, Dehli

Hindiston — rivojlanayotgan davlat. Yurtimda yoshlarning maqsadiga erishishi uchun barcha sharoitlar yetarli. Xususan, MUN(India Model United Nations) ilm-fanga intiluvchan bolalarni doimo qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Men tahsil olayotgan Sanskrit maktabi — Hindistonning Dehli shahridagi eng yaxshi bilim dargohlaridan biri. Sinfdoshlarim darslarda faol, o‘qituvchilarim esa turli xil mashg‘ulotlar bilan fanlarga bo‘lgan qiziqishimizni oshirishda davom etmoqda. Pedagoglarning aksariyati tajribali. O‘quvchilarga ham fanlar amaliy mashg‘ulotlar bilan birga o‘rgatiladi. Sinfimizda kitobxon va jurnalxonlar juda ko‘p. Shu bilan birga bolalar jurnallari ham yetarlicha. Biroq mening ko‘nglimga manzurlari — “Champak” va “Tinkle”. Men ularni boshlang‘ich sinfimdan beri sevib mutolaa qilaman. Hukumatimiz barcha bolalarning ma’rifatli bo‘lishini istaydi. Shuningdek, EWS (The Economically Weaker Section — Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar qatlami) bolalari uchun ta’lim to‘lovlarini kamaytirishga yordam beradi, bepul maktab formasi va o‘quv jihozlarini taqdim etadi. O‘zbekistondagi maktablarda ham bepul ta’lim joriy etilganligi haqida eshitganman. Ba’zan yurtingizdagi ta’lim muassasalarida o‘qishni xohlayman. U yerdagi tengdoshlarim bilan uchrashishni, fikr almashishni istayman. Chunki bu kelajakda karyera qilishimda foydali bo‘lishi mumkin. Shuning uchun o‘quvchilar va talabalar almashinuvi dasturlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib turaman. Mamlakatingiz ipakchilik, bog‘dorchilik bilan qadimdan mashhur, chindan jannatmakon!

Kunal Adhana, 13 yosh, Sikandrabad

Mamlakatimizda asosiy muammo shundaki, yaxshi shart-sharoitlarga ega maktablar juda qimmat. O‘quvchilarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichi esa past. Chunki ilmning qadr-qiymatini, uning naqadar bebaholigini anglagan tengdoshlarim kam. Masalan, dars vaqtida 4-5 nafar sinfdoshim diqqatini ilm olishga qaratadi, qolganlari esa hazil-huzil, o‘yin-kulgi bilan vaqtini behuda sarflaydi. Shuning uchun nafaqat tengdoshlarimga, balki o‘zbekistonlik bolalarga ham o‘qishga e’tibor qaratishini, tinmay maqsad sari intilishini maslahat bergan bo‘lardim. Chunki o‘rgangan ilm-u hunarimizni Vatan ravnaqi yo‘lida sarflashga nima yetsin?! Qolaversa, men o‘zbekistonliklarni hurmat qilaman. Ular bugungi dunyoning yetti mo‘jizasidan biri bo‘lgan Toj Mahalni ko‘rib hayratlanishadi. Biroq milliy taomlarimizga ko‘nikishlari ancha qiyin. Aniqki, ovqatlar sayyohlar uchun juda qalampir va sarimsoqli tuyulishi mumkin. Lekin ular o‘ta foydali, tansiq va mazali. Yurtimga kelsangiz, albatta, xabar bering. Sizni mehmon qilaman.

 

Azim AXTAMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.