Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bobosining bolasi

Behzod, Farhod, Sherzod uch og‘a-ini. Behzod 5-sinfda, Farhod 3-sinfda o‘qiydi. Sherzod hali maktabga bormagan. Lekin maktabda o‘qiganlar mehnati baho bilan belgilanishini biladi. Shuning uchun akalari maktabga ketayotganda “5 olib keling”, deb besh barmog‘ini ko‘rsatadi.

– Buvijon, o‘qish, o‘zbek tili, matematikadan “5” oldim, – suyunchiladi maktabdan qaytib hali papkasini yelkasidan ham olmagan Farhod.

– Menda esa to‘rtta “5”, – deydi Behzod jilmayib.

– Qaysi fanlardan? – so‘raydi buvisi.

– Rus tili, matematika, rasm va musiqadan.

– Barakalla, – deydi buvisi.

Buvisining olqishini olgan Behzod Mirvosilov Toshkentdagi 260-maktabda o‘qiydi. Uni hech ikkilanmay sog‘lom bola mana shunaqa bo‘ladi, deb ayta olamiz. Negaki, Behzodjon jismoniy jihatdan, ruhiy, ma’naviy jihatdan ham chiniqib bormoqda. Sportning suzish va taekvando turlari bilan shug‘ullanadi. Taekvandoning WTF turi bo‘yicha “Ko‘k belbog‘” sohibi. Darsdan so‘ng Yunusoboddagi 13-musiqa va san’at maktabiga yo‘l oladi. “Yigit kishida zavq bo‘lishi kerak”, deb o‘rgatadi dodasi. Behzod ana shu zavqini doira chalib namoyish qiladi. Ustozi Rustam aka Rahmatullayevdan doira chalish sirlarini o‘rganyapti.

– Ba’zilar childirmani qo‘lingga olasan-u “baka-bum-bak”, deb chalib ketaverasan, deb o‘ylashadi. Biroq unday emas ekan. Childirmaning “tilini topish”, uni mashhur doirachi Qahramon Dadayevga o‘xshab jaranglatish uchun musiqiy notani o‘rganish zarur ekan. Hozircha notaga qarab chalishda sal qiynalyapman, – deydi Behzod.

Ammo bu kamtarlik. Aks holda, “Dovul”, “Jo‘jalarim” kuylarini ijro etib tumanda o‘tkazilgan bolalar bayramida tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘larmidi? Ba’zan qo‘shnilar dodasidan “kecha sizlarnikida to‘y bo‘ldimi?” deb so‘rab qolishadi. Chunki ammalari, ularning bolalari mehmon bo‘lib kelishsa, dodasi ularga she’r o‘qitadi. Har bir she’r orasidagi tanaffusda Behzod doira chalib turadi. U yana rus, ingliz, koreys tillarida ham yaxshigina gaplasha oladi. Tunov kuni dadasi – “O‘qituvchi” NMIU bosh rassomi Shuhrat Odilov uyga koreyalik mehmon bilan keldi. Behzod u bilan koreyscha gaplashgan edi, mehmon shunaqangi suyunib ketdiki, ertasi kuni unga ikki quti bo‘yoq sovg‘a qildi.

Iye, nega endi bo‘yoq? Kitob yoki koreyscha lug‘at emas, deysizmi? Hamma gap shunda-da. Biz ham bugun ana shu bo‘yoqning sirini aytmoqchimiz. Rasm chizish Behzodning jon-u dili. Chunki Behzod Mirvosilov rassomlar sulolasining hozircha eng kenja vakili. Uning bobosi, rang-tasvir ustasi Vohid Odilov O‘zbekistonimizning taniqli rassomlaridan bo‘lgan. U yaratgan portretlar ko‘plab muzeylardan joy olgan. Dodasi Mirvosil Odilov, dadasi Shuhrat Odilov ham rassom. Sizning qo‘lingizga yetib borayotgan ko‘plab darsliklar va badiiy kitoblarni ham ular bezatishgan.

Eng qizig‘i, dodasi uni, bobosining bolasi, deb erkalatadi. Chunki Vohid bobo 18-mart kuni tug‘ilgan ekan. 18-mart kuni dunyodan ko‘z yumgan. Xuddi ana shu 18-mart kuni Behzod dunyoga kelgan. Yana u chizgan ko‘plab rasmlar Mirvosil akaga otasining uslubini eslatadi. Bu yil 18-martda Vohid Odilovning 100 yoshligi nishonlanadi. Behzod esa xuddi shu kuni ilk muchal to‘yini bayram qiladi. Behzod uch yoshidan ranglarni ajrata olgan. Dodasi qora qalamda chizib bergan kapalak, gullarga o‘ziga mos rang topib bo‘yagan. U yetti yoshidan boshlab “Barkamol avlod” Respublika O‘lkashunoslik va ekologiya markazidagi “Yosh musavvir” to‘garagida Tohir Shoymurodov, Nodira Nosirovadan rasm chizish sirlarini o‘rgandi. Bugun u musiqa va san’at maktabining tasviriy san’at to‘garagi rahbari Tatyana Ignatyevaning suyukli shogirdi. Natyurmort, vitraj san’atiga ancha qo‘li kelib qoldi. Yosh rassom tabiatni, jonivorlarni tasvirlashni yaxshi ko‘radi. Uyda ham molbert uni kutib turadi. Manzara yoki biror hayvon (ayniqsa ot rasmini chizishni yaxshi ko‘radi) rasmini bitirmaguncha uyqusi kelmaydi. Bu tinimsiz mehnatlar uni tengdoshlari orasida anchagina mashhur qilib qo‘ydi. U “Vatan Muhammad Yusuf nigohida” nomli rasmlar tanlovida, 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan o‘tkazilgan “Har bir bolaga mehr, e’tibor” bellashuvida, “Assalom, Navro‘zi olam” festivalida, “Men terrorizm xavfini qanday tushunaman?” respublika ko‘rik-tanlovlarida g‘olib bo‘lgan. Bugun uni chet ellarda ham tanishadi. Rossiya Federatsiyasi fan va ta’lim vazirligi o‘tkazgan “Ekologiyaga oid plakatlar” konkursida Behzod Mirvosilov birinchi darajali diplom bilan taqdirlandi.

Oqshom. Behzod nihoyat, “Yunusobodda tun” degan manzarasini chizib tugatdi. Tong otsa, uni eng talabchan tomoshabinlari – Mirvosil dodasi hamda Sherzod ukasiga ko‘rsatadi. Agar ma’qul kelsa, “Kamalak yulduzlari” tanlovida shu rasmini namoyish qiladi. U chizgan manzarasiga uzoq qarab turdi. Keyin o‘ziga yoqdi shekilli, jilmayib qo‘ydi.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.