Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Maktab sahnasi repertuari – u qanday bo‘lishi kerak?

Bilamizki, har qanday bayram yoki biror sanaga bag‘ishlangan tadbir badiiy qismsiz o‘tmaydi. Ana shunday musiqiy chiqishlarni tomosha qilib, qalbingiz zavqqa to‘ladi. O‘quvchilarda, ommaning aksariyat qismida musiqa madaniyati va tarbiyasi haqida yangicha qarash va tasavvur paydo bo‘lmoqda. O‘sib kelayotgan siz kabi navqiron yoshlarni sadoqat, jasorat, insoniylik, vatanparvarlik ruhidagi ezgu g‘oyalarga undovchi tadbirning badiiy qismida FM to‘lqinlarida tez-tez yangrab turgan, so‘zlari ohangiga mutloq zid bo‘lgan, mazmunsiz, sayoz qo‘shiqlar jaranglasa. Bu ham kamdek jajji qizaloqlar yoshiga mos bo‘lmagan harakatlar bilan raqsga tushsa! Shunday hollarda musiqa ekan deb, har qanday “qo‘shiq”ni maktab sahnasiga olib chiqish to‘g‘rimi? Nahotki, shu tadbir mazmunini to‘ldiruvchi bolalar kuy-qo‘shiqlari, raqslari bo‘lmasa?! Axir faoliyatini bolalar qo‘shiqlarini yaratishga bag‘ishlagan Nadim Norxo‘jayev, Avaz Mansurov, Xurshida Hasanova, Oydin Abdullayevalarning bolalarbop o‘ynoqi qo‘shiqlari bor-ku! Yoki maktab musiqa o‘qituvchilari bundan bexabarmikan? Biz mutaxassisning bu boradagi fikrini bilish uchun “Bulbulcha” bolalar ashula va raqs ansamblining badiiy rahbari, O‘zbekiston xalq artisti, bolajon bastakor Shermat Yormatovga murojaat qildik.

– O‘zbek musiqasining negizi uzoq o‘tmishga borib taqaladi, – deydi Shermat aka biz bilan suhbatda. – Ibn Sino, Farobiy, Bobur kabi ulug‘ bobolarimiz o‘z ijodida musiqaga katta e’tibor berganlar. Mustaqillik yillarida ayniqsa, musiqa san’ati takomillashib, ijrochilik mahorati o‘sib bormoqda. Bolalar musiqasi ham bugungi kun talabiga to‘la javob bera oladigan darajada, deb o‘ylayman. Mana, oddiy misol, mamlakatimizda 300dan ortiq Bolalar musiqa va san’at maktablari ochildi. Ularning zamonaviy ko‘rinishga kelishi, yangi jihoz va musiqa asboblari bilan ta’minlanishi-chi! Bu yerda ta’lim olayotgan bolalar nafaqat milliy cholg‘ularni o‘rganishadi, musiqani anglaydi, shu bilan birga ularda ma’naviy tetiklik, ma’naviy did, ma’naviy hushyorlik darajasi ham o‘sib boradi. Bularning barchasi yurtimizda bolalar musiqa san’atiga berilayotgan yuksak e’tibor natijasidir.

Afsuski, bu ko‘rsatkichlar faqatgina musiqa va san’at maktablarida xolos. Aksariyat umumta’lim maktablarida esa musiqa fani, musiqa darslari nochor ahvolda. Xususan, audiodisklari, pianino, kuylovchi doska yo zamonaviy kompyuter texnikalari bilan jihozlangan, qulay sharoitlarga ega maxsus sinfxonalari juda kam. Musiqa o‘qituvchisi o‘z fanini o‘quvchilar qalbiga olib kirmog‘i kerak. Bunday olib qaraganda, o‘sib kelayotgan avlodni, ommani musiqa san’atiga, uning sehrli olamiga oshno qiladigan ham shu o‘qituvchi hisoblanadi. Qolaversa, musiqa fani darsliklarida ham bolalarcha soddalik aks etib turishi zarur. Afsuski, ba’zan ma’naviy ishlar bo‘yicha rahbar, musiqa muallimlari ham bolalardagi musiqiy tarbiyaga, adabiy kechalar repertuariga unchalik e’tibor bermaydi. Ehtimol, shuning uchun maktab sahnalarida estrada xonandalarining “xit” bo‘lgan disklardagi qo‘shiqlaridan foydalaniladi. Zero, qiynalib raqs sahnalashtirishga ham hojat yo‘q. Aslida o‘quvchi ma’naviyatini, didini o‘stirishda musiqa juda o‘rinli va qulay manbadir.

Achinarli jihati shundaki, keyingi paytlarda Yevropa musiqasining kirib kelishi o‘zimizning milliy musiqaga, ayniqsa, bolalar musiqasiga salbiy ta’sir qilmoqda. O‘quvchi qizlar hozirgi zamon estrada yulduzlarining telba-teskari, bachkana qo‘shiqlari ohangiga raqs tushmoqda. Eng yomoni ota-onalar, ustozlar qarsak chalib ularni olqishlayapti. Bu kabi holatlar borgan sari udumga aylanib borayotganday, go‘yo. Bunday didsizlik bilan bolalarni sahnaga chiqarsak, san’atimiz ertasi nima bo‘ladi?..

Nazarimda, bu masalani alohida ko‘rib chiqish kerak. Bolalar uchun yangi qo‘shiqlar yaratilyapti, avval ham yaratilgan. Sulaymon Yudakov, Doni Zokirov, Rauf Qodirov, Fattoh Nazarov singari ustozlar bu yo‘lda samarali ijod qilganlar. O‘quvchilarga ana shunday asarlarni yod oldirib kuylatishimiz kerak. Musiqa o‘qituvchilari ularni mukammal bilishi zarur. Bu yo‘lda faqatgina maktab rahbariyati emas, balki ota-onalar, jamoatchilik bilan harakat qilishimiz zarur...

Musiqa sehri, jozibasi ilohiydir. Inson bunga bolalikdan oshno bo‘ladi. Hayotiy misol bo‘lgan ona allasini olaylik. Bu ohang barchamizning vujudimizga singib ketgan. Maktab darsliklarida ham bu haqida yaxshi misollar keltirilgan. Masalan, 7-sinf musiqa darsligida buyuk allomamiz Abu Ali ibn Sinoning shunday fikrlarini o‘qiymiz: “Bolaning mijozini kuchaytirmoq uchun unga ikki narsani qo‘llamoq foydalidir. Biri – bolani asta-sekin tebratish, ikkinchisi esa uni uxlatish. Uxlatish uchun aytish odat bo‘lib qolgan musiqa bu – allalashdir. Ikkinchi jihatni qabul qilish miqdoriga qarab bolaning tanasi bilan badan tarbiyaga va ruhi bilan musiqaga bo‘lgan iste’dodi hosil qilinadi.” Shunday ekan, yoshimizga mos va eslab qolish qobiliyatimizga monand musiqani tinglab yod olaylik. Buni amalda ham qo‘llaylik.

Siz nima deysiz, aziz jurnalxonlar?!

 

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.