Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bolalar koʻnglini topib aytilgan soʻz

“Quyun” qissasi ustoz gapiga kirmay shoʻxlik qilgan bolakayning quyun girdobida oʻzga sayyoraga kelib qolishi haqidagi qiziqarli syujet bilan boshlanadi. Oʻquvchi “oʻzga sayyorada bolakayni nimalar kutmoqda, u yoqda hayot qanday ekan?” kabi savollarga javob izlab qissani oʻqiy boshlaydi.

Sarguzasht – shunchaki koʻngil ochar oʻyin yoki tomosha emas, bu qissa qahramoni Akbarning xulosasi.

Akbar bu yerda turli sabablar tufayli kelib qolgan tengdoshlarini uchratadi. Ularning kundalik turmush tarzi, hayot kechirishlari bilan tanishadi. Aslida ular nomaʼlum oʻlkaga tasodifan emas, nojoʻya xatti-harakatlari-yu, qilmishlari uchun badargʻa qilingan daydi bolalardir. Ular osuda va sokin sayyoraning tinchini buzadi, hayvonlarga qiron keltirib, yashil olamni toptaydi, dov-daraxtlarni sindiradi. Ularni toʻgʻri yoʻlga boshlamoqchi boʻlgan Akbarning esa bunga kuchi yetmaydi. Daydi bolalar ulgʻaygan sari qiliqlari ham kattarib bormaydimi? Muazzam oʻlkaning kelajagi, ertasi nima boʻladi? Vaqtida insofga chaqirilmasa, ularning beboshligi oʻzga olamlarga ham chang solmaydimi? Asar bugunning dolzarb mavzusi – ona sayyoramizni koʻz qorachigʻiday asrashga oʻquvchi qalbida daxldorlik tuygʻusini uygʻotishdek ezgu maqsad bilan yoʻgʻrilgan. Qissaning tarbiyaviy ahamiyati ham shunda. Oʻqishga chanqoq yosh kitobxon ana shunday asarlarni intizorlik bilan kutayotganligi aniq. “Quyun”ni bolalar koʻnglini topib yozilgan asar, degim keladi.

 

Xudoyberdi TOʻXTABOYEV,

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.