Boshni toshlardan asrab
“Ommaviy madaniyat” nima, bilasizmi? Eshitgansiz-u, ammo tushunchaga ega bo‘lmasangiz kerak. U sovuq havo oqimi singari sarhad bilmay eshiklarimizdan, derazalarimizdan, chegaralarimizdan kirib kelmoqda. Ehtimol, bu mavzu kattalar olamiga tegishli, bizga aloqasi yo‘q, deb o‘ylarsiz. Afsuski, bu “epidemiya” boshqalardan ko‘ra tezroq yoshlar qatlamiga ta’sir o‘tkazmoqda.
Keling, bugun “ommaviy madaniyat” va uning sizga aloqador nuqtalari haqida gaplashib olamiz.
Tarixdan ma’lumki, biror mamlakatni bosib olish, bo‘ysundirish uchun qurollardan, o‘q-yoylardan foydalanilgan bo‘lsa, hozirda ongni boshqarish texnologiyalarining o‘zi kifoya. Har kim o‘z ixtiyori bilan tafakkurini, vaqti va pulini shu yo‘lda sarflashdan qizg‘anmaydi.
Misol uchun, telefon apparatidan bir zamonlar oddiy aloqa vositasi sifatida foydalanilgan. Hozirda u kattalar qatorida bolalarni ham shunchalik tobe qilib olganki, telefonini unutib uyida qoldirgan bola hamyonini yo‘qotib qo‘ygandan ko‘proq xunob bo‘ladi. Nimaga?! Chunki biz telefon orqali ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizga kiramiz. Facebook, Twitter, Instagramm... Ular orasida eng ommalashib ketgani va yoshlarni xususan, maktab, kollej yoshidagi o‘quvchilarni jalb qilayotgani bu – Odnoklassniki (OK. RU) ijtimoiy tarmog‘idir.
Yaqinda bir o‘qituvchi bilan shu mavzuda gaplashib qoldim. 8-sinfda o‘qiydigan qiz aynan shu tarmoq orqali do‘st orttiribdi va uni uyiga mehmonga chaqiribdi. “Notanish mehmon” payt poylab, qizning uyidagi qimmatbaho buyumlarni o‘g‘irlabdi-yu, g‘oyib bo‘libdi. Hozirda bizning “ajralmas do‘stimiz”ga aylanib qolgan telefonlarni bir tekshiruvdan o‘tkazmoqchi bo‘lishsa, ko‘pchilik yoshlar talvasaga tushib qolishadi. Sababi, uning ichida internetdan yig‘ilgan “nozik axborotlar” – suratlar, xabarlar, videolavhalar jamlangan. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarga o‘z selfilarini joylashga ishqibozlar safi kun sayin kengaymoqda. Maktabda, bekatda, avtobusda, umumiy ovqatlanish joylarida... Qayerga qaramang, barmoqlari yordamida ikki raqamini, “zo‘r” ma’nosini anglatuvchi belgilar bilan selfiga tushayotgan yigit-qizlarni ko‘ramiz.
Kundalik to‘la “ikki”lar, uy vazifalari bajarilmagan... Lekin selfida hammasi “zo‘r”!
“G‘aroyib selfi” olish ishqibozligi orqasidan tan jarohati olayotganlar ham yo‘q emas. Ayniqsa, qizlarimiz uchun bu xunuk holat.
“Ommaviy madaniyat” yaratgan yangiliklardan yana biri – body-art, ya’ni tanaga rasm chizish odati olis Yevropadan bizning hududlarimizgacha yetib keldi. Qadim zamonlarda boshqalardan ajralib turish uchun mahbuslarning tanasiga rasm solingan. Bunday jazo turining payti kelib san’at darajasiga ko‘tarilishini kim o‘ylabdi, deysiz. “Yo‘g‘-e, biz tanamizga rasm solmaymiz-ku. Tatuirovkalar bizdan ancha uzoqda”, deb o‘ylarsiz. Afsuski, bu illatga ham menda misollar bor. Masalan, bolalar do‘kondan saqich sotib olishadi-da “nakleyka”larini qo‘llariga yopishtirishadi. Ana sizga shirinliklarimiz ichiga o‘ralib olgan “body-art”ning mitti ko‘rinishi.
Poytaxtimizning so‘lim xiyobonlaridan birida “Kitob bayrami” kunlari o‘tkazildi. Bir burchakka qarasam, ikkita qiz bolakaylarning yuzlariga rasm solish – body-art bilan ovora. Birining yuziga multfilm qahramoni Betmanning, yana biriga O‘rgimchak odamning tasviri tushirilgan. Bittasi Pakemon, bittasi Spenchboll... Bolalar shu qiyofada Navoiy hazratlari va Bobur Mirzoning g‘azallaridan bandlar o‘qib berishdi...
Ularning hech biri, “Nega yuzimga allaqanday jonivorning rasmini chizdirishim kerak, axir ma’naviyat sarchashmasi – kitob bayramiga kelganman-ku!” deb o‘ylamadi, aksincha, rasm solayotgan qizlarning atrofida navbat talashishdi.
Kitob rastalarini tomosha qilib yurib, “O‘zing bo‘ya!” nomli rasmli kitobchalardan olmoqchi bo‘laman. Varaqlab ko‘rsam, “Oppog‘oy va yettita mittivoy”, boshqasini ochsam “Sindrella”, yana biri “Zolushka”, navbatdagisi “Doktor Plyusheva” yoki “Transferlar”. Nima, bizning milliy ertak qahramonlarimiz yo‘qmi? Nega biz Zumradni emas Zolushkani yoki Sindrellani bo‘yashimiz, o‘rganishimiz kerak?!
Har birimizning uyimizda Barbi qo‘g‘irchoqlari bo‘lsa kerak. E’tibor qilganmisiz, unga singlingiz havas bilan termulib, qo‘g‘irchoqning pushti, yoki yashil sochlarini silaydi, yelkalari ochiq ko‘ylagidan andozalar chizadi.
“Ommaviy madaniyat”ning xavfli tomoni shundaki, uning vazifasi yoshlarni ma’naviy ildizlaridan mahrum qilish, sog‘lom aqlni “o‘chirish”, haqiqiy san’atning, adabiyotning obro‘sini tushirib, oddiy narsalarni san’at darajasiga ko‘tarishdan iborat. Sog‘lom aql “o‘chirilgach”, yengil, sayoz musiqani tinglash, g‘arbcha ochiq-sochiq liboslarga ruju qo‘yish, uyat, andisha, mas’uliyat, hurmat, degan tushunchalarni chetga surish ancha oson kechadi.
Garchi nomlanishi “madaniyat” deb atalsa-da, asli tub mazmun-maqsadiga ko‘ra “ommaviy madaniyat” madaniyatning kushandasidir.
Siz tinglayotgan qo‘shiqlaringiz ijrochilarini san’atkorlar, deb o‘ylaysiz. Mumtoz musiqa tinglayotgan do‘stingizning ustidan kulasiz. Nazaringizda u – qoloq. Siz esa zamonaviy qo‘shiq eshityapsiz. Ma’no-mantiqsiz, ko‘cha gaplaridan tuzilgan matnni kuyga solib ijro qilingan bu “musiqa” aslida “pop-muzika”, deb ataladi. U milliy, mumtoz qo‘shiqlar ustidan “tepkilab o‘tib”, axloqiy tushunchalarimiz va didimizni o‘tmaslashtirish uchun mobil telefonimiz va kompyuterimizga joylashib olib, har kuni ongimizga hujum qiladi.
O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti ta’kidlaganidek, “Jahon axborot maydoni tobora kengayib borayotgan shunday bir sharoitda bolalarimizning ongini faqat o‘rab-chirmab, uni o‘qima, buni ko‘rma, deb bir tomonlama tarbiya berish, ularning atrofini temir devor bilan o‘rab olish, hech shubhasiz, zamonning talabiga ham, bizning maqsad-muddaolarimizga ham to‘g‘ri kelmaydi”.
Istagimiz sizni yomon illatlardan himoya qilish, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish.
Har bitta kashfiyotning yaxshi va yomon tomonlari bor. Biz sizni telefondan, virtual o‘yinlardan, kompyuterdan cheklab qo‘yish niyatimiz yo‘q. Chunki virtual olamda ham aqliy faoliyatni rivojlantiruvchi o‘yinlar bor. Ukangiz, Toshkentdagi 60-maktabning 1-sinf o‘quvchisi Sardor Sodiqov Codecraft kursida Scratch tilida dasturlagan o‘z loyihasining taqdimotini o‘tkazdi. Internet tarmog‘ida Web sahifalarini ochib, yangi dasturlar tuzayotgan tengdoshlaringiz ham oz emas. Ular bilan faxrlansak arziydi.
Aql, tafakkur vayronkor g‘oyalarga emas, bunyodkor g‘oyalarga xizmat qilsa, insoniyatning abadiy orzulari ushalgan bo‘lardi.
Umida SADATOVA